Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Yangiyerda «Yangi O‘zbekiston» massivi qurilishiga start berildi
Bir vaqtlar viloyat markazi sanalgan Yangiyer shahrida odamlar pastqam va ko‘rimsiz xonadonlarda istiqomat qilishardi. Aholi yillar davomida ichimlik suvi, gaz va elektr energiyasi ta’minotidagi muammolardan qiynalib keldi. So‘ngi yillarda esa Yangiyer ko‘rkam shaharga aylanmoqda.

Bugungi kunda aholini uy-joy bilan ta’minlash masalasi har qachongidanda dolzarb. Shu bois Muhtaram Prezidentimiz raisligida 2 noyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida uy-joylarni puxta loyihalashtirish, hududlarda ko‘proq bog‘ va xiyobonlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Belgilangan vazifalar ijrosi doirasida viloyatning to‘rta hududi – Guliston, Yangiyer shaharlari hamda Sirdaryo, Guliston tumanlarida “Yangi O‘zbekiston” massivlari barpo etilishi bo‘yicha loyiha ishlab chiqilib, shu yil 8 noyabr kuni taqdimot qilingan edi.

Bugun 12 noyabr kuni Yangiyer shahrida ushbu yangi massiv qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘ldi. Unda nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik faollari ishtirok etdi.

Viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev Yangiyer — viloyat markazi bilan raqobatlashadigan shahar bo‘ladi, Yangiyer o‘z nomiga mos yangi tipdagi shaharga aylanmoqda deb ta’kidladi.

- Viloyatda uy-joy muammosini hal qilish uchun ikki-uch yildan beri bosh qotiramiz. Chunki uylarga talab yillar davomida to‘planib qolgan edi. Bir xonadonda bir nechta kelin qaynonasi bilan yashayotgan oilalar ko‘p. Shuning uchun Yangiyerda ham yangi massiv qurishga kirishdik. Bu yerda jami 72 ta 5 va 7 qavatli 2 584 xonadonli turar joylar quriladi, 3 mingga yaqin oila yashaydi, - dedi Gʻofurjon Mirzayev.

Umumiy maydoni 50 gektar bo‘lgan yangi massivda 1400 o‘ringa ega bo‘lgan 1 ta maktab, 1 ta 1500 o‘ringa mo‘ljallangan bolalar bog‘chasi, 1 ta poliklinika, 2 ta Yoshlar mehnat guzari, 1 ta IT-park, 1 ta kovorking  markazi, 10 ta savdo do‘konlari, 1000 o‘ringa mo‘ljallangan 1 ta tikuvchilik sexi, 2 ta non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexlari quriladi. Viloyat hokimi ko‘rsatmasiga muvofiq, yana qariyb shuncha maydonda yashil hudud barpo etiladi.

Yangi massiv loyihasida kommunikasiya tarmoqlariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Bunda 7,5 km ichki yo‘llar, 3,5 km oqava suv tarmog‘i, 3,5 km ichimlik suvi, 2,5 km tabiiy gaz, 3 km elektr tarmoqlari quriladi.

Viloyat rahbari nuroniylarning maslahati, duolari bilan katta ishlarga qodirligimizni ta’kidladi.

- Bugun mana shunday ulkan bunyodkorlik ishlariga kirishar ekanmiz, avvalo ajdodlarimizning boy bilimi va tajribasiga, mehnatkash, bir so‘zli va tanti viloyat ahlining azmu shijoatiga suyanamiz, - dedi Gʻofurjon Mirzayev.

Shundan so‘ng yangi massiv qurilishiga tamal toshi qo‘yildi. Marosimda mehnat faxriylari, quruvchilar so‘zga chiqdi.

- Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Shu kunlarga yetganimizga shukur. Umid qilamanki, “Yangi O‘zbekiston” massivi shahrimiz aholisi baxtli, farovon yashaydigan obod maskan bo‘ladi. Bu tarixiy voqea bilan, xayrli marosim bilan butun Yangiyer halqini chin yurakdan tabriklayman, - deya ta’kidladi nuroniy otaxon Bahrom Hadamov.

Turarjoylar loyihasi bilan tanisharkanmiz, qurilishda shaharsozlikning so‘nggi yutuqlariga tayanilganligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bularning barchasi mamlakatimiz rahbariyati tomonidan aholining turmush farovonligini yuksaltirishga berilayotgan jiddiy e’tibori natijasidir.

Massivdagi barcha bunyodkorliklarda mahalliylashtirish Dasturi ijrosining ta’minlanayotgani ham ayni haqiqat. Barcha turarjoylar import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotlardan qad rostlaydi.

Yurtimizda aholi turmush farovonligini yuksaltirish yo‘lida olib borilayotgan islohotlar zamirida ana shunday yangilanishlarga intilish mujassamdir. Bugungi Yangiyerda ham shu kabi muhit hukmron desak, ayni haqiqatdir. Zero, uning bag‘rida bunyod etilajak «Yangi O‘zbekiston» massivi abadiyatga daxldorlik ramziga aylanishi shubhasiz.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish