Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Kuzgi shudgorlash - mo‘l hosil garovidir
Mo‘l hosil yetishtirishda kuzgi shudgorning ahamiyati katta. Ota-bobolarimiz “Yer haydasang kuz hayda, kuz haydamasang yuz hayda”, deb bekorga aytmagan. Zero, sifatli o‘tkazilgan kuzgi shudgor kelgusi yil hosiliga puxta zamin yaratadi. Yerlarni sifatli va yuqori unum bilan shudgorlashga erishish uchun traktor, pluglar oldindan ishga shay holga keltirilishi va sozlanishi, dalalar esa haydovga tayyorlangan bo‘lishi, haydov to‘g‘ri tashkil etilishi hamda uning sifati doimiy nazorat ostida bo‘lishi lozim.

Ayni kunlarda viloyatimizda kuzgi shudgorlash ishlari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. “O‘zagroinspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan mazkur agrotexnik tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazilishi yuzasidan nazorat tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda.

Sirdaryo viloyatida 2023 yil hosili uchun paxtachilik yo‘nalishdagi 9 ta klaster va 1768 ta fermer xo‘jaliklaridagi 131 ming 668 gektar yer maydonida kuzgi shudgorlash ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Jumladan, Sardoba tumanida 20 ming 685 gektar, Xovos tumanida 15 ming 389 gektar, Boyovut tumanida 15 ming 590 gektar, Sayxunobodda 16 ming 67 gektar, Oqoltinda 20 ming 446 gektar, Sirdaryoda 15 ming 68 gektar, Gulistonda 10 ming 708 gektar va Mirzaobod tumanida 17 ming 715 gektar yer maydonida kuzgi shudgorlash ishlari olib boriladi.

- Bu agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish uchun 160 ta otryadlar tuzilib, 356 ta yuqori unumli haydov traktorlari va 356 pluglar belgilangan tartibda texnik ko‘rikdan o‘tkazilib shudgorlash ishlariga shay qilib qo‘yildi, - deydi “O‘zagroinspeksiya” ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi “Texnika holati va agrotexnik tadbirlarni nazorat qilish bo‘limi” inspektori Shaxboz Qo‘shboqov. -Jumladan, Boyovut tumanida 48 ta, Guliston tumanida 35 taMirzaobod tumanida 36 ta, Oqoltin tumanida 63 ta, Sardoba tumanida 39 taSayxunobod tumanida 53 ta, Sirdaryo tumanida 49 ta va Xovos tumanida 33 haydov traktorlari yerlarni shudgorlash uchun shay holatda.

Bugungi kunda 356 ta xaydov traktorlari bilan bir kunda 5 ming 864 gektar, mavsum boshidan esa 66 ming 797 gektar yer maydoni sifatli tarzda shudgorlandi.

Xususan, Sardoba tumanida 10 ming 109 gektar, Xovosda 6 ming 632 gektar, Boyovutda 8 ming 77 gektar, Sayxunobodda 8 ming 974 gektar, Oqoltinda 10 ming 849 gektar, Sirdaryoda 7 ming 556 gektar, Gulistonda 5 ming 371 gektar va Mirzaobod tumanida 8 ming 929 gektar yer maydonlari sifatli shudgorlandi.

O‘zagroinspeksiyaning Sirdaryo viloyat boshqarmasi va tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan kunlik monitoring tadbirlari o‘tkazilib, kuzgi shudgorlash ishlarini belgilangan muddatlardan kechiktirilishi, sifatli o‘tkazmayotgan klaster va fermer xo‘jaliklariga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf qilish yuzasidan 390 ta ogohlantirish, 204 ta ko‘rsatma hamda 12 ta taqdimnomalar berildi.

Shudgorlash o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilsa, kelgusi yili chigitlarni yaxshi tayyorlangan yerga erta muddatlarda ekib olinadi. Bunda g‘o‘zalar seravj rivojlanib, ko‘p ko‘sak to‘playdi va oxirgi ko‘saklarigacha yetilib ochiladi. Natijada mo‘l paxta hosili olinishi bilan birga tola va chigit sifati ham yuqori bo‘ladi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish