Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +0.2C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Sirdaryodagi yoqilgʻi quyish shoxobchasi respublikada eng namunali deb topildi

Mamlakatimizda faoliyat yuritib kelayotgan yoqilgʻi quyish shoxobchalarida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash maqsadida bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar, qaror va farmonlar qabul qilingan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 21-sentabrdagi 793-sonli qaroriga muvofiq hududlardagi AGTKS, AGQS va AYOQSlarda savdo, maishiy xizmat koʻrsatish, tez ovqatlanish shoxobchalari va bepul WI-FI zonalari, shuningdek, sanitariya va shaharsozlik normalari hamda qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiyena xonalarini tashkil etish belgilangan.

Qaror ijrosini namunali amalga oshirgan yoqilgʻi quyish shoxobchalarini ragʻbatlantirish uchun turizm va sport vazirligi tomonidan tanlov oʻtkazilgan edi. Vazirlik mutasaddilaridan iborat ishchi guruh Respublikadagi barcha yoqilgʻi quyish shoxobchalarida oʻrganish olib borib, yakuniy xulosalarini bildirishdi.

Kuni kecha tanlov gʻoliblarini taqdirlash marosimi oʻtkazilib, 4 500 dan ortiq yoqilgʻi quyish shoxobchalari orasidan oʻrganish natijalari eʼlon qilindi. Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduxakimov ochib berdi va mamlakatimizda yoʻl boʻyi infratuzilmasining yaxshilanishi muhim ahamiyat kasb etishi borasida toʻxtalib, xorijiy mamlakatlardan tashrif buyuradigan sayyohlar, qolaversa, mahalliy turistlar oldida ham aynan sanitariya-gigiyenik shoxobchalari bilan uyalib qolmaslik lozimligini taʼkidladi.

Quvonarli jihati, tanlovda yuqoridagi qaror talablariga monan, xalqaro standartlarga javob beradigan darajada jihozlangan Yangiyer shahrida joylashgan “Yangiyer metan” MCHJ mutloq gʻolib deb topildi. Gʻoliblar diplom, maxsus statuetka va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

– Shuncha viloyat, poytaxt, ayniqsa, turizm salohiyati kuchli viloyatlar orasida yoqilgʻi quyish shoxobchasining sanitar-gigiyena holati boʻyicha eng namunali deb Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahar avtomabillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchasi eʼtirof etilishi quvonarli holatdir, – Aziz Abduhakimov. – Bunday shoxobchalarni namuna, tajriba sifatida qolgan hududlarda ham tashkil qilsak maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish