Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryo baxshilarning eng yaxshilarini kutib olishga hozirlik ko‘rmoqda
Guliston shahrida joriy yilning 6-8 may kunlari xalqaro baxshichilik sanʼati festivali o‘tkaziladi. Festivalning avvalgisi Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan edi.

Baxshi – terma, qo‘shiq va dostonlarni saqlovchi, yoddan kuylovchi, aytuvchi, avloddan-avlodga yetkazuvchi sanʼatkor, xalq dostonchisidir. Uning shirali ovozi, do‘mbirasidan taralayotgan kuy inson qalbini hayajonga soladi. baxshichilik sanʼati O‘zbekiston Respublikasi tomonidan reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan nomoddiy madaniy merosning oltinchi elementi bo‘ldi. Bunga qadar ushbu ro‘yxatdan “Boysun tumani madaniy makoni”, “Katta ashula”, “Askiya”, “Palov madaniyati va anʼanalari” va “Lazgi” o‘rin olgan edi. Bundan tashqari, O‘zbekiston boshqa davlatlar bilan hammualliflikda “Shoshmaqom”, “Navro‘z” va “Miniatyura sanʼati” nominatsiyalarini ilgari surishda ishtirok etdi.

Baxshi jonli xalq tilining turli shakllaridan, so‘z o‘yinlari va qochirmalar, xalq maqollari va iboralardan unumli foydalanadi. Masalan, Po‘lkan shoir yetmishdan ortiq dostonni yoddan bilgan. Har bir doston ikki-uch ming satr, o‘n-o‘n besh, hatto yigirma ming misragacha sheʼrni, qariyb shuncha nazm qismni ham o‘z ichiga olishini hisobga olsak, xalq baxshilarining salohiyati, hayratomuz yodlash va esda saqlash qobiliyati, ijod qilish qudrati o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi. O‘zbekiston xalq baxshilari Bola baxshi Abdullayev, Shoberdi BoltayevAbdunazar PoyonovBoborayim Mamatmurodov, Qora baxshi UmirovShomurod Tog‘ayev va boshqalar betakror ijrolari bilan baxshichilik sanʼati rivojiga munosib hissa qo‘shdi. Yurtimizning Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida baxshichilik sanʼati keng rivojlangan. Hozirgi kunda Bulung‘ur, Qo‘rg‘on, Shahrisabz, Qamay, Chiroqchi, Dehqonobod, Sherobod, Boysun, Xorazm hamda Qoraqalpoq dostonchilik maktablari mavjud. Ular bir-biridan ijro usullari va repertuarlari bilan farq qiladi.  

Sirdaryoda ham o‘ziga xos baxshichilik maktabi bor. Buni Guliston tumanidagi Gulmurodovlar sulolasi misolida aytish mumkin. Saidmurod Gulmurodov ko‘p yillardan buyon shu yo‘nalishda ijod qilib keladi. Endilikda esa uning o‘g‘li Dilmurod Gulmurodov ota izidan borib, Sirdaryoda baxshichilikni rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda. Dilmurod bolaligidan otasi bilan viloyat va respublika miqyosidagi turli tadbirlarda, nufuzli tanlovlarda ishtirok etdi, katta sahnalarga o‘z sanʼatini namoyish etdi. Bundan bir necha yil avval u Surxondaryodagi “Boysun bahori” va boshqa nufuzli sanʼat festivallarida qatnashib “Eng yosh baxshi” nominatsiyalariga sazovor bo‘lgan. Ayni paytda uning ham o‘z shogirdlari bor. Keyingi paytda musiqa va sanʼat maktablarida ham ushbu yo‘nalishda bolalarga saboq berilmoqda. Demak, baxshchilik maktabi davom etyapti.  

Ayni kunlarda xalqaro miqyosdagi festivalga tayyorgarlik ishlari qizg‘in. Kutilayotgan ishtirokchilar, mehmonlar birin-ketin yetib kelmoqda. Mazkur sanʼat bayramida baxshilardan tashqari 37 ta havaskorlik jamoalari ham qatnashishi rejalashtirilgan.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish