Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati -7.4C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayxunobodda yangi mashina-traktor parki va biolaboratoriya faoliyat boshladi
Sayxunobod tumanida sho‘r yuvish bo‘yicha ko‘rgazmali amaliy seminar o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev, sektor rahbarlari, sohaga aloqador korxona va tashkilotlar masʼullari, fermer xo‘jaliklari va klasterlar vakillari ishtirok etdi.

Seminar davomida qatnashchilar peshlavhalardagi taqdimotlar va daladagi amaliy ishlar bilan tanishdilar. Ularga sho‘rlangan maydonlarda amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar, qo‘llaniladigan vositalar haqida maʼlumotlar berildi. Shuningdek, yangi rejalar muhokama qilindi.

Taʼkidlanishicha, endilikda oldingi yillardagidek, oylab sho‘r yuvishga suv berishning imkoni yo‘q. Mavjud suvlardan oqilona foydalanish uchun esa yerlarni sho‘r yuvishga sifatli tayyorlash lozim. Shu bois joriy yilda bu tadbirga alohida tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Xususan, viloyat bo‘yicha 72 ming gektarga yaqin maydonda sho‘r yuvish tadbirlarini o‘tkazish belgilangan. Shundan, 6 680 ming gektari kuchli sho‘rlangan maydon bo‘lsa, 64 553 ming gektari o‘rta va 205 979 ming gektarini kuchsiz sho‘rlangan maydonlar tashkil etadi. Bu borada barcha tumanlardagi ekin maydonlari kesimida sho‘rlanish darajasi va sho‘r yuvish tadbirlarini o‘tkazish jadvallari ishlab chiqilgan.

Seminar doirasida “Poly tex agro” MCHJning mashina-traktor parki va “Sayxun pharm plant” MCHJning zamonaviy biolaboratoriyasi foydalanishga topshirildi.

Mashina-traktor parkida 13 ta g‘alla o‘rish va 24 ta paxta terish kombayni, 6 ta haydov, 32 ta universal va 46 ta chopiq traktori, 4 ta yuk, 20 ta yengil mashina va 12 ta boshqa qishloq xo‘jaligida foydalanidan texnikalar, shuningdek, 6 ta aylanma omoch, 20 ta pnevmatik seyalka, 46 ta kultivator, 50 ta tirkama va 103 tadan ziyod boshqa agregatlar mavjud. Bu yerda 105 ta doimiy va 30 ta mavsumiy ish o‘rni yaratilgan.

Yangi tashkil etilgan biolaboratoriya eng so‘nggi uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, ayni vaqtda 20 nafar xodim faoliyat yuritmoqda.

- Joriy yilda zararkunandalarga qarshi biologik usul bilan kurashish uchun 40 kilogramm trixogramma, 18 million dona brakon va 3 000 dona oltin ko‘z ishlab chiqarishni rejalashtirilganmiz, - deydi biolaboratoriya mudiri Almuhammad Nosirov. - Hududdagi 1 ta klaster va 30 ta fermer xo‘jaligi bilan shartnoma tuzilgan.

Ishtirokchilar mashina-traktor parkidagi mavjud texnikalar, biolaboratoriya faoliyati va bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish