Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryo navolari ansambli Navroʻz bayramini Turkiyada nishonladi
Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining Sirdaryo viloyati boʻlinmasi qoshidagi Sirdaryo navolari ansambli bu yil Navroʻz bayramini Turkiyada nishonladi.

Turkiyaning Nigʻde viloyatida joylashgan “Oʻmer Halisdemir” nomidagi universitetda Nigʻde munitsipaliteti va Xalqaro Turk madaniyati tashkiloti TURKSOY hamkorligida Navroʻz bayrami nishonlandi. Unda Nigʻde munitsipaliteti rahbari Emrah Oʻzdemir, universitet rektori professor doktor Hasan Uslu, TURKSOY Bosh kotibi professsor doktor Dusen Qaseinov, rektor oʻrinbosari professor doktor Yagʻmur Shener va alohida taklif qilingan koʻplab mehmon va talabalar ishtirok etdi.

Tadbirni universitet rektori professor doktor Hasan Uslu ochib berdi. Hasan Uslu unda soʻzlagan nutqida, dunyoning bir necha mamlakatida katta hayajon bilan nishonlangan Navroʻz bayramini bu yil ham Xalqaro turk madaniyati tashkiloti TURKSOY hamkorligida, universitet mehmonlari va talabalar bilan birgalikda nishonlashdan xursand ekanliklarini ifoda etgan holda, tadbirni uyushtirishga qoʻshgan hissalari uchun TURKSOY va Nigʻde munitsipalitetiga alohida minnatdorchilik bildirdi.

Tadbir taklif etilgan sanʼatkorlarning rang-barang chiqishlari bilan yanada qizgʻin tus oldi. Unda Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining Sirdaryo viloyati boʻlinmasi qoshidagi Sirdaryo navolari ansambli ham qatnashdi. Jamoa aʼzolari ijrosidagi “Savatchi qizlar” raqsi ayni vaqtda oʻzbek raqs sanʼati jihatidan ham tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish va oʻzgacha hayajon bilan qabul qilindi. Yuqorida nomi tilga olingan filarmoniya rahbari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Asadilla Holiqovning qayd etishicha, ansambl aʼzolari uchun ham bu yilgi Navroʻz bayrami kutilmagan sovgʻadek boʻlgan. Chunki ular bu yil birinchi marotaba ushbu bayramni Turkiyada, Turk dunyosi va nigʻdelik talabalar quvonchi bilan birgalikda nishonlamoqdalar.

Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston davlat filarmoniyasining Sirdaryo viloyati boʻlinmasi qoshidagi Sirdaryo navolari ansambli, 2001-yili tashkil topgan. Ansambl oʻtgan davr mobaynida dunyoning koʻplab davlatlarida oʻtkazilgan turli tadbirlarda ishtirok etib kelmoqda. Ular asosan oʻzbek milliy, anʼanaviy va mumtoz kuy-qoʻshiqlari, ayniqsa meros qoʻshiq hamda raqslar bilan chiqish qiladilar.

Tadbir yakunida universitet rektori, isteʼdodli sanʼatkorlarga alohida minnatdorchilik bildirdi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish