Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryo tumanidagi "Yaksart tulpori" yilqichilik fermer xo‘jaligiga press-tur uyushtirildi
"Ko‘pkari", "Olomon poyga", "Ag‘darish" kabi milliy o‘yinlarimizni tulporlarsiz tasavvur etish qiyin. Azal-azaldan, bobolarimiz ham uchqur arg‘umoqlarni parvarishlashga, uning zotdor zotlarini ko‘paytirishga qiziqishgan. U siz, na sayohatga chiqa olgan, na bir yovga qarshi jangga kirib, jangda g‘alaba qozonilgan. Bu bizga tarixdan ma’lum. Sirdaryoda yilqichilik sohasiga ixtisoslashgan xo‘jaliklar soni 4 tani tashkil etib, Sirdaryo, Sayxunobod, Xovos tumanlaridagi xo‘jaliklarning o‘z nomi, o‘z tarixi bor. Ayni vaqtda u yerda 218 bosh, uchqur qorabayir zotli otlar parvarish qilinmoqda.

Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar uchun uyushtirilgan press-tur jarayonlarida ana shu jihatlar e’tirof etildi.

Press-tur avvalida "O‘zagroinspeksiya"ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi "Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi" bosh inspektori Gʻiyoziddin Usmonov hamda "Chorvachilik va naslchilik ishlarini nazorat qilish bo‘limi" bosh inspektori Doniyor Tashmatovlar tomonidan chorvachilikda yilqichilik sohasini rivojlantirish borasida Sirdaryoda amalga oshirilayotgan ishlar, hukumatimiz tomonidan chiqarilgan me’yoriy hujjatlar, uning ijrosi bo‘yicha ma’lumot berib o‘tildi.

"Yaksard tulpori" yilqichilik fermer xo‘jaligining tashkil etilganiga esa uncha ko‘p vaqt bo‘lmagan. Nari borsa sakkiz, un yil. O‘sha vaqtlarda bu yerda sakkiz, to‘qqiz chog‘li, ana shunday uchqur, qorabayir zotli otlar parvarishlangan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, uchqur tulporlarning soni 90 boshdan oshdi.

Eng muhimi, xo‘jalikda naslchilik-seleksiya ishlariga e’tibor qaratilgan. Yildan yilga, sof zotli arg‘umoqlar va biyalar soni ortib bormoqda. Bunda, mazkur xo‘jalikka, xo‘jalik bilan Samarqand davlat veterinariya, medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hamda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida joylashgan “Qorabayir otchilik majmuasi” mutaxassislari bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari juda qo‘l kelyapti.

- Uchqur armug‘on, ya’ni qorabayir zotli otlar turkman, arab, mo‘g‘ul, qozoq otlarining chatishtirish yo‘li bilan olingan zotlaridir, - deydi "Yaksard tulporlari" yilqichilik fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan press-tur jarayonlarida ishtirok etgan, xizmat yuzasidan, Sirdaryoga tashrif buyurgan Samarqand davlat veterinariya, medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti professori, Do‘stmuhammad Xolmurzayev. - Tarixdan bilamizku, qorabayir zotli otlar ustidagi seleksiya ishlari bundan uch yarim, turt ming yil avval ham yurtimizda olib borilgan. Sirmashsoy yoki boshqa tog‘ bag‘ridagi qoyatoshga o‘yib ishlangan-petrogliflar qorabayir zotli uchqur tulporlarimizning yoshi uch, uch yarim ming yildan ziyod ekanligini bildiradi. 8 asrda arablar, 12 asrda esa mo‘g‘ullar O‘rta osiyo yerlariga bostirib kelgan. Ana shunda, uchqur arg‘umoqlar muhim rol o‘ynagan.  Ammo, unday zotli otlar, na mo‘g‘ulda, na arablarda bo‘lgan. Bobolarimiz, seleksioner bo‘lishgan. Ular arab, mo‘g‘ul, qozoq, turkman otlarini yillar davomida chatishtirib, undan qorabayir ot zotlarini seleksiya yo‘li bilan yaratishgan. Jaloliddin Manguberdi, Sohibqiron bobomiz, Amir Temur, Zahriddin Muhammad Bobur kabi ajdodlarimiz uzoq o‘lkalarga yurishlarida, g‘alaba quchishlarida bu otlarning hissasi katta bo‘lgan. Hatto, Xitoy imperatori ham bizni uchqur tulporlarga ishqi ketib, uni olib ketish uchun o‘sha asrlarda savdogar va elchilarini yuborishgan. Bu esa Xitoy manbalarida yozib qoldirilgan. "Yaksard tulporlari" yilqichilik xo‘jaligida parvarishlanayotgan ot zotlari esa, ana shu otlar avlodi. Hozir, biz bu yerda naslchilik va seleksiya yo‘nalishida ish olib boryapmiz. Parvarishlanayotgan ot zotlari esa, ana shu izlanishlarimiz mahsuli desam, yanglishmayman.

- So‘ngi yillarda, yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni rivojlantirish, Milliy gvardiya huzurida Chavandozlar maktabi, Qorabayir otlari mahorat maktablari yurtimizda vujudga keldi, - deydi Sirdaryo viloyat  innovasion rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Azimjon Xolov. - Bunga, Prezidentimizning 2017 yil 15 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hamda 2021 yil 5 avgustdagi qaror bilan tasdiqlangan O‘zbekistonda yilqichilik, ot sporti, zamonaviy beshkurash va poloni 2025 yilgacha rivojlantirish davlat Dasturi hamda uni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» sabab bo‘ldi. Unga asosan, naslli va zotdor otlarni ko‘paytirish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 170 ta, shu jumladan, yuqorida ta’kidlaganimizdek, Sirdaryoda 4 ta yilqichilik xo‘jaligi tashkil etildi. Joriy yilning 9 iyun kuni Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan Sirdaryodagi "Yaksart tulpori" yilqichilik fermer xo‘jaligining “Qorabayir ot zotining naslini yaxshilash, oziqlantirish, ko‘paytirish va ot sporti o‘yinlariga tayyorlash texnologiyasi” loyihasi uchun 768 mln. sum mikdorida mablag‘ ajratildi.

Sirdaryoda bu ishlarni rivojlanishi va yo‘lga qo‘yilishida "O‘zagroinspeksiya"ning Sirdaryo viloyati hamda Sirdaryo viloyati innovasion rivojlanish boshqarmalarii xodimlarining yordami katta bo‘lmoqda. Ular yordami bilan ot homilasini aniqlash, kasallikka tashxis qo‘yish, davolash maqsadida zamonaviy, eng so‘ngi rusumdagi UZI, rentgen va boshqa apparatlar keltirildi. Bu esa, otlarni anatomiyasi, fiziologiyasi, ko‘paytirish biologiyasini o‘rganish va yo‘lga qo‘yishda katta yordamlardan biri bo‘lganligini, xo‘jalik rahbari Malik Ravshanxonov press-turda e’tirof etdi.

- Otchilik va yilqichilik sohasini o‘ziga yarasha qiyinchiligi va muammolari bor, - deydi Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida joylashgan “Qorabayir otchilik majmuasi” direktori, Sirdaryodagi "Yaksart tulpori" yilqichilik fermer xo‘jaligi ta’sischisi Jahongir Sodiqov. - U birdan va bir pastda kutilgan natijani beravermaydi. Otchilik va yilqichilik uzoq vaqtni, katta xarajatni, sabrni talab etadi. Bobolarimiz, ot parvarishi bilan qiziqqan. Bizning qiziqishimiz ham shundan bo‘lsa kerak. Bolalikdan ot minib, choptirib va yeldirib unga mehrimiz tushgan. Xo‘jalikni yuritishni, ot zotlari parvarishlashni o‘ziga yarasha muammolari bor. Bunda, eng galdagi katta muammo, ozuqa va ozuqa mahsulotlari hisoblanadi. Bitta otga bir gektar, 90 otga to‘qson gektar yer kerak bo‘ladi. Xo‘jalikning yer maydoni esa bor yo‘g‘i 45 gektar. Unda yetishtirilayotgan beda, makkajo‘xori va boshqa ozuqabop ekin turlaridan olinadigan hosil, nasli qorabayir zotli otlar ehtiyojini qoplashga yetmaydi. Ushbu muammo, hal etilsa, boshqa muammoga o‘rin qolmaydi.

Press-tur jarayonida, OAV xodimlariga, jurnalist va blogerlarga otlar parvarishi bilan bog‘liq yumushlar tanishtirildi. U yerda parvarishlanayotgan, uloqchi otlar namoyishi ham bo‘lib o‘tdi. Eng muhimi, parvarishlanayotgan har bir otning o‘z nomi, kelib chiqish bilan bog‘liq ma’lumotlar Press-tur ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Uzoq masofaga yurishda, qirg‘izlarning qorachay cherkez oti 1100 kilometr yo‘lni bosib, dunyo rekordini o‘rnatgan bo‘lsa, o‘zbeklarning qorabayir otlari o‘tgan yili, Qashqadaryodan Toshkentgacha bo‘lgan 431 kilometr yo‘lni, 4 sutkada bosib o‘tib, o‘ziga xos rekordni qayd etgandi. Ana shu, uzoq masofaga yurish tadbirida Sirdaryodagi "Yaksart tulpori" yilqichilik fermer xo‘jaligining "Qaldirg‘och" nomli qorabayir oti ham ishtirok etgandi.

Eng muhimi, o‘zbek otlari boshqa yurtlar otlariga nisbatan chidamliroq. Ozuqani ko‘p ham tanlab ketavermaydi. Bu jihati esa, fermer xo‘jaligini katta yutug‘i bo‘lmoqda. Qorabayir oti 7-8 yoshda yaxshi nasl qoldiradi. Yosh otlardan tug‘ilgan qulunlar esa hurkak bo‘ladi. Ayni vaqtda xo‘jalikda, zamonaviy innovasion sun’iy urug‘lantirish, skaner qilish bilan bog‘liq ishlar ustida izlanishlar olib borilayapti. Bu esa  ona otlardan ikki uch yilda emas, har bir yilda bittadan, zotdor qorabayir otlarini olish imkonini beradi.

Xullas, bir so‘z bilan aytganda Sirdaryodagi "Yaksart tulpori" yilqichilik fermer xo‘jaligiga uyushtirilgan Press-tur jarayonlari OAV xodimlari, jurnalist va blogerlarda katta taassurot qoldirdi. Ular o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislardan atroflicha javob olishdi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish