Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Yangiyer tibbiyot birlashmasida nefrologiyaga ixtisoslashgan yangi boʻlim ish boshladi
Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida nefrologiya, terminal va oʻtkir buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan kasallangan bemorlarni davolashga moʻljallangan boʻlim ish boshladi.

Respublikamizda, qolaversa Sirdaryo viloyatida ham nefrologiya, terminal va oʻtkir buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan kasallangan bemorlar soni soʻngi yillarda koʻpayib, ham yosharib boryapti.

Tib olimlarining ilmiy xulosalariga koʻra, nefrologiya, terminal va oʻtkir buyrak yetishmovchiligi kasalligini qandli diabet, surunkali glomerulonefrit va piyelonefrit, buyrak polikistozi kabilar keltirib chiqaradi.

Nefrologiya, terminal va oʻtkir buyrak yetishmovchiligi kasalligini oldini olish, kasallikka chalingan bemorlarni sogʻligʻini tiklash, umr koʻrish davomiyligini uzaytirish maqsadida Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasida 10 oʻringa moʻljallangan Nefrologiya boʻlimi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Mazkur boʻlimni joriy taʼmirlash ishlariga 150 million soʻm, mebel va tibbiy jihozlash ishlariga 46 million soʻm, maishiy texnikalarga 25 million soʻm, yumshoq buyumlar uchun 10 million soʻm miqdoridagi byudjet mablagʻi hamda byudjetdan tashqari ishlab topilgan pul mablagʻi yoʻnaltirildi.

Mutaxassislar, Respublika nefrologiya tibbiyot markazida hamda Sirdaryo viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida malaka oshirib qaytishdi. Endi ular, shu turdagi kasallik bilan kasallangan, davolanishga muhtoj boʻlgan Xovos, Boyovut, Sardoba tumanlari hamda Yangiyer va Shirin shahar aholisiga xizmat koʻrsatadi.

— Bu kasallik koʻp hollarda mehnatga layoqatli, ijtimoiy faol insonlarda uchraydi,  — deydi Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi nefrologiya boʻlimi mudiri, nefrolog Rustam Toshtemirov. — U aksariyat paytda belgilari namoyon boʻlmay yashirin ravishda kechadi. Ammo terminal buyrak yetishmovchiligi kelib chiqqanidan keyin kasallik nihoyatda xavfli tus oladi. Terminal va oʻtkir buyrak yetishmovchiligi bilan xastalangan bemorlarni davolashda faqat ikki usul — muntazam gemodializ orqali davolash va buyrak transplantatsiyasi samara beradi.

Yaqin vaqt ichida Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasida yana bitta boʻlim, gemodializ boʻlimi ham oʻz faoliyatini boshlaydi. Bu esa bir vaqtning oʻzida 10 nafar, bir yil davomida 300 ming nafar oʻtkir buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan kasallangan bemorlarga  tibbiy xizmat koʻrsatish imkonini beradi. Ayni vaqtda, jihozlash, keltirilgan tibbiy apparaturalarni oʻrnatish ishi ketyapti. Bu esa surunkali buyrak kasaliga uchragan bemorlarning xastalikdan forigʻ boʻlishiga xizmat qiladi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish