Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Faoliyatning ilk kuni qanday o‘tdi?
Xalqimizda “biror yerning obodligini ko‘rmoqchi bo‘lsang, bozorini, xalqining maʼnaviyati, diyonati haqida bilmoqchi bo‘lsang, mozorini ko‘r”, degan naql bor. Zero, bozorlar yurt obodligini, to‘kin-sochinligini anglatsa, qabristonlar o‘tib ketgan ota-bobolarimiz, yaqinlarimizga bo‘lgan hurmat va ehtirom mezoni hisoblanadi.

Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyev bugun erta tongdan bir guruh nuroniylar va faollar hamrohligida Boyovut tumanidagi “Bekat” mahallasi hududida joylashgan qabristonni ziyorat qildi. Yurtimiz tinchligi va farovonligi, ravnaqi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar rivojini tilab duolar qilindi. Jonliq so‘yilib, kam taʼminlangan fuqarolarga tarqatildi.

Undan so‘ng sektor rahbarlari va tegishli masʼullar bilan Guliston dehqon bozori va eski bozor hududida bo‘ldi. Sotuvchi va xaridorlarga yaratilgan shart-sharoit, sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya etilishi holatlari ko‘zdan kechirildi.

Akmaljon Maxmudaliyev sotuvchilar va xaridorlar bilan muloqotda bo‘lib, ular uchun qulay shart-sharoit yaratish borasidagi takliflariga eʼtibor qaratdi.

Bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqib, tegishli mutasaddilarga taklif loyihalarini ishlab chiqish bo‘yicha vazifa yuklatildi.

- Birinchi navbatda bozorlar hududida sotuvchi va xaridorlar uchun munosib sharoit yaratishimiz kerak. Negaki, viloyatga kelgan har qanday mehmon, avvalo, bozorga kiradi. Har qancha og‘ir bo‘lmasin bu ishga kirishamiz. Agarda eplolmasak o‘z vazifamizni bajara olmadik, deb hisoblashimiz lozim, - deya taʼkidladi viloyat hokimi masʼullarga qarata.

Eski dehqon bozori atrofidagi aholi turar joylari o‘rganilib, ko‘p qavatli uylarda yashovchilar bilan ham suhbat qilindi. Aholining fikrlari, mavjud muammolari tinglandi.

So‘ngra nisbatan og‘ir hudud sanaladigan “Nurafshon” mahallasida aholining yashash turmushi o‘rganildi. Shu yerning o‘zida mahallaning beshligi — rais, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va profilaktika inspektori bilan uchrashib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Uchrashuvda hududdagi masʼullar oldida turgan asosiy vazifalar haqida so‘z bordi.

Yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish, yoshlar, ayniqsa xotin-qizlar bandligini taʼminlash masalalari asosiy eʼtiborda bo‘ldi va ushbu yo‘nalishlarda tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqib amalga oshirish yuzasidan zarur topshiriq hamda ko‘rsatmalar berildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish