Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Gʻalla-non-rizq-ro‘zimiz. Uni o‘rib-yig‘ib olish ishlari Sardoba va Oqoltinda jadal suratlarda ketyapti
Dasturxonimizni to‘kin, qornimizni to‘q qiladigan non mashaqqatli mehnatlar evaziga yetishtiriladi. Buning uchun g‘allakor bir zum bo‘lsada tinim bilmaydi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demay yerni shudgorlaydi. Don ekishga yerni tayyorlaydi. So‘ngra qimmat narxga urug‘, yoqilg‘i sotib olib donni ekadi. Don unib chiqqach sug‘oradi, mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan oziqlantiradi. Turli hasharotlar va kasalliklarga qarshi agrotexnik tadbirlarni amalga oshiradi. Ming mashaqqat bilan o‘rim-yig‘im ishlarini boshlaydi!

Xullas donni non bo‘lganga qadar, don yetishtiruvchi g‘allakorni, uni qayta ishlab, tayyor mahsulotga aylantiruvchi ishlab chiqaruvchini o‘ziga yarashah mehnati, mashaqqati bor.

So‘ngi paytlarda turli sabablarga ko‘ra, Jahon bozorida oziq-ovqat mahsulotlari tannarxi kun sayin o‘smoqda. Talab ham shunga yarasha yuqori. Donning narxiniku aytmaylik, u 30 foizga oshdi. Bugun dalalarga kech kuzda ekilgan bug‘doy ham pishdi. Uni o‘rib-yig‘ib olish, don zahiralarini bunyod etish dolzarb pallaga kirdi.

Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi "Sardoba don zamin", Oqoltin tumanidagi "Bobur qishloq xo‘jaligi" klasteri dala maydonlarida o‘rim-yig‘im ishlarini o‘z vaqtida va sifatli tashkil etish, g‘alla o‘rish kombaynlaridan samarali foydalanish, g‘allani nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish maqsadida g‘alla yetishtiruvchi fermer, klaster xodimlari uchun o‘tkazilgan seminarda tuman hokimlari, setor rahbarlari, shu sohaga daxldor bo‘lgan qishloq xo‘jalik sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan bu masalalar e’tirof etildi.

Sardobada bu yil 12 ming 699 gektar yerda boshoqli don yetishtirildi. Undan 32 ming 694 tonnadan ortiq, Oqoltinda esa 13 ming 500 gektar, undan o‘rtacha 25-26 syentnerdan, ya’ni 33 ming 700 tonnadan ziyodroq boshoqli don yig‘ishtirib olish kutilyapti.

Bu ishlarni borishi, pishib yetilgan g‘allani o‘rib-yig‘ib olish uchun Sardobada 24 ta otryad, 48 ta kombayn, Oqoltinda 16 ta otryad, 35 ta kombayn jalb etilgan.

Ayni vaqtda g‘alla o‘rim-yig‘im ishlari avjida. Gʻalla hosildorligi ham yomon emas. Bu, o‘z vaqtida o‘tkazilgan agrotexnik chora-tadbirlar natijasi. Hosildorlik, undan olinadigan daromad ham yomon bo‘lmaydi.

- Bilasizmi, g‘allakorga ham oson emas, - deydi Sardobalik fermer, "Lalmikor diyor" fermer xo‘jaligi rahbari Jo‘rabek Mamatqulov. - Fermer yerga donni qadagach, umid bilan yerga, ko‘kka boqadi. Har qanday sharoit bo‘lmasin, qishni qish, bahorni bahor demay, ob-havo injiqliklariga chap berib, tinim bilmaydi. Yelib-yuguradi, mehnat qiladi. Ertangi hosil, kutilayotgan daromad, rizq-nasiba ana shu mehnatga, yelib-yugurishga, o‘z vaqtida qilingan agrotexnik chora-tadbirlarga bog‘liq. Fermer xo‘jaligimizga qarashli 43 gektar yerga "Zvezda" navli bug‘doy urug‘ini qadagan bo‘lsak, o‘tgan yili "Gʻozg‘on" navini ekkandik. Hosildorlik ham yaxshi bo‘lgandi. Gektaridan 70-75 syentnerdan hosil olib, davlatga g‘alla sotish rejasini ortig‘i bilan bajargandik. Shunga yarasha daromad ham yaxshi bo‘lgandi. Xo‘jalikda ishlagan 65 nafar, 80 nafar mavsumiy ishchilarimizni natija va foyda hisobidan rag‘batlantirgandik. Bu yil, niyatimiz, undanda yaxshi. Belgilangan muddatlarda g‘alla o‘rim-yig‘im ishlarini yakunlagach, olgan daromadimiz hisobidan ishchi-xizmatchilarga g‘alla va qo‘shimcha yordam bermoqchimiz. Qolaversa, g‘alladan bo‘shagan yer maydoniga mosh, kartoshka, poliz mahsulotlarini ekishni rejalashtirganmiz. Vaqt kutib turmaydi. "Qimirlagan qirdan oshar" degan, ibratli hikmat bor. Dehqon qimirlasa, yelsa, yugursa ro‘zg‘orida baraka, dasturxonida to‘kinchilik, yurtda esa ma’murchilik bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, yerning sirini chuqur bilish, tuproq bilan tillashib yashash kabi bizning dehqonlarimizga xos azaliy tajriba va omilkorlik fazilatlari joriy yilda ham mo‘l hosil yetishtirishga mustahkam zamin yaratadi.

Belgilangan shartnomaviy rejani bajarilishida fermerlarga moddiy-texnik resurs, yerning meliorativ holati, sifatli urug‘, yoqilg‘i-moylash materiallari, imtiyozli kredit kuch va madad bag‘ishlaydi.

Bir vaqtlar 20-25 syentner g‘alla yuqori ko‘rsatkich sanalgan bo‘lsa, endi 65-75 syentnerdan don yetishtirish odatiy holga aylandi. Muhimi, yer o‘zining munosib egasini topdi. Hosildorlik hisobiga manfaatdorlik ham ortdi.

- Qishloq xo‘jaligi sohasida, texnik resurs muhim omil hisoblanadi, - dedi Sardoba tuman mashina traktor parki raisi Gʻanisher Xolbutayev. - Bundan bir necha yil muqaddam, g‘alla-o‘rim yig‘imiga Xorazmdan kombayn olib kelgandik. Bu yil, bu yumushlarni o‘z kombaynlarimiz bilan bajaramiz. Texnikalar shay holatga keltirilgan. Zarur texnik qisimlar, ortiqchasi bilan keltirilgan. Maqsad, mavjud kombaynlarni bir zum bo‘lsada to‘xtatmay, urim-yig‘im ishlarini o‘z vaqtida tugatish. Buning uchun esa harakat qilyapmiz.

Yaqinda, Prezident huzurida g‘allachilikdagi islohotlarning eng muhim bosqichiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib, unda Davlatimiz rahbari ishtirok etgandi, va g‘allachilik sohasidagi kamchiliklarni keskin tanqid qilib, g‘allakorlar mehnatiga yarasha munosib haq olishini ta’kidlab o‘tgandi.

"Ko‘rib turibsizlar, jahon bozorlarida oziq-ovqat narxlari kun sayin yuqori sur’atlar bilan o‘smoqda. Bugungi kunda xalqaro birjalarda 1 tonna bug‘doy 400 dollardan sotilmoqda va yil boshiga nisbatan 30 foizga oshdi. Bunday vaziyatda narx-navo barqarorligini ta’minlashning yagona to‘g‘ri yo‘li bu - fermerlar manfaatdorligini ta’minlash, hosildorlikni oshirish orqali bozorda taklifni ko‘paytirish hisoblanadi. Buning uchun g‘allachilikda bozor mexanizmlarini to‘liq joriy etish zarur. Biz bu islohotlarga uzoq tayyorgarlik ko‘rdik. Barcha masalalarni puxta hisob-kitob qilib, bu ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirib kelyapmiz", dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.

Bu esa Sardoba-yu, oqoltinlik, qolaversa sirdaryolik fermerlarga kuch berdi. Dalalarda baravj o‘sib, pishib yetilgan bug‘doyni o‘z vaqtida o‘rib-yig‘ib olishi uchun fermerlarga kattagina motivasiya bo‘ldi.

Eng quvonarli tomoni, Davlatimiz rahbari g‘allakorga yana bir imkoniyat berdi. Bu yil g‘allani davlat tomonidan sotib olish, va sotishda bozor narxlariga o‘tilgani bo‘ldi.

- Fermerlarimiz o‘tgan yili davlat resurslari uchun 1 tonna bug‘doyni 1 million 550 ming so‘mga sotgan bo‘lsa, bu yil, ikki baravar qimmat, 3 million so‘mdan sotishadi, - deydi Sardoba tuman hokimi Abduazim Hidirov g‘alla yetishtiruvchi fermer, klaster xodimlari uchun Sardobada o‘tkazilgan seminarda. - Yana bitta muhim, va quvonchli jihati fermer o‘z ixtiyorida qolgan bug‘doyni don korxonasiga vaqtinchalikka saqlash uchun qo‘yib, 1 iyuldan birja savdolariga chiqarib, uni bozor narxida sotadi. Natijada, uning daromadi oshadi. Eng muhimi, Prezidentimiz  g‘allachilikdagi islohotlarning eng muhim bosqichiga bag‘ishlangan yig‘ilishda "Bug‘doyning  haqiqiy egasi bu - fermer va klasterlar" degan so‘zning zamirida ham kattagina gap bor. Bug‘doy fermer, dehqon mehnati bilan yetishtiriladi. Unga to‘siq bo‘lmay, yordam berishimiz kerak.

Xullas, Sardoba va Oqoltin dalalarida ish qaynagan. Fermer pishib yetilgan, g‘alla hosilini yig‘ishtirib olish bilan band. Kutilganidan ziyodroq hosil olib, ortiqchasini birja savdolari orqali, o‘zi istagan, bozor narxida sotish, bozorlarda un va un mahsulotlari taqachiligini oldini olish, dasturxonlarimizni to‘kin-sochin qilish ishtiyoqda yonmoqda.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish