Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Viloyat hokimi aholi muammolari va hokim yordamchilari faoliyatini oʻrgandi
Mamlakatimizning barcha hududlarida masʼullar tomonidan aholi muammolarini “xonadonbay” oʻrganish, ularni joyida muhokama qilib, ijobiy yechim topishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev Sirdaryo tumanidagi “Yangiobod” va “Intilish” mahallasida boʻlib, fuqarolar hamda hokim yordamchilari bilan muloqot qildi. U yerdagi mavjud kamchilik, aholini qiynab kelayotgan muammolarni shaxsan oʻrgandi.

Muloqot davomida “Yangiobod” mahallasi hududida 8,5 kilometr masofadagi ichki yoʻllarni taʼmirlash, eskirgan 60 ta elektr simyogʻochlarini yangisiga almashtirish, 500 metrga ichimlik suvi quvuri tortish, 1 ta ichimlik suvi minorasi hamda sizot suvlar satxini pasaytirish uchun tik quduq oʻrnatish zarurligi aytildi.

Fuqarolarning murojaatlaridan kelib chiqib, muammolarni qisqa vaqt ichida bartaraf etish boʻyicha masʼullarga qatʼiy vazifalar yuklatildi. Ichki yoʻllarini taʼmirlash ishlari bugunning oʻzida boshlab yuborildi. Yana bir muhim jihat, mahallada 1 ta qishloq vrachlik punkti va 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti barpo etiladigan boʻldi.

– Mahalla aholisini xatlovdan oʻtkazish jarayonida aksariyat bandligi taʼminlanmagan aholi, ayniqsa, yoshlardan hududda maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyatini kengaytirish boʻyicha takliflar tushmoqda, – deydi ushbu mahallaga yaqindagina hokim yordamchisi etib tayinlangan Jahongir Botirov. – Ishsiz xotin-qizlar esa tikuvchilikka qiziqishar ekan. Shu sababli mahallada tikuvchilik sexi tashkil etishga ehtiyoj sezildi. 

“Intilish” mahallasiga biriktirilgan hokim yordamchisi Ilxom Xazratqulov mahallada istiqomat qiluvchi aholi asosan parranda boqish va koʻpaytirish borasida tajribaga ega ekanligini inobatga olib, bu yerda parrandachilik kooperatsiyasini tashkil etish taklifini bildirdi.

Viloyat rahbari bildirilgan taklifni maʼqullab, muhtaram Prezidentimizning talab, istaklari ham har bir hududning oʻz drayver yoʻnalishini aniqlab, mahallada ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni har tomonlama yuksaltirish orqali xalqimizning turmush sharoitini yaxshilash ekanligini qayd etdi. Kooperatsiyani yanada rivojlantirish xususida oʻz tavsiyalarini berdi.

Ilxom Xazratqulovning taʼkidlashicha, kooperatsiyaning birinchi bosqichida mahalladagi oʻrtacha 20 ta xonadon inkubator va tuxumlar bilan taʼminlanib, joʻja ochirish yoʻlga qoʻyiladi. Keyingi bosqichida parrandachilik bilan shugʻullanish istagini bildirgan xonadonlarga joʻja va ularni boqish uchun 40 kunga yetadigan ozuqasi ham yetkazib beriladi. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, bu orqali 120 nafar aholining ish bilan taʼminlanishiga erishiladi. 

Loyihani namunali amalga oshirish uchun mahallani tabiiy gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash borasida muammolar borligi aytildi. Viloyat rahbari tomonidan yangi transformator oʻrnatish va shu yilning aprel oyigacha tabiiy gaz tarmogʻiga ulash boʻyicha mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga koʻrsatma berildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish