Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Turkiyaning Sogʻliq bilimlari universiteti rektori Jevdet Erdol “Guliston tibbiyot klasteri” loyihasi bilan tanishdi
Prezidentimizning “Sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining “Sirdaryo viloyatida sogʻliqni saqlash tizimini takomillashtirishning yangi modeli – Guliston tibbiyot klasterini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq viloyat darajasidagi samarasiz faoliyat yuritayotgan muassasalarni qisqartirish, qayta moliyalashtirish va boshqaruv xarajatlarini yanada maqbullashtirish orqali viloyat tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filiali, viloyat Endokrinologiya dispanseri, viloyat Koʻz kasalliklar shifoxonasi, viloyat Tibbiy diagnostika markazi, Urush va mehnat faxriylari shifoxonasi birlashtirilib, “Guliston tibbiyot klasteri” tashkil etiladi.

Shuningdek, mamlakatimizda ilk bor tashkil etilayotgan ushbu klaster va boshqa tibbiyot muassasalarini zamonaviy kadrlar bilan taʼminlash maqsadida Guliston tibbiyot kolleji negizida Turkiyaning Sogʻliq bilimlari universiteti filiali tashkil etiladi.

Filialga qabul qilinadigan talabalar 3 yil Oʻzbekistonda, 3 yil Turkiyada taʼlim oladi. Talabalarning 30 foizi oʻqishga grant asosida qabul qilinadi. Oʻqitish ishlari kunduzgi taʼlim shaklida, davlat va ingliz tillarida amalga oshiriladi.

Turkiyaning Sogʻliq bilimlari universiteti rektori, professor Jevdet Erdol boshchiligidagi delegatsiya Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Amirillo Inoyatov hamrohligida viloyatga tashrif buyurdi.

Dastlab, ular Guliston tibbiyot kollejida boʻlib, kollej oʻquv binosini koʻzdan kechirdi. Shundan soʻng Sogʻliq bilimlari universiteti filialini amaliyot bazasi boʻlishi kutilayotgan, “Guliston tibbiyot klasteri”, uning tarkibiga qoʻshilayotgan Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markaz Sirdaryo filiali hamda Guliston shahridagi viloyat Perinatal markazini koʻzdan kechirdi. Viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari bu yerda amalga oshirilayotgan ishlar va belgilangan loyihalar yuzasidan taqdimot qilishdi.

Jevdet Erdol viloyat hokimi oʻrinbosari Otabek Nosirov bilan uchrashib, hamkorlikni rivojlantirishning eng maʼqul tomonlarini muhokama qildi.

– Tibbiyot sohasini rivojlantirishda klaster usulidan foydalanish oʻz samarasini berishi tajribada isbotlangan, – dedi Jevdet Erdol. – Oʻzbekistonda, jumladan, Sirdaryoda olib borilayotgan ishlar yaqin kelajakda ijobiy natijasini berishiga ishonchim komil.

Maʼlumot oʻrnida,  Turkiyaning Sogʻliq bilimlari universiteti filialini ochish, uni Sirdaryoda ishga tushirish masalasi “Yangi Oʻzbekistoning 2022-2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022-yilda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da belgilangan. Mazkur universitet Turkiyada tibbiyot yoʻnalishi boʻyicha nufuzli davlat oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Ayni vaqtda bu oliy dargohda 13 ta fakultet, 5 ta institut, 6 ta professional tibbiyot maktabi, 35 ga yakin ilmiy markaz, 58 ta shifoxonalar birlashgan.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish