Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +6.3C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Guliston tumanida qiymati 1,2 milliard so‘mlik tikuv fabrikasi ish boshladi
Yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tadbirkorlik yo‘nalishi alohida o‘rin tutadi. Sohani yanada rivojlantirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan ko‘plab farmon va qarorlar qabul qilinib, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

O‘z navbatida ishbilarmonlar faoliyatini kengaytirish orqali mo‘may daromad topibgina qolmay, yangi ish o‘rinlari yaratib, aholi bandligini ta’minlashga hissa qo‘shayapti. Buni Guliston tumanidagi “MISS MILEDI” korxonasi misolida ham ko‘rishimiz mumkin.

Nargiza Mallaboyeva berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, 2020 yilda 2 milliard 900 million so‘m mablag‘ hisobiga tumanning “Ibrat” mahallasida “MISS MILEDI” ma’suliyati cheklangan jamiyatini tashkil etib, tikuv trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Shu orqali 160 nafar xotin-qizlarni muqim ish bilan ta’minladi. Fabrika yiliga 6 milliard 100 million so‘mlik 168 ming dona kiyim-kechak ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlar “MISS MILEDI” brendi ostida Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilinmoqda.

Davlatimiz rahbarining “Mahallalarda tadbirkorlikni yanada qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlik sub’yektlari bilan aholi o‘rtasida kooperasiyani rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan “Lider tadbirkor” loyihasi joriy etilishi ko‘plab ishbilarmonlar qatori N.Mallaboyevaga ham qo‘l keldi. U faoliyatini kengaytirib, ishsiz aholi ko‘p bo‘lgan mahallada korxona filialini ochish taklifi bilan chiqdi.

Bugun tumanning “Oltin vodiy” mahallasida loyiha qiymati 1 milliard 200 million so‘m bo‘lgan “MISS MILEDI” korxonasi filialining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Hozirda filialga 600 million so‘mlik tikuv mashinalari va boshqa uskunalar olib kelib o‘rnatilgan. Kelgusida yana 400 million so‘mlik uskunalar keltirilishi rejalashtirilgan. 

Mahallada bugungi kunda 2324 nafar aholi istiqomat qiladi. Shundan 1150 nafari ayollardan iborat bo‘lib, ularning 116 nafari “Ayollar daftari”ga kiritilgan. Filial ishga tushishi asnosida mahalladagi 80 nafar xotin-qiz doimiy ishga ega bo‘ldi. 

Ochilish marosimida viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev ishtirok etib, Muhtaram Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan islohotlar natijasida tadbirkorlik sub’yektlari emin-erkin faoliyat yuritib, nafaqat ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, balki, ishlab chiqarayotgan eksportbop mahsulotlari dunyo bozorida ham o‘z o‘rinini egallayotganligi xususida to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, bugungi kundagi dolzarb masala – yangi ish o‘rinlari yaratishga munosib hissa qo‘shayotgan mazkur filial tashabbuskorlarining kelgusi ishlariga muvaffaqiyat tiladi. O‘z navbatida mahalla aholisini qutladi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish