Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Tibbiy brigada, elektron resept va kafolat paketi
Yurtimizda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning samaradorligi, sifati va qulayligini yanada oshirish maqsadida islohotlarning eng muhim yangiligi sifatida Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari Sirdaryo viloyatida joriy etilmoqda.

Bunda Prezidentimizning 2020 yil 12 noyabrda qabul qilingan «Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘tgan vaqt davomida tajriba-sinov loyihasi doirasida Sirdaryo viloyatida qator yutuqlarga erishildi. Xususan, oilaviy shifokor punktida oilaviy shifokor faoliyatini yangicha tizimda tashkil qilish, kafolatlangan paket asosida laborator tekshiruvlar o‘tkazish, bemorlarni mutaxassislarga yo‘llash borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Eng muhimi, tibbiyot muassasasiga kelgan bemorlar navbatda turish tashvishdan qutilib, oldindan, o‘ziga qulay vaqtda elektron navbatga yozilish imkoniga ega bo‘ldi.

Tibbiy birigadalar faoliyati tufayli oilaviy shifokorning obro‘yi ortib, mehnat samaradorligi oshmoqda. Kafolatlangan paket doirasida dori vositalari, tibbiy buyumlar va sarflov materiallari barcha bo‘g‘indagi tibbiyot muassasalarida bepul berilishi yo‘lga qo‘yildi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimida 63 ta mustaqil tibbiyot tashkiloti va uning tarkibida 152 ta muassasa faoliyat yuritadi, – deydi Guliston shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Yu.Mirxonov. – Moliyalashtirishning amaldagi tizimi ajratilayotgan mablag‘larning ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini oshirishga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelgan.

Shu va boshqa amalga oshirilgan yangiliklar va o‘zgarishlarning mohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tizimidagi davolash-profilaktika muassasalari muttasaddilari uchun Sirdaryo viloyatida seminar-trening o‘tkazildi.

Biz «Guliston tibbiyot klasterida» va 4-oilaviy poliklinikada bo‘lib, qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdik, – deydi Toshkent shahar sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Muattar Abdullayeva. – Hozirda Toshkent shahrida tibbiy sug‘urtaga o‘tish uchun birinchi qadamlar tashlangan. Biz amalga oshirishni boshlayotgan vazifalar allaqachon bu yerda bajarilgan. Davlat tibbiy sug‘urtasida kasallikning asoratlarini davolash emas, balki erta aniqlash, oldini olish borasida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan ekan. Albatta, bunda mehnat samaradorligi va maqsadliligi oshadi.

Toshkent shahridan borgan tibbiyot xodimlariga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish modelini birlamchi tibbiy-sanitariya yordami rolini kuchaytirish, Sog‘liqni saqlashni boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish, moliyalashtirishning yangi mexanizmlari xususida alohida taqdimotlar o‘tkazildi. Mehmonlar Guliston shahridagi 4-oilaviy poliklinikada amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

«Shifokor oldi ko‘rikxonasida» hamshiralar bemorni mustaqil ravishda yuqumli bo‘lmagan (yurak qon-tomir, qandli diabet, nafas olish yo‘llari) kasalliklar xavfini baholash uchun dastlabki skriningdan o‘tkazib, shikoyatlari qayd etiladi va zarur hollarda oilaviy shifokor qabuliga yo‘naltiriladi. Dastlabki ko‘rik natijasida oilaviy shifokor qabul qiladigan bemor soni ortib, tor soha mutaxassislariga yo‘naltirish o‘rtacha 16 foizga kamaydi. Masalan, Guliston shahridagi 4-sonli oilaviy poliklinikaning bir nafar amaliyotchi hamshirasi joriy yilning yanvar-fevral oylarida 165 nafar 40 yoshdan oshgan aholini maqsadli skrining tekshiruvlaridan o‘tkazdi. Natijada ularning 114 nafarida yurak qon-tomir kassaliklari bo‘yicha xavf omillari erta aniqlanib, nazoratga olindi.

Poliklinikamizda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida belgilangan standartlarga ko‘ra, jihozlangan shifokor oldi ko‘rikxonalari tashkil etilgan, – deydi amaliyotchi hamshira N.Primqulova.– Natijada bir bemorni ko‘rish, davolash uchun oilaviy shifokor avvallari o‘rtacha 5-6 daqiqa vaqt ajratgan bo‘lsa, endi buning uchun 15-20 daqiqa vaqt sarflamoqda. Negaki, biz, amaliyotchi hamshiralar har bir bemorning holatini o‘rganib, tahlil qilganimiz bois, bemorlarning ko‘pchiligi shifokor oldi ko‘rikxonalaridan qaytib ketmoqda. Ahvoli jiddiy bo‘lganlar shifokor qabuliga kirib, chuqur tekshiruvdan o‘tish uchun yo‘llanma olmoqda.

Yana bir yangilik. Tajriba-sinov loyihasi doirasida surunkali kasalliklarni (yuqori qon bosimi, qandli diabet, astma) shifokor tomonidan yoziladigan elektron resept asosida dorixonalar tomonidan biriktirilgan 11 turdagi dori vositalari bilan ambulator davolanishini tashkil etish choralari ko‘rilmoqda.

Bunda dorixonalar dori vositalarini bemorlarga bepul berish hamda ularning xarajatlarini jamg‘arma shartnoma va elektron tarzda yuborilgan hisob raqamlar asosida qoplab berishi rejalashtirilmoqda. Bunda, dori vositalarining narxlari farmasevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan har oy e’lon qilib boriladi.

Seminarda Sirdaryo viloyati birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida universal-progressiv patronaj modelini joriy etish mexanizmi haqida ham batafsil ma’lumot berildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish