Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Prezident qarori amalda: Sirdaryoda kam taʼminlangan oilalarga pul tarqatish boshlandi
Prezidentimizning 2021-yil 21-dekabrdagi “Aholining kam taʼminlangan qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qarori kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning turmush darajasini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yurtimizda inson qadri har narsadan ustun ekanligini namoyon etuvchi ushbu qaror ijrosini taʼminlash maqsadida, Sirdaryoda viloyat hokimi boshchiligida sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot masʼullari hamda deputatlardan iborat ishchi guruhi tuzilib, “Temir daftar” roʻyxatida turuvchi oilalarga, shuningdek, 18 yoshga toʻlmagan farzandlari bor, boquvchisini yoʻqotganlik, hamda 18 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun nogironlik nafaqasini oluvchi oilalarga 800 ming soʻm miqdorida bir martalik moddiy yordam pullari tarqatilmoqda. Qolaversa, aholining qarorda belgilangan qatlami xonadonlariga pul mablagʻlari bilan birga oziq-ovqat mahsulotlari, Yangi yil sovgʻalari hamda Prezidentimizning bayram tabriklari yetkazilmoqda.

Bugun, 26-dekabr erta tongdan viloyat hokimi, senator Gʻofurjon Mirzayev, sektor rahbarlari, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari hamrohligida boquvchisini yoʻqotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga Yurtboshimiz tabrigi va sovgʻalarini yetkazish maqsadida, Guliston shahrining “Ulugʻobod” mahallasida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand oilalar xonadonida boʻldi.

Dastlab Gʻofurjon Mirzayev mahallaning “Parrandachilik” koʻchasi 8-xonadonda yashovchi, 2-guruh nogiron farzandi boʻlgan Lutfiya Solihova xonadoniga tashrif buyurdi. Viloyat hokimi 9 yoshli Sarvar Joʻrayevni Yangi yil bayrami bilan muborakbod etib, Prezident tabrigini oʻqib eshittirdi va bayram sovgʻalarini topshirdi. Soʻngra viloyat rahbari ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yoʻqotgan Jamila Ahmedova, 11-sinf oʻquvchisi, chin yetim Davron Rustamov, 2-guruh nogiron farzandi boʻlgan Burobiya Husanova, boquvchisini yoʻqotgan, 3 nafar voyaga yetmagan qiz farzandlari bor Holida Rahmonovalarning xonadonlarida boʻlib, ularga ham Prezident tabrigini oʻqib eshittirdi hamda 800 ming soʻm moddiy yordam puli va bayram sovgʻalarini ulashdi.

- Uch nafar farzandlarimning toʻngʻichi Sarvarbek 2-guruh nogironi, tomogʻida oʻsimtasi bor. Uch yoshidan buyon yiliga ikki marotabadan operatsiya qildiraman. Bolajonim shu kungacha oʻn marta jarrohlik amalyotini boshidan oʻtkazdi. Hukumatimizdan minnatdorman. Har safar operatsiya xarajatlarini toʻlab beradi. Viloyatimiz hokimining qorbobo libosida kutilmagan tashrifidan farzandalarim ham, men ham juda xursand boʻldik. Ayniqsa, oʻgʻlim Sarvarbekning quvonchini soʻz bilan taʼriflab berolmayman, - deydi koʻzlarida yosh bilan Lutfiya Solihova. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, koʻngli oʻksik farzandlarimga Hukumatimiz, Prezidentimiz tomonidan qilinayotgan eʼtibordan mamnun boʻlib yashayapmiz. Inson qadri har narsadan ustun qoʻyiladigan yurt fuqarosi ekanligimdan fahrlanaman.

Aholining kam taʼminlangan qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashga oid tadbirlar viloyatning barcha hududlarida davom etmoqda.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish