Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Xalq ishonchi – katta baxt
Sirdaryo viloyati Sardoba tumani Qo‘rg‘ontepa mahallasida yashovchi aholi mahalla raisi Shuhrat Jalilov faoliyatidan mamnun.

U 1970 yil 23 mart sanasida Sardoba tumanidagi G‘afur G‘ulom xo‘jaligida tavallud topgan. Qishlog‘idagi 16- o‘rta maktabda tugatib mehnat faoliyatini xo‘jalikda oddiy slesarlikdan boshlagan. Shu orada Guliston Davlat universitetini 1996 yilda sirtdan tamomlagan. So‘ngra xo‘jalikda transport bo‘limi boshlig‘i, bosh muhandis, xo‘jalik rahbari lavozimlarida ishlagan. Hukumatimizning tegishli qaroriga ko‘ra mahalla tizimida yangicha ish uslubi shakllangach, mahallaga o‘z hududini, aholisini, uning muammolarini yaxshi biladigan fidoyi, shijoatli, halol rais tayinlanishi lozimligini vaziyatning o‘zi taqozo etdi.

Hukumatimiz mahalla raisini tayinlov asosida emas, hududlarda saylov asosida saylab olishlarini xalqimizning erki-irodasiga qo‘yib berdi. Qo‘rg‘ontepa mahallasi aholisi 2016 yilda Sh.Jalilovni bir ovozdan o‘z mahallasiga rais etib sayladi. Eʼtiborli jihati Sh.Jalilovning hamqishloqlari, uni hozirgi kunga qadar 3 marotaba o‘z mahallasiga rais etib sayladilar. Bunday ishonchdan ruhlangan mahalla oqsoqoli butun kuch-g‘ayratini, salohiyatini ishga solib mehnat qildi. Mahalladagi 512 ta xonadondagi 897 ta oilalarda istiqomat qilayotgan 2677 nafar hamqishloqlarining quvonch-tashvishlari, yaxshi-yomon kunlarida yonma-yon turib, ularning mehrini,ishonchini qozondi.

Mahallasida namunali oila boshlig‘i sifatida ham o‘rnak bo‘lib umr yo‘ldoshi Inobat opa bilan 3 o‘g‘il, bir qizni tarbiyalab elga qo‘shdi. Farzandlarining barchasi uyli-joyli, oliy maʼlumotli mutaxassislar sifatida o‘z sohasida mehnat qilmoqda. Yana bir gap, Qo‘rg‘ontepa mahallasi hammamiz bilgan o‘sha “mashhur” Sardoba suv omboriga eng yaqin aholi punkti hisoblanadi. 2020 yilning 1 may tongida suv ombori devorining o‘pirilishi natijasidagi suv toshqinida Qo‘rg‘ontepa ham jiddiy talafot ko‘rdi. Juda qisqa qilib aytganda o‘sha tashvishli kunlarda tezkor chora-tadbirlar ko‘rish borasida mahalla raisiga ham oson bo‘lmadi. Yurtboshimiz boshchiligida hukumatimiz tomonidan ulkan bunyodkorlik ishlari olib borildi, barcha talafot ko‘rgan hududlar qatorida Qo‘rg‘ontepa mahallasi ham obod maskanga aylandi. Yangi qurilgan va qaytadan taʼmirlangan xonadonlar, asfalt ko‘chalar, zamonaviy bog‘cha va maktab binolari, qator do‘konlar, tabiiy gaz, ichimlik suv bilan taʼminlangan mahalla ahlining bugungi farovon turmushi nafaqat tumanda balki viloyatda ham havas qilsa arzigulik.

"Mehnat qilgan elda aziz" deb xalqimiz bekorga aytmagan. Shuhrat Jalilovning mahalla raisi sifatidagi zahmatli mehnatlari besamar ketmadi. Prezidentimizning 2023 yil 22 martdagi “Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida” gi farmoniga ko‘ra Sardoba tumanidagi Qo‘rg‘ontepa mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Jalilov Shuhrat Umirzakovich “Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlandi.

– Davlat mukofotini viloyatimiz rahbari Akmaljon Maxmudaliyev ko‘ksimga taqib qo‘ygan paytda barcha chekkan zahmatlarim tumandek tarqab ketdi, – deydi Sh.Jalilov. – Eng asosiysi, xalq ishonchi katta baxt ekanligini qalbimdan his etdim.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish