Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Shirinda ingliz tili fani oʻqituvchilarining bilim va malakalari yanada oshiriladi

Sirdaryo viloyati Shirin shahar hokimi Sarvar Sultonov shahar umumiy oʻrta taʼlim maktablarining ingliz tili fani oʻqituvchilari bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.

Muloqot Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, xorijiy til oʻqituvchilarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.

Uchrashuvda xorijiy tillar ayniqsa, ingliz tili fani oʻqituvchilariga berilayotgan koʻplab imtiyozlar va imkoniyatlar xususida soʻz bordi.

– Bugun kelajak avlodga faqat ilm berish kerak, – Sarvar Sultonov. – Yoshlarimizga bilim berayotgan ustozlarimizning bilim va malakasini oshirish uchun qanday shart-sharoit, yordam kerak boʻlsa tayyorman. Ular oʻz ustida ishlashdan toʻxtamasa bas.

Oʻqituvchilar ham oʻz taklif va mulohazalarini bildirdi.

Shirin shahrida ingliz tili fani oʻqituvchilarini bilim va malakalarini yanada oshirish maqsadida Shirin energetika kollejida oʻquv kursi tashkil etiladigan boʻldi. Mazkur oʻquv kursiga ayni vaqtda kollejda ingliz tili fanidan dars berayotgan malakali oʻqituvchilar jalb qilinadi. Ushbu oʻquv kursi shahardagi umumtaʼlim maktabining ingliz tili fani oʻqituvchilari uchun mutlaqo bepul boʻlib, dars berish xarajatlari homiylik mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish