Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +8.1C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Gʻofurjon Mirzayev: "Moratoriyga qaramasdan daraxtlarni kesib, ekishga kelganda tebranmaydigan mas’ullar hech kimga kerak emas"
Davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 2 noyabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, joylarda “Yashil makon” umummilliy loyihasi amalga oshirilishi barchani birdek tashvishga solayotgan iqlim o‘zgarishlarining oldini olish, atrofni ko‘kalamzorlashtirish, eng asosiysi — ona tabiatni asrashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Sirdaryo viloyatida ham mazkur dolzarb tadbirni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida barcha zaruriy choralar ko‘rilmoqda. Birgina Guliston tumanida joriy yil kuz mavsumida 618 ming tup ko‘chat o‘tqazish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha  377 mingdan ortiq turli manzarali ko‘chatlar ekilgan.

Bugun viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev tumanda amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirish asnosida “Soyibobod” va “Mevazor” mahallalarida “Yashil O‘zbekistonim – bog‘-u bo‘stonim” shiori ostida o‘tkazilayotgan ko‘chat ekish tadbirida qatnashdi. Ko‘chat o‘tqazish davomida viloyat rahbari nuroniylar bilan suhbatlashdi. 

– Noyabr oyining dastlabki kunlarida bo‘lib o‘tgan qum bo‘roniga barchamiz guvoh bo‘ldik. Avtomobillar oynalari qum, chang bilan qoplangan, ko‘chalarda og‘ir sukunat. Insoniyatning atrof-muhitga vahshiyona munosabati sabab tabiat qasd olishga o‘tmadimikan, degan fikr har birimizni o‘ylantirishi kerak, – dedi viloyat rahbari. – Ba’zi joylarda ko‘chatlar nomiga tiqib qo‘yilgan. Niholni unday tarzda ekish yaramaydi. Qanday qilib shu holda ko‘chatlarni ko‘kartirish mumkin. Bunday ko‘zbo‘yamachiliklarga barham berishda siz-u biz o‘rnak bo‘lishimiz lozim. 

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida nafaqat mahalla ko‘chalariga, balki, avtomobil yo‘li bo‘ylariga, ijtimoiy soha ob’yektlari va tashkilotlar hududlariga ham tartibli ravishda ko‘chat o‘tqazish, bunda, avvalo, ularni sug‘orish tizimini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish yuzasidan aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.

Jamoatchilik nazorati hozirgi ijtimoiy taraqqiyotning muhim tendensiyasi desak o‘rinli bo‘ladi. Boisi, jamoatchilik nazoratining katta samara berayotganligini ijtimoiy tarmoqlar vositasida ko‘rib turibmiz. Viloyat hokimi “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ham doimiy va qat’iy jamoatchilik nazorati o‘rnatish zarurligini qayd etdi.

– Moratoriyga qaramasdan daraxtlarni kesib, ekishga kelganda tebranmaydigan mas’ullar hech kimga kerak emas, – dedi Gʻofurjon Mirzayev.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish