Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryoda 2021 yil davomida 17 ming nafarga yaqin fuqaro bandligi ta’minlandi

Sirdaryo viloyatida 2021 yil davomida aholi bandligini ta’minlash uchun yangi ish o‘rinlari tashkil etish borasida hududiy dasturlarga muvofiq, 16 ming 900 ta yangi ish joyi yaratilib, reja barcha tuman, shaharlarda ortig‘i bilan bajarildi.

Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi tomonidan tuman (shahar)larda tashkil etilgan 15 ta ishlab chiqarish kooperativlariga mingdan ortiq ishsiz fuqaro jalb etilib, ularga 2,2 mlrd. so‘mlik subsidiya mablag‘lari ajratildi. Tuman, shahar Bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan ish axtarib murojaat qilgan 13 ming 900 nafar, asosan, “Yoshlar” va “Ayollar” “Temir” daftarlarga kiritilgan ishsiz fuqarolar doimiy ishga joylashtirildi.

Ishga joylashtirilganlarning asosiy ulushi Guliston shahar (1674 nafar), Sirdaryo (1653 nafar), Boyovut (1516 nafar), Mirzaobod (1446 nafar) hamda Xovos tumanlariga (1277 nafar) to‘g‘ri keldi.

Shuningdek, 214 nafar band bo‘lmagan tomorqa yer egalariga yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish uchun 1,1 mlrd. so‘mlik subsidiya mablag‘lari ajratildi.

Bandlikka ko‘maklashish markazlari tomonidan o‘tgan davr mobaynida 16,2 ming nafar fuqaro jamoat ishlariga jalb etilib, ularga 12,7 mlrd. so‘mlik ish xaqlari to‘lab berildi.

2021 yilda jami 134 marotaba bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilib, ushbu yarmarkalarda 1 ming 400 nafar fuqaroga ishga joylashishi uchun yo‘llanmalar va 1 ming 800 nafariga mehnat qonunchiligi yuzasidan xuquqiy maslahatlar berildi.

Ishsizlarning mehnat bozoridagi raqobatga bardoshliligini kuchaytirish va ish bilan ta’minlash maqsadida 6 ming 800 nafar ishsiz fuqaro iqtisodiyotda talab qilinayotgan mutaxassisliklar bo‘yicha kasbga qayta tayyorlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 oktabrdagi “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha bugungi kunga kelib viloyat hududida faoliyat ko‘rsatayotgan 15 ming 600 ta yuridik korxona va ularda ishlovchi xodimlardan 124 ming 500 nafarining mehnat faoliyatiga oid ma’lumotlari "YAMMT" IDAK dasturiga kiritilishi ta’minlandi.

O‘tgan yili xorijiy davlatlarga tashkiliy va manzilli tarzda 2 ming 600 nafar fuqaro ishlash uchun yuborildi. Jumladan, “Pilot” loyihasi doirasida Rossiya Federatsiyasiga viloyatdan 330 nafar ishchi tanlab olindi va yuz nafardan ortiq fuqaro tashkillashtirilgan holda ishga yuborildi.

Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 191 ta budjet tashkilotida belgilangan tartibda tekshirishlar o‘tkazildi va 806 ta kamchilik aniqlangan. Bular bo‘yicha mansabdor shaxslarga 251,7 mln. so‘m hamda bo‘sh ish o‘rinlarini aniqlash borasida olib borilgan monitoring natijasida hisobotlarni o‘z vaqtida topshirmagan 85 ta korxona va tashkilot rahbarlariga 207,8 mln. so‘m, shuningdek, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynaladigan va mehnat bozorida teng sharoitlarda raqobatlashishga qodir bo‘lmagan shaxslarga eng kam miqdordagi ish joylari yaratilishini ta’minlamagan 7 nafar mansabdor shaxsga 19,8 mln. so‘m miqdorida jarimalar qo‘llanildi.

Yuz bergan oqibati og‘ir 36 ta baxtsiz hodisa maxsus tekshirildi hamda ish beruvchilarga bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatmalar berilib, 14 mansabdor shaxsga nisbatan 20,1 mln. so‘m miqdorida ma’muriy jazo choralari qo‘llanildi.

Viloyatda aholi bandligini ta’minlash maqsadida yangicha yondashuv asosida joriy yilda viloyatda kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta’minlash maqsadida ehtiyojdagi 51 ming 600 o‘rniga 52 ming 600 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, subsidiya ajratish va kasb-hunarga o‘qitish orqali 14 ming nafar fuqaroning bandligi ta’minlanadi. Bunda, tomorqani rivojlantirishga 7,2 mlrd. so‘m ajratilib, 1 ming 700 nafar, ish beruvchilarni rag‘batlantirishga ajratiladigan 2,9 mlrd. so‘m hisobiga 500 nafar, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 18,2 mlrd. so‘m yo‘naltirilib, 4 ming 200 nafar va qo‘shimcha imkoniyatlar hisobiga 16 ming 700 nafar fuqaroning bandligini ta’minlash choralari ko‘riladi. Shuningdek, 9,0 mlrd. so‘m mablag‘ hisobiga 7 ming 700 nafar fuqaro kasb-hunarga o‘qitiladi.

Buning natijasida 2022 yilda ishsizlar sonini 29,7 ming nafarga, ishsizlik darajasini 7,8 foizga kamayadi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish