Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryoda “Oqila ayollar” harakati tashabbus guruhi faoliyat boshladi

Mamlakatimiz hayotida har kuni ulugʻvor bir oʻzgarish, har kuni xayrli bir yangilik yuz beradi. Har kuni bir xushxabar tarqaladi. Bu yangilanish jarayonlari yurtdoshlarimiz hayotini yanada farovon qilish, yanada koʻrkam qilish, insonni ulugʻlashga qaratilgan saʼy-harakatlardir. Inson qadri ulugʻlangan yurtda yuksalish, taraqqiyot, rivojlanish boʻladi. 

Yurtimizda har bir ayol eʼzozda. Ayolning mehnat qilishi, farzand tarbiyalashi, oilasida chinakam baxtli boʻlishi, jamiyatda oʻz oʻrnini topa olishi, isteʼdodini namoyon qila olishi uchun zarur sharoitlar va huquqiy asoslar yaratilgan.

Davlatimiz rahbari 1-mart kuni oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida xotin-qizlar hayotidagi mavjud muammolarni hal qilish borasida 38 yoʻnalishda topshiriqlar berdilar. Bu topshiriqlarning zamirida ham ayolni eʼzozlashga qaratilgan gʻoyalar yotibdi. Ana shu dolzarb topshiriqlarni amalga oshirish maqsadida viloyatimizda eng faol, ziyoli, olima ayollar, deputatlarimiz, tashabbuskor xotin-qizlarimiz maslahatlashib “Oqila ayollar” harakati klubini tashkil etildi. Klubning birinchi tashkiliy majlisi ham boʻlib oʻtdi. Ana shunday klublar viloyatning barcha shahar-tumanlarida ham tashkil etilmoqda.

Klub aʼzolari mahallama-mahalla yurib, ishsiz ayollarning bandligini taʼminlash, yosh oilalarni mustahkamlash, oilaviy nizolarni bartaraf etish, ularga huquqiy maslahatlar berish va oilaviy ajralishlarning oldini olish, kam taʼminlangan, yordamga muhtoj oilalardagi ayollarning tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, ularga imtiyozli kreditlar ajratish masalalarini hal etishga koʻmaklashadi. Muxtasar qilib aytganda, “Oqila ayollar” harakati muntazam ravishda xotin-qizlar muammolarini bartaraf etish bilan shugʻullanadilar. 

Bugun Guliston shahridagi Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatida viloyat “Oqila ayollar” harakati tashabbus guruhi tomonidan “Ayollarni eʼzozlash – ezgulik va adolat mezoni” mavzusida festival oʻtkazildi.

Unda viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev, “Mehnat shuhrati” va “Doʻstlik” ordeni sohibasi, shoira Zulfiya Moʻminova, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori oʻrinbosari Eʼzozxon Karimova hamda xalq xoʻjaligining turli tarmoqlarida samarali mehnat qilayotgan, nafaqat faoliyati bilan balki hayot tarzi bilan boshqalarga ibrat, namuna boʻlayotgan bir guruh xotin-qizlar va viloyat jamoatchiligi ishtirok etdi.

Festival avvalida Halima Xudoyberdiyeva haykali poyiga gullar qoʻyilib, xalqimizning sevimli shoirasiga ehtirom koʻrsatildi.

Tadbirda soʻz olganlar Uchinchi Renessans poydevorini qurish, jamiyatda yangi maʼnaviy makon yaratish ishlarini oila, onalar maʼnaviyati bilan uzviy amalga oshirish, har bir oila, xonadon va mahalla “Oqila ayollar” harakatining markaziga aylanishi zarurligini qayd etdi.

Takidlandiki, bugungi kunda viloyat boʻyicha tadbirkorlik qilish istagini bildirgan 13 nafar xotin-qizga tijorat banklari tomonidan 256 million soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratib berildi. Yil yakuniga qadar xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun jami 150 milliard soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilishi rejalashtirilmoqda. 

Shuningdek, “Ayollar daftari” ga kiritiladigan 14 380 nafar xotin-qizlar bilan manzilli ishlash va shu asosda 4 476 nafarining bandligini taʼminlash, 1 423 nafarini tadbirkorlikka jalb etish va ularga kredit olishga koʻmaklashish, 6 900 nafar ehtiyojmand ayolga moddiy yordam ajratish, 475 nafariga tomorqasidan daromad manbai sifatida foydalanishi uchun koʻmak beriladi. 142 nafar ayolning uy-joyini taʼmirlash va 602 nafariga turar-joy ijara kompensatsiyasini toʻlab berish koʻzda tutilgan. Hududlarda 50 ta yangi kooperatsiyalarni tashkil etish orqali 4 793 nafar, mavjud 27 ta kooperatsiya faoliyatini kengaytirish orqali 1 130 nafar xotin-qizlarning bandligi taʼminlanadi.

Xalqimizda “Qush tilini qush biladi”, degan hikmatli ibora bor. Shu oʻrinda ayolning muammosini, ayolning dardini ayol tushunadi. Birgalashib, hamjihat boʻlib, maslahatlashib, har qanday muammoni hal qilish mumkin. Oʻylaymizki, “Oqila ayollar” harakati opa-singillarimizning eng yaqin koʻmakdoshi, maslahatchisi, sirdoshiga aylanib qoladi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish