Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Tomorqalarga urug‘ yetkazish, ixcham issiqxona qurish, mahsulotlarni sotishga ko‘mak... Sardobada “Agromarkaz” ishga tushdi
Ayni chog‘da qishloq xo‘jaligi sohasi bilim va innovatsiyalar hamda zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishni yana-da rivojlantirishni taqozo etmoqda. Dehqonchilik mahsulotlari hosildorligini oshirish uchun zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilishini rag‘batlantirish, qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish va tayyorlash, taqsimlash, qayta ishlash va sotishning samarali tizimini yaratish ham muhim.

Shundan kelib chiqib, davlatimiz rahbarining 2021 yil 15 iyuldagi “Respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan barcha tuman-shaharlarda o‘simliklarni himoya qilishning kompleks xizmatlarini ko‘rsatuvchi agroxizmatlar markazlari tashkil etish belgilangan.

Ana shunday markazlardan biri Sardoba tumanida ish boshladi. Ochilish marosimi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda sektor rahbarlari, nuroniylar, jamoatchilik vakillari, qishloq xo‘jaligi sohasi masʼullari ishtirok etishdi. Dastlab boshlanajak ezgu tashabbuslar xayrli bo‘lishi so‘ralib, duoga qo‘l ochildi. Shundan so‘ng, ishtirokchilar markaz faoliyati, yaratilgan sharoit va imkoniyatlari bilan tanishtirildi.

Taʼkidlanishicha, agroxizmatlar markazlari qishloq xo‘jalik korxonalari, dehqon va tomorqa yer egalariga qishloq xo‘jalik xizmatlarini ko‘rsatish kompleks markazi sifatida ko‘makchi bo‘lib xizmat qiladi.

Markazda o‘simliklarni himoya qilish laboratoriyasi, veterinariya dorixonasi, agronom maslahati, urug‘ va ko‘chatlar yetkazib berish, aholi xonadonlariga issiqxonalar qurish, mini texnikalar sotish va ularning xizmatini tavsiya etish kabi yo‘nalishlar mavjud.

Shuningdek, meva-sabzavotlarni sotib olish, saralash, qayta ishlash, qadoqlash va saqlash, manzarali daraxt va landshaft xizmati, inkubator, o‘quv markazi, muzlatkich, qishloq xo‘jaligi sug‘urta xizmatlari, avtomatlashtirilgan bank xizmatlari va suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish ham loyihaning keyingi bosqichidan o‘rin olgan.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish