Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +6.3C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
O‘quvchilarga viloyat hokimi stipendiyasi topshirildi

Farzand o‘qimishli, bilimli bo‘lib ulg‘aysa, ota-onaning eng katta orzusi ro‘yobga chiqqan bo‘ladi. Bilimli bo‘lish asnosida o‘z vataniga nafi tegadigan farzandni voyaga yetkazish nafaqat ota-ona, balki, shu yurtning ham asosiy vazifasi va maqsadidir.

Shu sababli ham yurtimizda yoshlarni bilimli, barkamol va munosib vorislar etib voyaga yetkazishda “Sifatli ta’lim – inson kapitaliga sarmoya” tamoyili muhim hisoblanishi bejizga emas.

Sirdaryo viloyatida iqtidorli o‘quvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash orqali tengqurlariga namuna qilib ko‘rsatib, ularning ham qiziqishlarini yanada orttirish bo‘yicha samarali usullardan foydalanilmoqda. Bulardan biri viloyat hokimi stipendiyasidir.

Viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayevning tegishli qarori bilan o‘g‘il-qizlarni umumta’lim fanlaridan bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini oshirish, respublika va xalqaro fan olimpiadalariga tayyorlash bo‘yicha viloyatdagi umumta’lim maktablarining 9-, 10-, 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Eng bilimdon o‘quvchi” fanlar olimpiadasi joriy qilingan. Unga ko‘ra maktab, tuman bosqichlarida saralanib, olimpiadaning viloyat bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga bir yil mobaynida viloyat hokimining stipendiyasi to‘lab borilishi belgilangan.

Joriy yilning aprel oyida matematika, fizika, kimyo, biologiya, ingliz tili va informatika fanlaridan “Eng bilimdon o‘quvchi” fanlar olimpiadasi o‘tkazilib, g‘oliblar aniqlangan edi. 

Shu tariqa stipendiya sohiblariga viloyat hokimi farmoyishi bilan mahalliy byudjet zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan muayyan tartibda belgilangan miqdorda viloyat hokimi stipendiyasi berish yo‘lga qo‘yilgan. 

Umumta’lim maktablarida II chorak o‘qish kunlari boshlanishi bilan stipendiyalar o‘z egalariga topshirildi. Bu gal stipendiya topshirish tantanali tarzda o‘tkazildi. Boisi, safdoshlarining rag‘batlantirilishini, rahbarlar va mutasaddilar tomonidan alohida e’tirof etilayotganligini ko‘rish har bir o‘quvchiga yanada yaxshi o‘qishiga, bilim olishga da’vat qilishi shubhasiz. Tadbirda so‘zga chiqqanlar ayni shu jihatlar xususida fikr bildirib, yoshlarga bundan-da yuksak yutuqlarga erishishlarini, yurt koriga yaraydigan barkamol avlod bo‘lib voyaga yetishlarini tilashdi. 

Iqtidorli yoshlar tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib, muvaffaqiyatlarining bardavom bo‘lishi uchun tirishqoqlik bilan bilim olishmoqda. Viloyatda bunday rag‘batlantirish, qo‘llab-quvvatlashga bu kabi o‘ziga xos yondoshuv ijobiy samarasini bera boshladi. Bir so‘z bilan aytganda, muhtaram Prezidentimiz viloyatga va uning aholisiga “Sirdaryo — tajribasi, yurtga, Vatanga sadoqat namunasi” deya bergan ta’riflariga monand ulkan yangiliklar amalga oshirilaveradi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish