Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Viloyatga hokim vazifasini bajaruvchi tayinlandi
Bugun, 26 noyabr kuni Sirdaryo viloyati hokimligi katta majlislar zalida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzakov, viloyat Kengashi deputatlari, Senat aʼzolari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, sektorlar rahbarlari, tashkilot, korxona mutasaddilari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Sardor Umurzakov Prezidentining G‘ofurjon G‘aniyevich Mirzayevni boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan Sirdaryo viloyati hokimi lavozimidan ozod etish, shuningdek, Maxmudaliyev Akmaljon Azimjonovichni viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlash to‘g‘risidagi Farmonlarini o‘qib eshittirdi.

Akmaljon Maxmudaliyev 1974 yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. Maʼlumoti oliy, 1995 yilda Samarqand kooperativ instituti, 2005 yilda Toshkent kimyo-texnologiya institutini tamomlagan. Bugungi kunga qadar Navoiy viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan.

So‘zga chiqqan faollar viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Akmaljon Maxmudaliyevga omad tilab, hamjihatlik bilan ishlashlarini bildirdilar.

Shuningdek, yig‘ilish davomida hududdagi masʼul rahbarlar oldida turgan asosiy vazifalar haqida ham so‘z bordi.

Navoiy viloyatiga bo‘lgan kechagi tashrifda davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar Sirdaryoga ham tegishli ekanligi taʼkidlandi.

Eng muhimi, kelgusi yilda Sirdaryo “aholisi to‘liq ish bilan taʼminlangan hudud” bo‘lishi yuzasidan barcha sektorlar rahbarlari topshiriq olgani yana bir bor alohida qayd etildi.

Prezidentimizning Navoiy viloyatiga tashrifi chog‘ida «Yashil makon» dasturini amalga oshirish bo‘yicha ilgari surgan tashabbuslari asosida viloyatdagi barcha fermerlar tomonidan dala chetlariga tut va uzum ekish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga mavjud mahallalarda rayhon va yalpiz ekish, qayta ishlash va sotish namunaviy tizimi, buni amalga oshirish uchun barcha sharoitlar hozirlanadi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish