Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sardobada o‘rganish: Topshiriqlar ijrosi qatʼiy tartib asosida amalga oshiriladi
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvi Akmaljon Maxmudaliyev boshchiligidagi viloyat ishchi guruhi Sardoba tumanidagi mahallalarda bo‘lib, aholini qiynab kelayotgan muammolarni bartaraf qilish, ularga munosib turmush sharoitini yaratish, “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida ishlarni tashkil etish bo‘yicha uy-joy, maktab, bog‘cha, tibbiyot muassasalari, ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr, gaz taʼminoti, obodonlashtirish bilan bog‘liq og‘riqli masalalar tanqidiy o‘rganilmoqda.

Mazkur jarayonlarda har bir mahallada aholi va mahalla raislari bilan uchrashilib, 2023 yil davomida qaysi mahallada qanday muammolarni birinchi galda hal etish lozimligiga, qanday ijtimoiy obyektlar qurish orqali aholining og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish mumkinligi bo‘yicha masalalarga aniqlik kiritilmoqda. Shu bilan birgalikda, ushbu masalalarni hal etish uchun zarur bo‘ladigan mablag‘lar qaysi manbalardan ajratilishi bo‘yicha takliflar olinib, chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda.

Xususan, ishchi guruhning bugungi o‘rganishlari tuman markazidagi “Paxtaobod” dehqon bozoridan boshlandi. Viloyat hokimi tomonidan savdo rastalarini tartibga keltirish, hududda tozalikni saqlash bo‘yicha hech qanday amaliy ishlar qilinmaganligi tanqid ostiga olindi va tuman sektor rahbarlariga mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish, shuningdek, aholi uchun bayramoldi arzonlashtirilgan oziq-ovqatlar yarmarkasini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Navbatdagi manzil tuman tibbiyot birlashmasi bo‘ldi. Muassasada yaratilgan shart-sharoitlar ko‘zdan kechirilib, bemorlar holidan xabar olindi. Yoritish chiroqlarini energotejamkor lampalar bilan almashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlar orqali tumandagi “Quyoshjon” nomli 1-son maktabgacha taʼlim tashkilotining issiqlik tizimidagi ayrim muammolar bo‘yicha murojaat qoldirilgan edi. Ishchi guruhning o‘rganishlari davomida haqiqatdan ham bu borada boshlangan ishlar bugunga qadar oxiriga yetkazilmagani maʼlum bo‘ldi. Aniqlanishicha mavjud 3 ta qozonxonadan faqatgina 1 tasi yangilangan xolos. Bu ishlarni tez va sifatli yakunlash yuzasidan muddatlar belgilandi.

Tumandagi eng og‘ir hududlar sirasiga kiruvchi “Birlashgan” va “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘inlariga qarashli hududlarni obodonlashtirish, infratuzilma bilan bog‘liq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish, xususan, ichki yo‘llar, ichimlik suvi, elektr energiyasi, shuningdek, boshqa ijtimoiy soha obyektlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, bu borada faollar va aholi vakillarining ham taklif va tashabbuslari tinglandi.

“Do‘stlik” mahallasida 2020 yili ish boshlagan "Oqsaroy textile group" tikuvchilik fabrikasida ayni vaqtda 300 nafarga yaqin aholi ish bilan band. Korxona rahbarining taʼkidlashicha, hozirda bu yerda yana 400 ta bo‘sh ish o‘rni mavjud. Ishchilarning farzandlari uchun bog‘cha ham tashkil qilingan.

Tuman masʼullariga yaqin hududda joylashgan mahallalarda istiqomat qiluvchi band bo‘lmagan xotin-qizlarni fabrikaga ishga jalb qilish choralarini ko‘rish topshirig‘i berildi.

Maʼlumot o‘rnida qayd etish lozimki, o‘tgan bir hafta davomida tumandagi 8 256 ta (81 foiz) aholi xonadonlari o‘rganib chiqildi. O‘rganish o‘tkazilgan mahallalarda aholiga 36,5 tonna ko‘mir, 1-sektor hududidagi mahallalardagi 220 ta xonadonga qo‘shimcha gaz ballonlari tarqatildi. Tibbiy xizmatga muhtoj 39 nafar fuqaro shifoxonaga yotqizildi, bepul dori-darmon va yo‘llanmalar (order) bilan taʼminlandi.

Barcha masalalar bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida taʼminlash tegishli rahbarlar tomonidan qatʼiy tartib asosida amalga oshirilishi belgilab berildi.

Tumandagi o‘rganishlar davom etmoqda.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish