Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +15.9C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Sirdaryoda "Adliya sayli"

“Adliya sayli”. Har yili o‘tkazilishi an’anaga aylangan mazkur tadbir sirdaryoliklarni Guliston shahridagi “Bilimdonlar maskani”da jamladi. Tadbir jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yanada oshirish, aholiga huquqiy axborotlarni, shu jumladan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mazmun-mohiyatini yetkazishdek ezgu maqsadlarni o‘zida ifoda etdi.

Tadbirni Sirdaryo viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattarov kirish so‘zi bilan ochdi. 

– Mamlakatimizda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqdaki, shiddatkor zamon har bir fuqarodan huquqiy bilim, huquqiy madaniyat, huquqiy savodxonlikni talab etadi. Bunda targ‘ibot va tashviqot ishlari keng jamoatchilikka hayotbaxsh islohotlarni yetkazishda yuqori samara beradi, – dedi S.Sattarov.

Sayilda aholiga bepul huquqiy maslahatlar berish maqsadida viloyatdagi 30 ga yaqin davlat organlari va tashkilotlari tomonidan maslahat burchaklari tashkil qilinib, moddiy yordam va ijtimoiy nafaqalar olish, kredit va mikroqarz olish, eksport qilish va investisiya kiritish, aliment undirish, soliq va davlat xizmatlaridan foydalanish kabi hayotiy zarur masalalar yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi, sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Shunigdek, adliya boshqarmasi rahbariyati tomonidan jismoniy va yuridik shaxslar uchun sayyor qabulllar tashkil qilindi.

Keng qamrov kasb etgan ushbu tadbirda aholining, xususan, yoshlarning huquqiy bilimlari test savollari orqali sinovdan o‘tkazildi. “Zakovat” intellektual o‘yini yoshlarning huquqiy-ma’rifiy bilimlarini sinash imkonini berdi. Sinovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan yoshlar va aholi Adliya logotipi tushirilgan sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

Sayil davomida besh muhim tashabbus asosida viloyatda amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida ahamiyat qaratildi.

Shuningdek, aholi uchun tibbiy ko‘rik va mehnat yarmarkasi tashkil etildi.

“Adliya sayli”da nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati asosiy e’tiborda bo‘ldi. Xususan, “Biz birgamiz” aksiyasi doirasida nogironligi bor fuqarolarning ko‘rgazmalari tashkil etilib, ommaga namoyish etildi. 

Sayil davomida fuqarolar sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan antropometrik kuzatuvdan o‘tdilar, tibbiy tahlillar topshirib, salomatliklarini tekshiruvdan o‘tkazdilar, sog‘lom ovqatlanish yuzasidan mutaxassislardan maslahatlar oldilar.

Sayil doirasida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida tikuvchilik, kasanachilik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlarning amaliy ishlari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Bunda “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bandigiga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbirda Sirdaryo viloyati yuridik texnikumining “Adolat qanotlari”, “ Street law” targ‘ibot guruhlari faol ishtirok etishdi. Sayil davomida ishtirokchilarga “Yo‘l qoidasi – umr foydasi”, "Biz huquqbuzarlikka qarshimiz", "Giyohvandlik – umr zavoli", “Majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi”, “Korrupsiya mamlakat ravnaqini barbod qiladi”, “Xavfsizlik kamari xavfsizligingiz garovi” mavzularida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi hamda buklet va flayerlar tarqatildi. 

Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan “Adliya sayli” viloyatning taniqli san’atkorlari, Milliy madaniy markazlar, yosh havaskor xonandalar ishtirokidagi konsert dasturi bilan yanada fayzli bo‘ldi.

Tadbir so‘ngida saylda faol ishtirok etgan davlat organlari va tashkilotlarga viloyat adliya boshqarmasining tashakkurnomalari topshirildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish