Deylik, shahar yoʻllarining bir necha chorrahasida svetoforlar oʻrnatildi. Toʻgʻri, bu olamshumul yangilik emas. Lekin shu paytga qadar mazkur shaharda harakat xavfsizligini tartibga soluvchi vositalar oʻrnatilmagandi.
Sir emas, koʻkalamzorlashtirish, obodonlashtirish deyilsa, asosan markaziy hududlarga eʼtibor qaratish amaliyoti yaqin-yaqingacha ustuvor edi. Bundan maqsad yuqori idoralardan kelgan rahbarlar tasavvurida yaxshi taassurot qoldirish boʻlganini ham yashirishning hojati yoʻq. Ammo bugun ushbu masalaga yondashuv butunlay oʻzgargan, obodlik ishlari koʻlami, manzili kengaygan.
Boyovut tumanidan chiqib Shirin hududi boshlangan joyda nurchilarning “Dala hovli” deb nomlanuvchi aholi punkti bor. Har yili shaharga minglab tup koʻchat ekilgani bilan “Dala hovli” yonidan oʻtgan avtoyoʻl chetlari yaydoq boʻlib qolaverardi. Endi Shirinning ana shu ostonasi tuprogʻida ham nihollar tomir otadigan boʻldi.
Bu oʻrinda yana yaqin yillardagi nomaqbul amaliyotni eslasak. Mana shunday chekka, uzoq manzillardagi yoʻl chetlariga ekilgan koʻchatlar har doim ham oʻsib-unib ketavermagan, toʻgʻrimi? Chunki hashar bilan oʻtqazilgan nihollarning keyingi taqdiriga aniq bir masʼul tashkilot yoki shaxs tayin etilmagan. Xoʻsh, Shirin yoʻllari atrofiga oʻtqazilgan koʻchatlarning egasi -bogʻboni bormi?
— Koʻchat oʻtqazish bilan birga uni yil boʻyi parvarish qiladigan bogʻbonini ham tayinlayapmiz, — deydi Shirin shahar hokimi Sarvarbek Sultonov. — Mana, masalan, “Dala hovli” yoni boʻylab choʻzilgan bir gektarlik xiyobonni bogʻbonlik tajribasiga ega, Mirzo Ulugʻbek mahallasi faollaridan biri Abdujabbor Turonov ixtiyoriga berdik. U kishi oʻtqazilgan koʻchatlar parvarishi bilan birga oraliq yerlarda past boʻyli oziq-ovqat ekinlari ham oʻstirib, qoʻshimcha daromadli boʻladi.
Koʻchatlarning joylashtirilishi ham kiroyi. Birinchi qatorda hamisha koʻm-koʻk qaragʻaylar, ikkinchi va keyingi qatorlarda yana boshqa mahalliy navli daraxt koʻchatlari. Eʼtiborlisi, behi, gilos, olma qatorlari ham bor. Oʻtgan yili Shirinning yonidan oquvchi Janubiy Mirzachoʻl kanali qirgʻogʻi ustida ham yashillik paydo boʻldi. Anchayin balandlik va qiyalikdagi bu manzara shahar ostonasiga oʻzgacha zeb berdi. Qaragʻaylar saf tortgan qator pastidagi barglari misli filning qulogʻidek katta, juda tez oʻsadigan pavloniyalarning bu yilgi kelbatiyu jamoli qanchalar goʻzal boʻlishini hozirdan tasavvur qilish mumkin. Ana shunday suv olib borish qiyin hamda noqulay joylarda irrigatsiyaning yangi avlodi — tomchilatib sugʻorish qoʻl kelayotir. Kanal qirgʻogʻi uzra xiyobon yuqorida keltirganimiz — Boyovut tumani hududigacha choʻzilmoqda. Shu bilan birga tez orada ana shu masofada soya-salqinli piyodalar yoʻlagi ham quriladi.
“Guliston–Shirin” yoʻnalishidagi avtoyoʻlning “Dala hovli”ga tutashgan yana bir chetida avvallari Mirzachoʻl vohasida kuzatilmagan koʻkalamzorlashtirish ishlari bormoqda. Yaʼni loyihaga koʻra yoʻlga tutash qatorga boʻyi toʻrt metrlik qaragʻay koʻchatlari oʻtqazilayotir. Toʻrt metrlikning tanlanganiga sabab, mukammal yashillik bir necha yil kutilmaydi. Toʻgʻri bunday koʻchatlar qimmat, lekin uch-toʻrt yillik mehnat va xarajat hisobga olinsa, mana shu eng yaxshi tanlov. Xullas, birinchi qatorga qaragʻaylar zichlab joylashtirilyapti, sababi bu yerlar Bekobod shamoli yoʻnalishiga qaragan. Kelajakda baquvvat archalar shamol kuchini sindirishi bilan birga yerlarni eroziyadan asraydi. Muhimi, keyingi qatordagi daraxtlarning emin-erkin oʻsishiga yordam beradi. Archalar ortida ikki qator valishli tokzor barpo etilyapti. Valishlar oʻrtasidan esa yoʻlak qurilyapti. Bir soʻz bilan aytganda, taʼbir joiz boʻlsa, mazkur “Koʻcha bogʻ”ning loyihasidanoq nabototning ajoyib bir manzili paydo boʻlayotganini xayolan tasavvur qilish mumkin.
Shahar obodonlashtirish boʻlimi bogʻbonlari ayni joylarda tabiiy oʻsib turgan daraxt va butalarni ham asrab qolayotgani esa tahsinga loyiq. Deylik, kanal qirgʻogʻi yon atrofidagi tol va hatto yulgʻunlarga ham madaniy shakl berilib, umumiy yashillik safida barq urib oʻsishiga sharoit yaratilayotir.
Bu tafsilotlar shundoq yaqinida Markaziy Osiyoning gigant elektr korxonasi — Sirdaryo IES gurullab ishlab turgan, yana bir tomonida yangi bugʻ-gaz elektr stansiyasi qurilishi jadal borayotgan, ammo hali Shirin shahri markaziga bir necha kilometr uzoqda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlaridan bir lavha edi. Zero, hademay Shirin oʻz mehmonlarini mana shu obod ostonasidanoq hozirgidanda koʻrkam, goʻzal bir goʻsha boʻlib qarshi oladi.
Ahmadali SHERNAZAROV,
“Xalq soʻzi”.
104,9 %
2023 yilning yanvar–iyun oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan foizi
97,1 %
2023-yilning yanvar–iyun oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan foizi
904 865 kishi %
2023-yilning yanvar oyi holatiga
100,9 %
2023-yilning yanvar–iyun oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan foizi
104,5 %
2023-yilning yanvar–iyun oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan foizi
109.1 %
2023-yilning yanvar–iyun oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan foizi