Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +27.1C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar, aziz o‘quvchilar, hurmatli ota-onalar!

Mana, yana bir o‘quv yili ortda qolib, bugun viloyatimizdagi 314 ta umumtaʼlim muassasalarida “Ilmni qadrlang, ilmga intiling” shiori ostida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangradi. 8 734 nafar o‘quvchilarimiz 11-sinfni, 14 116 nafar o‘quvchilarimiz 9-sinfni bitirib, ularning hayotida yangi sahifa ochilib, katta hayotga uchirma bo‘lishadi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan 2023-yilni “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qilinishi bejiz emas.  Chunki najot taʼlimda, najot tarbiyada, najot bilimda. Ilm-maʼrifat taraqqiyot ko‘zi bo‘lsa, tarbiya uning miyasi, taʼlim esa yuragidir. 

Yurtboshimiz ushbu sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda eng avvalo jamiyatda o‘qituvchilarning nufuzi va maqomini oshirish, ularning professional faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun shart-sharoit yaratish, ularning oylik ish haqlarini oshirish masalalariga katta eʼtibor qaratmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada o‘qituvchining maqomi masalasiga alohida norma kiritilib kafolatlandi va o‘qituvchilarning o‘z ustida ishlab, o‘quvchilarga yangi, zamonaviy bilimlarni berishga, kelajakda yetuk kadrlarni shakllanishiga poydevor yaratdi. Ayniqsa, “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan g‘oyaning ilgari surilishi taʼlim sifatini nafaqat poytaxt shaharlarda balki chekka hududlarda ham oshishiga turtki bo‘ldi.

Qadrli o‘qituvchi va murabbiylar!

O‘tgan o‘quv yili davomida qiyin va masʼuliyatli ishni amalga oshirdingiz - farzandlarimizga bilim berdingiz hamda ularni tarbiyaladingiz. Ayni damda o‘quvchilarimizning oldida yakuniy imtihonlar va oliy o‘quv yurtiga kirish imtihonlari turibdi, hech shubhasiz, ularning yutuqlarida sizlarning ham katta hissangiz bor.

Joriy o‘quv yilida viloyatda taʼlim tizimida ham qator ishlar amalga oshirildi. Taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar sifat tarkibi, yaʼni oliy va birinchi toifali, xalqaro va milliy sertifikatga ega bo‘lgan pedagog soni sezilarli darajada oshdi. Bu o‘z navbatida o‘quvchilarga sifatli taʼlim berilishiga va o‘qituvchilarimizda masʼuliyat yuklatilishiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, o‘quvchilarga taʼlim-tarbiya berishda ularga munosib shart-sharoit yaratish maqsadida taʼlim muassasalarining infratuzilmasi hamda moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. Bir qancha umumtaʼlim maktablari zamonaviy kompyuter sinflari, interaktiv doskalar, musiqa va sport jihozlari bilan taʼminlandi. O‘qituvchi va o‘quvchilarimiz respublika va xalqaro olimpiada va tanlovlarda munosib ishtirok etishdi.

Maktab o‘quvchilarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadida sport, madaniyat va sanʼat to‘garaklari ham o‘quv yili davomida faoliyat olib bordi.

Yurtboshimiz tomonidan boshlab berilgan taʼlimni rivojlantirishga oid islohotlarni amalga oshirishda bizni oldimizda ulkan masʼuliyat turibdi. Ushbu belgilangan vazifalarni ijrosini taʼminlashda barcha bilim, kuch va g‘ayratimizni ayamaymiz.

Aziz bitiruvchilar!

Bugun sizlarning hayotingizda eng quvonchli kun. 11 yil mobaynida bir partada yonma-yon o‘tirgan, bir oila aʼzolaridek bo‘lib qolgan sinfdoshlarning har biri ertadan boshlab o‘zining shaxsiy hayotini qurishga kirishadi. Kimdir tahsilni oliy o‘quv yurtida davom ettirsa, yana kimdir halol mehnati bilan oilasiga qanot bo‘ladi. Qayerda bo‘lmang, maktab partasida olgan bilimlaringiz sizga qo‘l kelishiga, kelgusida ularni yana-da mustahkamlab borishingizga umid qilaman.

Aziz yoshlar, siz Yangi O‘zbekiston bunyodkori, Uchinchi renessans davrining qahramonlari, kelajakning yorqin egalari, tinchligimizning sadoqatli soqchilari, yurtimizning ertangi kuni boshqaruvchilarisiz!

Jamiyatning suyanchi va tayanchi, shu ulug‘ vatan vorislarisiz. O‘ylaymankiotaday mehribon, onaday moʻtabar shu aziz Vatanga munosib farzand bo‘lasiz, albatta!

Barchangizga sihat-salomatlik, o‘qish va ishlaringizda kattadan-katta muvaffaqiyatlar yor bo‘lishini tilayman!

Maktab dargohidagi so‘nggi, mustaqil hayot yo‘lingizdagi ilk qo‘ng‘irog‘ingiz muborak bo‘lsin! Bilim olishda hamisha davom eting!

Barcha-barchangizni bugungi, unutilmas tadbir bilan yana bir bor samimiy tabriklayman!

Akmaljon Maxmudaliyev,
viloyat hokimi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish