Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Tadbirkor va eksportyorlar murojaatlariga yechim izlandi
Hech shubhasiz, keyingi yillarda tadbirkorlar mamlakatimiz iqtisodiyoti va har bir jabhada amalga oshirilayotgan islohotlarning tayanchiga hamda lokomotiviga aylanib ulgurdi.

Bu haqda so‘z yuritganda, har yili yaratilayotgan ish o‘rinlarining katta qismi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelishini taʼkidlash lozim. Shu boisdan ham iqtisodiyotni, ijtimoiy sohani yana-da yuksaltirish uchun avvalo tadbirkorlikni rivojlantirish, ularga barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berish zarur.

Bugun viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev tadbirkor va eksportyorlarning mavjud muammolarini o‘rganish, ularni hal etish choralarini ko‘rish hamda takliflarini o‘rganish maqsadida qabul o‘tkazdi.

Unda sektor rahbarlari, mutasaddilar, xususan, mazkur sohaga bevosita aloqador tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirok etishdi.

Qabul avvalida, viloyat hokimi yurtimizda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan keyingi 3-4 yilda tadbirkor uchun kredit va subsidiya olish, litsenziya, ko‘chmas mulk va resurslarga ega bo‘lish, eksport kabi masalalarda ko‘plab yangi imkoniyat va sharoitlar yaratilgani, ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha mavjud cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarning aksariyatiga barham berilganligini qayd etdi.

— Izlanib, yangilikka intilib yashaydigan tadbirkorlarni har qachon qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Bugun ilk bor sizlar bilan yuzma-yuz uchrashib, biznes sohasidagi muammo va masalalar haqida batafsil gaplashib olishga qaror qildik. Va bu boshlanishi. Endi mazkur muloqotni anʼanaga aylantirib, tizimli ravishda, haftada bir kun tadbirkorlarni shaxsan o‘zim qabul qilaman. - dedi Akmaljon Maxmudaliyev. — Viloyatdagi har bir rahbar tadbirkorlardan kelib tushgan murojaatlarni qonunda belgilangan tartibda tezkor hal etishlari zarur va shart. Bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yganlarga nisbatan talab va choralar juda qattiq bo‘ladi.

Muloqot davomida 100 ga yaqin tadbirkorlarning bank krediti, savdo-sotiq, soliq to‘lovlari, elektr energiyasi, gaz taʼminoti, faoliyatini kengaytirish kabi muammo va takliflari o‘rtaga tashlanib, muhokama qilindi.

Ayrimlariga huquqiy tavsiyalar berildi. Muddat talab etiladigan murojaatlarni tegishli tartibda o‘rganish va hal etish bo‘yicha masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish