Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
“Guliston tibbiyot klasteri”ning birinchi bosqichi ishga tushdi
Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida “Guliston tibbiyot klasteri”ning birinchi bosqichi ish boshladi. U 520 oʻrinli boʻlib, 5 ta davolash muassasasi va viloyat diagnostika markazi negizida tashkil etildi. Bunda barcha boʻlimlar, diagnostika va laboratoriya tekshiruvlari markazlashib, bir bino ichida joylashadi.

Tibbiyot klasteri tashkil etilishi orqali davlat tibbiy sugʻurtasi tizimini joriy etish uchun toʻlaligicha zamin yaratiladi. Qolaversa, tibbiyotda innovatsiya va biotexnologiya ishlari uchun yoʻl ochiladi. Tibbiy yordam koʻrsatishning uchinchi darajasida tibbiy xizmat koʻrsatishning yangi modeli yaratilib, endovaskulyar xirurgiya, kardioxirurgiya, yuqori texnologik davolash usullari, transplantatsiya xizmatlari tibbiyot klasterida toʻlaligicha yoʻlga qoʻyiladi.

Bemorni davolashda bir vaqtning oʻzida kardiolog, okulist yoki endikrinolog maslahati kerak boʻlishi mumkin. Bunda, boshqa davolash muassasasida zarur mutaxassis koʻrigidan oʻtib, ularni xulosasini olib ovorayu sarson boʻlishi, vaqt sarflashi kerak boʻlardi. Tibbiyot klasterida esa bu kabi ovoragarchiliklarning oldi olinadi. Bemor “bir tom ostida” barcha zarur muolaja va maslahatlarni olib vaqtini ham, mablagʻini ham tejaydi.

Guliston tibbiyot klasterining birinchi bosqichida terapiya boʻlimi yangi binoda ishga tushdi va bu bino eng zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi. Rossiya, Belarus va Turkiyada malaka oshirib qaytgan, yangi hamda zamonaviy tibbiyot jihozlarini bemalol ishlata oladigan malakali shifokorlar esa soha samaradorligini yanada oshiradi.

Guliston tibbiyot klasteri rahbari Qodir Hotamov amalga oshirilishi kutilayotgan rejalar haqida soʻzlab berdi:

– Yaratilgan shart-sharoitlar haqida eshitgan ayrim malakali shifokorlarimiz arab davlatlari, misol uchun Yamandan qaytib oʻzimizda ishlash istagini bildirishmoqda. 40 yillik tajribamdan kelib chiqib aytadigan boʻlsam, hozirgi yaratilgan sharoitlar bundan 20 yil avvalgilardan yer bilan osmoncha farqi bor. Juda ilgarilab ketdik. Bizning tibbiyotdagi eng yaxshi jihatimiz nima bilasizmi? Barcha bemorlar oʻziga zarur tibbiy yordamni qisqa vaqt oraligʻida olish imkoni bor, boshqa davlatlardagi kabi bir necha xafta navbat kutib turmaydi. Masalan, zarur hollarda shoshilinch tibbiy yordam navbatsiz koʻrsatiladi. Rejali kelgan bemorlar esa yoʻllanma bilan qabul qilinadi. Koʻp narsalarni xorijga solishtirishni yaxshi koʻramiz. Xorijiy davlatlarda bir necha marta boʻlib, ularning tajribasini oʻrganish jarayonida shunga guvoh boʻldimki, baʼzi bir operatsiyalar uchun bemorlar 3-5 oygacha navbat kutishadi.

Baʼzida bemorning holati oʻta jiddiy boʻlsa, tezlik bilan jarrohlik amaliyotlarini oʻtkazamiz yoki boshqa davo choralarini koʻllaymiz. Hozir yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ham viloyatda amalga oshirilishi joriy qilinmoqda. Misol uchun, bir necha yillar muqaddam faqat chet elda qilingan jarrohliklardan biri – endoprotez (son boʻgʻimidagi kosachaning bosh chanogʻini almashtirish) oʻrnatish uchun hozirda malakali shifokorlar va maxsus zamonaviy tibbiy qurilmalar oʻzimizda yetarli. Oʻtgan yil viloyat miqyosida bu kabi 30 ta jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Ayni vaqtda biz hisob-kitob qilib koʻrdik. Oʻtgan yil ikki ming nafar bemor Toshkentga borib davolangan. Bemorlarga qulaylik yaratish, Toshkentga borib-kelish sarf-xarajatlarini kamaytirish maqsadida hech boʻlmaganda bu kabi bemorlarning 50 foizini oʻzimizda davolashga harakat qilamiz. Kerak boʻlsa, poytaxtdan shifokor chaqiramiz. Hozir joylardagi mutaxassislar bilan bogʻlanib, jarrohlik amaliyotiga muhtoj bemorlarni bizga yuborishlarini tushuntirayapmiz. Negaki, klasterimiz maxsus laboratoriyalar va zamonaviy jihozlar bilan jihozlangani bois, imkoniyatlarimiz kengaymoqda.

Oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biri tizimga davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini toʻliq joriy etish. Ana shunda aholining barcha qatlamlariga kerakli tibbiy yordam koʻrsatish shart-sharoitlari va moliyaviy imkoniyatlari yaratiladi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish