Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Respublika ishchi guruhining Sardoba tumanidagi faoliyati qanday natija berdi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Kaxraman Sariyev va viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev rahbarligida Sardoba tumanida aniqlangan kamchilik va muammolarni qisqa vaqtda bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Qayd etish kerak, Respublika ishchi guruhining tumanda olib borgan o‘n kunlik faoliyati o‘z nihoyasiga yetdi. O‘rganishlar davomida hududdagi 15 ta mahallada 9 mingdan ziyod xonadon va ijtimoiy soha obyektlari xatlovdan o‘tkazildi.

Unda tuman infratuzilmasini yaxshilash, taʼlim va sog‘liqni saqlash hamda aholi bandligini taʼminlash kabi yo‘nalishlardagi ishlar samaradorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yig‘ilishda taʼkidlanishicha, tumanda aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida 6 ta yangi transformator, 87 ta temir-beton ustunlar o‘rnatildi, 2,9 km elektr tarmog‘i yangidan tortildi, 7 ta transformator, 3,2 km yuqori va o‘rta kuchlanishli elektr tarmog‘i taʼmirlandi.

15 km. ichki yo‘llar taʼmirlandi. Shundan 3,3 km. yo‘lga sement-beton qoplama, 2,3 km.ga asfalt hamda 9,2 km. yo‘lga qum-shag‘al yotqizildi.

O‘rganishlar davomida 243 ta isteʼmolchining gaz jihozlari taʼmirlandi, 40 ta gaz taqsimlash punkti va 4 024 ta aholi xonadonlaridagi gaz jihozlari texnik ko‘rikdan o‘tkazildi.

Aholi bandligini taʼminlash va ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish masalalari ham ishchi guruh aʼzolari eʼtibori markazida bo‘ldi. Hududda yashovchi 161 nafar fuqaroning bandligi taʼminlandi. Undan tashqari, 27 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi, 32 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi va 88 nafari jamoat ishlariga jalb qilindi.

“Ayollar daftari” ro‘yxatidan joy olgan sardobalik 50 nafar xotin-qiz uchun tumandagi “Oqsaroy tekstil” to‘qimachilik korxonasida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi. Tadbir davomida ularga fabrikadagi shart-sharoitlar atroflicha tanishtirildi. 26 nafar xotin-qiz ushbu fabrikada mehnat qilish istagini bildirdi.

Noturar joylarda istiqomat qilib kelgan, oilasida nogironligi bor fuqarolarning 29 nafariga 5 yillik ijara shartnomasi asosida ijtimoiy uy-joylarning kalitlari topshirildi.

“Yoshlar daftari” ro‘yxatidagi 17 nafar talaba yoshlarning 42 mln. so‘mlik shartnoma pullari, 2 nafar yoshning safarbarlik chaqiruv rezervi xizmat badali to‘lovi va 1 nafarini haydovchilik o‘quv kurslari xarajatlari to‘lab berildi.

Tumandagi 3, 10 va 22-sonli umumtaʼlim maktablariga 15 kv. quvvatga ega bo‘lgan jami 240 mln so‘mlik zamonaviy quyosh panellari olib kelindi. Qator taʼlim maskanlariga 1,7 mlrd so‘mlik zamonaviy elektron doskalar, kompyuter jamlanmalari va sensorli monitorlar topshirildi. O‘n bitta maktabga 300 dona badiiy adabiyotlar to‘plami, sport anjomlari yetkazib berildi.

Jami 2 701 nafar fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 174 nafari viloyat va tuman shifoxonalarga yotqizildi, 4 nafari respublikadan jalb etilgan mutaxassislar tomonidan yuqori texnologik operatsiya qilindi, 84 nafariga davolanish uchun imtiyozli order berilib, 202 nafar fuqarolar bepul dori vositalari bilan taʼminlandi.

O‘rganishlar davomida aniqlangan hududdagi 97 nafar kam taʼminlangan oilalarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami va issiq kiyimlar berildi. Mahallalarda ko‘chma savdo do‘konlari tashkil etilib, aholiga arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari va ko‘mir sotilishi tashkil qilindi.

Yig‘ilishda, shuningdek, tuman, viloyat va respublika darajasidagi yana bir qator muammolarni bartaraf etishga qaratilgan manzilli dastur belgilab olindi va masʼullar zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish