Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Qonlikoʻl tumani Sirdaryo tajribasi va koʻmagi asosida rivojlantiriladi
Bugun, 28-dekabr kuni Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofurjon Mirzayev Qoraqalpogʻiston Respublikasining Qonlikoʻl tumanida boʻlib, viloyatning tashabbuskor tadbirkorlari tomonidan tumanda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengashi Raisi Murat Kamalov viloyat hokimiga hamrohlik qildi.

Hukumatimiz tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qoraqalpogʻistonning shimoliy tumanlari aholisining turmush darajasini oshirish maqsadida ushbu hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, jumladan, qishloq va suv xoʻjaligi sohalarida tadbirkorlik subyektlarini tashkil qilish orqali yangi ish oʻrinlarini yaratish va boshqa masalalarda koʻmaklashish uchun Respublikamiz viloyatlari ushbu hududlarga biriktirib berildi.

Ushbu topshiriq ijrosi doirasida Sirdaryo viloyati mutasaddi tashkilotlari, tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklari viloyatimizga biriktirilgan Qonlikoʻl tumanida keng koʻlamli ishlarga kirishmoqdalar. Ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga koʻra 2022-2024-yillar davomida mazkur hududda jami 476,6 milliard  soʻmlik 17 ta yirik loyiha amalga oshiriladi. Buning natijasida 2022-yilga kelib yangi ish oʻrinlari 5 ming 900 taga yetkazilsa, 2024-yil yakuni bilan bu koʻrsatkich 7 ming 140 tani tashkil etadi.

Shuningdek, Qonlikoʻl tumani paxta-toʻqimachilik, bogʻdorchilik va poliz mahsulotlari yetishtirishni rivojlantirish maqsadida foydalanishdan chiqqan jami 9 ming 741 gektar, 2022-yilning oʻzida 2 ming 922 gektar yer maydoni qayta foydalanishga kiritiladi. Buning uchun esa viloyatdan olib kelingan 4 ta haydov traktori, 3 ta buldozer va 3 ta ekskovatordan iborat oʻndan ziyod yuqori unumli texnikalar safarbar etilgan. Hozirgacha ular yordamida 120 gektardan ortiq maydon shudgorlanib, 2.1 kilometr zovur va 2 kilometr sugʻorish tarmoqlari tozalangan.

Tumanning “Navroʻz” ovul fuqarolar yigʻini hudididagi 10 gektar maydonda “Sirdaryo bogʻi” barpo qilish ishlari boshlab yuborildi. Viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengashi Raisi Murat Kamalov bogʻning ramziy ilk koʻchatlarni oʻtqazishdi.

Bugunga qadar viloyatdan tashrif buyurgan 6 nafar tashabbuskor tadbirkor tuman Davlat xizmatlari markazida roʻyxatdan oʻtkazildi. Tashrif davomida viloyat hokimi tadbirkorlarning yangi loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. 

Birgina, “Sirdaryo Mega Lyuks” MCHJ tomonidan tumandagi 7 gektar yer maydonida 21 million AQSH dollari qiymatidagi pistani qayta ishlash va yogʻ mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasi hamda 60 oʻrinli tikuvchilik fabrikasi tashkil qilinadi. 

“Qosjap” ovul fuqarolar yigʻini hududida joylashgan sobiq 22-sonli umumtaʼlim maktabi binosini toʻliq rekonstruksiya qilib, maktabgacha taʼlim muassasasi, xizmat koʻrsatish shoxobchalari va yoshlar guzari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Tashrif asnosida tuman aholisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Mutasaddilar fuqarolarning, ayniqsa, ishsiz yoshlarning taklif va mulohazalarini tinglashdi. Sirdaryolik va qoraqalpogʻistonlik koʻzga koʻringan shoir, yozuvchi va boshqa ilm-fan, madaniyat xodimlari ishtirokida “Inson qadri uchun” shiori ostida “Sirdaryo madaniyati kuni” oʻtkazildi.

1000 nafar kam taʼminlangan oilalar, “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlar, boquvchisini yoʻqotganlar, yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan fuqarolarga yangi yil sovgʻalari topshirildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish