Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Ish o‘rinlari yaratganlarga soliqlar yengillashtiriladi

Aholi bandligini taʼminlash hamda malakali mutaxassislar tayyorlash samaradorligini oshirish maqsadida tadbirkorlarga keng imkoniyat va moliyaviy rag‘bat berilayotgani mazkur yo‘nalishda ish olib borayotganlarga katta ko‘mak bo‘lmoqda.

“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida tadbirkorlarga berilgan yengillik va moliyaviy rag‘bat ham shu maqsadga qaratilgan. Viloyatda shu kunga qadar ushbu dastur doirasida yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan 134 ta tadbirkorlik subyektiga sertifikatlar berilgan. Ushbu tadbirkorlarning 113 tasi 51 tadan 100 tagacha, 15 tasi 101 tadan 200 tagacha hamda 3 tasi 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan. Buning natijasida ushbu korxonalarda jami 9 ming nafarga yaqin ishsiz fuqaroning doimiy ish bilan bandligi taʼminlanadi.

Xususan, viloyatning Guliston tumani Ishonch mahallasida faoliyat olib borayotgan "Mili Guliston textile" masʼuliyati cheklangan jamiyati ushbu dasturga muvofiq, to‘qimachilik korxonasini kengaytirish hisobiga 101 ta yangi ish o‘rni yaratish orqali soliq yengilliklaridan foydalanish niyatida. Shuningdek, Boyovut tumanining Madaniyat mahallasida joylashgan “Boyovut Cotton Textile” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham mazkur dastur asosida ip-kalava mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish orqali hududdagi qariyb 200 nafarga yaqin ishsiz aholi bandligini taʼminlashni reja qilgan.

Dasturda ishtirok etayotganligini tasdiqlovchi sertifikat berilgan tadbirkorlik subyektlariga 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rin yaratganda – mol-mulk va yer solig‘i 50 foizga kamaytiriladi, 101 tadan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratganda – mol-mulk va yer solig‘i 75 foizga kamaytiriladi, 200 tadan ziyod yangi ish o‘rni yaratilganda esa tadbirkorlik subyekti mol-mulk va yer solig‘idan to‘liq ozod etiladi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish