Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +15.6C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Respublika ishchi guruhining Sirdaryo viloyatiga tashrifi
Mahallalarni jinoyatdan holi xavfsiz hududga aylantirish, aholini qiynab kelayotgan muammoli masalalarni manzilli hal etish bugungi kunning ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Bu boradagi ishlarni o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Baxtiyor Islamov hamda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Po‘lat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh Sirdaryo viloyatida navbatdagi o‘rganish ishlarini boshladi.

Bunda asosiy eʼtibor hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, mahalla faollari hamda profilaktika inspektorlarining hamkorlikda aholini kambag‘allikdan chiqarish, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishga qaratilgan faoliyati va sektor rahbarlarining tashabbuskorligi joylarda, mahallabay tahlil qilinmoqda.

Dastlab ishchi guruh aʼzolari Sirdaryo tumanidagi  Furqat mahallasida joylashgan “O‘zbekiston-Xitoy  do‘stlik bog‘i maydonida mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Eʼtiborlisi, Bir necha yildan beri faoliyat ko‘rsatayotgan mazkur maydonda hozirgi kunda 113 turdagi sport anjomlari mavjud bo‘lib, qariyb 1500 ga yaqin yoshlar sport to‘garaklarga jalb etilgan.

Keyingi manzil ushbu tumanda tashkil etilgan uzumchilik plantatsiyasi bo‘ldi. Tashkil etilgan uzumchilik plantatsiyasi 100 gektardan iborat bo‘lib, 300 nafar ishchini qamrab olish quvvatiga ega. Plantatsiyaning yillik daromadi 860 mln dollardan ziyod bo‘lib, yillik hosil 2 350 tonnani tashkil qilishi rejalashtirilgan. Maskanda, ishchi guruh aʼzolari eng serdaromad sohalardan biri bo‘lgan uzumchilik yo‘nalishida aholini bandligini taʼminlash maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirishdi.

Shuningdek mutasaddilar tumanning “Ilg‘or” mahallasida bo‘lishib, Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan joriy etilgan mahallalardagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari hamda mahalla raisi va ayollar faollarining o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Masʼullarning hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, band bo‘lmagan ishsiz yoshlarni ish bilan taʼminlash borasidagi reja va takliflari tinglandi.

Naʼmuna sifatida mahalladagi “Tinibek bobo” fermer xo‘jaligi keltirildi. Unda 50 nafar mahalliy yoshlarning bandligini taʼminlash uchun 25 sotixdan yer maydonlari ajratib berilgan. Yer maydonlaridan unumli foydalanish nazoratga olinganligi eʼtiborga sazovorligi taʼkidlandi.

O‘rganishlar davomida ishchi guruhi aʼzolari tumandagi “Quyosh” mahallasida istiqomat qiluvchi Isroil Chakarov xonadonidagi issiqxona faoliyati bilan tanishishdi. Maydoni 15 sotix bo‘lgan ushbu issiqxonada 5 nafar mahalliy fuqarolarning bandligi taʼminlangan. Asosan pomidor yetishtirish bilan shug‘ullanadigan qahramonimiz issiqxonadan yiliga 2 martagacha hosil olmoqda.

Mazkur mahalla chegara hudud hisoblanib, unda “O‘zbekiston-Qozog‘iston“ xalqaro chegara posti ish faoliyatini kun-u tun olib bormoqda. Respublika ishchi guruhi aʼzolari ushbu maskanda bo‘lib, fuqarolar va tadbirkorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.

Tadbir jarayonida ishchi guruh aʼzolari Sirdaryo tumandagi “Mega lyuks“ korxonasiga tashrif buyurib chet eldan qaytgan mehnat migrantlari uchun tashkil etilgan mehnat yarmarkasida ishtirok etishdi. Yarmarkada 81 nafar fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, 41 nafar fuqarolarga kasbga yo‘naltirish maqsadida monomarkazga yo‘llanma berildi, yana 39 nafar fuqarolar shu joyda ish bilan taʼminlandilar.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “yashil makon” umummilliy loyihasi bugungi kunda mamlakatimiz bo‘ylab umummilliy harakatga aylanib ulgurdi. Sirdaryo tumanidagi “Islomobod“ mahallasida Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan dolzarb 40 kunlik aksiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar mutasaddilar tomonidan ko‘zdan kechirildi.

Shundan so‘ng ishchi guruh aʼzolari Sayxunobod tumanida “ayollar” va “yoshlar” temir daftarida turgan fuqarolarimizni bandligini taʼminlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdilar. Jumladan, tumandagi “Guliston“ mahallasida faoliyat yuritadigan “Guliston chevarlari” MCHJda ijtimoiy hamda moddiy yordamga muhtoj 26 nafar mahalliy ayollar ish bilan taʼminlanganligi diqqatga sazovor

Ishchi guruh aʼzolarining keyingi manzili tumanning “Baxmalsoy” mahallasi hududida joylashgan “Politex Sirdaryo“ klasteri bo‘ldi. Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan texnologiya bilan jihozlangan ip-kalava ishlab chiqarishga mo‘ljallangan klasterda mutasaddilar ishchi xodimlar faoliyati, korxonaning eksport-import salohiyati bilan yaqindan tanishdilar. Eʼtiborlisi, ushbu maskanda hududda istiqomat qiluvchi 400 nafar temir daftarga kiritilgan fuqarolarning bandligi taʼminlangan.

O‘rganish jarayonida ishchi guruh aʼzolari Guliston shahrining “Bahor” mahallasida joylashgan Viloyat ichki ishlar boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘limi faoliyatini o‘rganishdi. Unda yo‘l harakati ishtirokchilarini xavfsizligini taʼminlash borasida sohada amalga oshirilayotgan ishlarning taqdimoti o‘tkazildi.

Tadbir davomida Guliston shahar 4-sektorga qarashli “Yuksalish“ mahallasi binosida mahalla raisi, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi hamda ayollar faoli bilan suhbatlashildi. Tashkil etilgan tanqidiy ruhdagi uchrashuvlarda masʼullarga mavjud muammo va kamchiliklar bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

Ishchi guruh Sirdaryo viloyatidagi faoliyatini davom ettirmoqda.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish