Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
"Ayoli eʼzozlangan yurt" mavzusida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi 
Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Sirdaryo viloyatida bo‘lib, dastlab Mirzaobod tumani “Oqoltin” mahallasidagi “Bek” klasteri gidroponika issiqxonasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar bilan uchrashdi. Ayni kunda bu yerda 230 nafar xotin-qizlar ish bilan taʼminlangan. Bosh vazir o‘rinbosari ishchi-xodimlar uchun yaratilgan mehnat sharoitlari va qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.

Tumanning “Toshkent” mahallasida “Milliy hunarmandchilik - xonadonim obodligining kafolati” mavzusida mahorat saboqlari o‘tkazilayotgan sumalak saylida ishtirok etib, mahalliy aholi vakillarini Navro‘z va Ramazon oyi bilan qutladi.

So‘ng Mirzo Ulug‘bek nomidagi mahallada 278 million so‘mlik grant loyihasi asosida 40 nafardan ortiq xotin-qizlarni ish bilan taʼminlagan Shodiyona Raimovaning tikuvchilik korxonasida ishchi-xodimalar hamda mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari bilan bo‘lib ochiq muloqot o‘tkazildi.

Ayni paytda viloyatning 11 ta tuman-shaharlarida 13 ta kasanachilik markazlari tashkil etilgan bo‘lib, Z.Mahkamova Yangiyer shahri Abdurahmon Jomiy nomidagi mahallada tashkil qilingan "Kasanachilik markazi" faoliyati bilan tanishdi. Kasanachilik va tadbirkorlik bo‘yicha ish olib borayotgan E.Mamajanova, G.Jonjigitova kabi faol ayollarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, faoliyatni yana-da rivojlantirish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berdi.

Xovos tumanida joylashgan “Textile fashion” korxonasida va “Oqchangal” mahallasida tashkil etilgan Sumalak saylida ham bo‘lib, ishchi-xodimlar, qishloq ayollari, hoji onalar, otinoyilar, tadbirkor va hunarmand xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

Kunning ikkinchi qismida Guliston shahrida "Ayoli eʼzozlangan yurt" mavzusida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Targ‘ibot tadbiri qatnashchilari Yangilanayotgan Konstitutsiya baxtli kelajagimiz, farovon hayotimizning muhim hujjati bo‘la olishini, bosh Qomusimizga kiritilayotgan barcha o‘zgarishlarning negizida O‘zbekistonda kechayotgan islohotlar mohiyatini belgilovchi “Inson qadri uchun” ulug‘vor g‘oyasi yotganligi, shuningdek, xotin-qizlarning haq-huquqlarini qonun asosida himoya qilishga qaratilganligini taʼkidlab o‘tdilar.

Tadbir yakunida viloyatimizning bir guruh faol xotin-qizlariga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish