Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati -3C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryoda «Yil ayoli» tanlovi g‘oliblari va gender tengligi uchun kurashgan eng faol tashkilotlar aniqlandi
Guliston shahridagi viloyat musiqali drama teatrida “Yil ayoli” va “Gender tenglik faoli” Milliy tanlovlarining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tanlovdan maqsad jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak maʼnaviyatli, oilada va farzand tarbiyasida ibrat, o‘zlari faoliyat ko‘rsatayotgan tashkilotlar nufuzini oshirishda faol ishtirok etayotgan turli soha egalari bo‘lgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajribalarini ommalashtirishdan iborat.

Tanlovning viloyat bosqichida 12 nafar ishtirokchi 3 ta shart bo‘yicha 5 balli tizimda baholandi. Yakunda umumiy natijalar bo‘yicha Sirdaryo tumanidan Sanobar Abdurazzakova birinchi, Guliston shahridan Xilola Obidova ikkinchi va Mirzaobod tumanidan Nargiza Sherqulova uchinchi o‘ringa munosib ko‘rildi. Ular mazkur tanlovning Respublika bosqichida qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Shuningdek, “O‘z kasbini ustasi bo‘lgan ayol”, “Yilning eng kuchli maʼnaviy-maʼrifiy targ‘ibotchisi”, “Yilning eng faol olima ayoli”, “Yilning eng yaxshi sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi”, “Yilning eng yaxshi g‘oyalar tashabbuskori”, “Yilning eng ijodkor ayoli”, “Yilning eng vatanparvar ayoli”, “Yilning eng tadbirkor ayoli”, “Yilning eng yaxshi IT – dasturchi ayoli”, “Yilning eng yaxshi uy bekasi” va “Yilning eng jonkuyar ustozi” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.

Bundan tashqari, “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi g‘olibligi uchun o‘tgan bellashuvda “Gender tenglikni taʼminlashda eng faol hududiy hokimlik”, Gender tenglikni taʼminlashda eng faol hududiy davlat organi", "Gender tenglikni taʼminlashda eng faol NNT", "Gender tenglikni taʼminlashda eng faol tadbirkorlik faoliyati subyekti", “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi TV dastur”, “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan Internetdagi eng yaxshi sayt" va “Gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan eng yaxshi nashr” nominatsiyalari g‘oliblari taqdirlandi.

Tanlov g‘oliblariga tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish