Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan gʻallachilik klasterlari hamda fermer xoʻjaliklarining aholiga murojaati

Qadrli sirdaryoliklar!

Soʻnggi yillarda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan qishloq xoʻjaligi sohasiga berayotgan alohida eʼtiborlari, gʻamxoʻrliklari tufayli fermer xoʻjaliklari va klasterlar faoliyatini tubdan yangilash, sohani rivojlantirish borasida yangi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasidagi muhim koʻrsatmalari bugungi kunda aholi, ayniqsa yoshlarni ish bilan taʼminlashda dasturilamal boʻlmoqda.

Davlatimiz rahbari – fermerlar va klasterlar bilan boʻlgan uchrashuvlarida har yilgi dehqonchilik mavsumini muvaffaqiyatli yakunlash, buning natijasida oziq-ovqat havfsizligini taʼminlash boʻyicha oldimizda turgan muhim vazifalarni alohida taʼkidlab, bu borada zarur yoʻl-yoʻriqlarini aniq-ravshan koʻrsatib bermoqdalar.

Bugungi kunda gʻalla parvarishi avj pallaga koʻtarilganligini alohida qayd etish lozim. Shuning uchun aprel oyida sugʻoriladigan yerlarda intensiv texnologiya asosida gektaridan 75-80 sentnerdan don yetishtirishda kuzgi gʻalla ekinlarini vegetatsiya davrida oziqlantirish asosiy hal qiluvchi omillardan biridir.

Aprel oyida bugʻdoyni uchinchi marta oʻgʻitlash zarur. Bugʻdoyni uchinchi marta oʻgʻitlashda belgilangan yillik normadagi azotli oʻgʻitlarning umumiy normasidan birinchi va ikkinchi marta oʻgʻitlash davrida berilgan oʻgʻit miqdorini chegirib tashlab, qolgan miqdori beriladi.

Aprel oyida bugʻdoy xavoni isishi, namlik va ozuqa moddalarining yetarli boʻlganligi sababli juda tez oʻsadi va aprel oyining 16-18 kunlariga borib, yoppasiga boshoqlay boshlaydi. Shu sababli aprel oyida bugʻdoy ekilgan dalalarda tuproqdagi namlik dala sigʻimining 70-75 foizidan kam boʻlmasligi zarur.

Begona oʻtlar tuproqdagi moddalarni va namlikni oʻzlashtirib, gʻalla ekinlarini normal oziqlanishiga imkon bermay qoʻyadi, hosilni keskin kamaytirib yuboradi va oʻrim davrida kombaynlar ishiga salbiy taʼsir etadi. Shuning uchun gʻalla maydonlarida oʻsuvchi yovvoyi oʻtlarga qarshi, agrotexnik tadbirlardan biri dalani qoʻl kuchi va kimyoviy vositalar orqali begona oʻtlardan tozalash talab etiladi.

Ayniqsa, bu yilgi hosildan koʻzlangan maqsadlar roʻyobga chiqayotgani tufayli imtiyozli kreditlar, mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi-moylash mahsulotlari oʻz vaqtida joylarga yetkazib berilayotgani bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Davlatimiz rahbarining – fermer va klasterlarga koʻrsatayotgan ulkan eʼtibor va gʻamxoʻrligi, kamtarona mehnatiga berib kelayotgan yuksak bahosi qalbimizga quvonch va gʻurur bagʻishlab, oʻz kuchimizga boʻlgan ishonchimizni yanada oshiradi, ayni vaqtda zimmamizga katta masʼuliyat yaʼni bu yilda 80 ming gektar maydonda parvarishlanayotgan gʻalla maydonlaridan oʻrtacha gektaridan 80 s/ga dan 640 ming tonna  don yigʻib olishni ham yuklaydi.

Bu masʼuliyat bizdan yanada samarali mehnat qilishni, qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlari qatori gʻallachilik boʻyicha zimmamizga olgan shartnoma majburiyatimizni ham sharaf bilan ado etishimizni taqozo etishini albatta barchamiz yaxshi anglaymiz.

Ayniqsa, gʻalla hosili parvarishi borasida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida bajarishni shu kunlarda barchamiz chuqur his etmoqdamiz.

Hurmatli viloyatimiz ahli!

Xalqimiz bizni “rizq-roʻzimiz bunyodkorlari” deb ulugʻlab, azmu shijoatimiz, gʻayrat va matonatimizga koʻz tikib turganini bir zum boʻlsada, esdan chiqarmaymiz.

Bugungi kunda hamkor davlatlarda yuzaga kelgan vaziyatdan kelib chiqqan holda gʻallachilikda yuqori hosil olib, yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga oʻz hissamizni qoʻshamiz.

Bu yilgi mavsumda ulkan xirmon barpo etib, xalqimiz oldida yuzimiz yorugʻ boʻlishini Yaratgandan tilaymiz.

Shu oʻrinda barchani muhtaram Yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga munosib hissa qoʻshish uchun sidqidildan halol va fidokorona mehnat qilishga chaqiramiz!

Sirdaryo viloyatidagi gʻallachilik klasterlari hamda fermer xoʻjaliklari

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish