Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +8.1C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Sirdaryoda qaysi kasalliklardan eng ko‘p o‘lim holati qayd etilayotgani ma’lum qilindi
So‘ngi yillarda Aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatish, uni o‘z vaqtida va yuqori sifatli bo‘lishini ta’minlash masalasi respublikamizda, qolaversa Sirdaryo viloyatida ham dolzarb va kechiktirib bo‘lmas masalalardan biri bo‘lib turibdi. Chunki tibbiy xizmatda shoshma-shosharlik ketmaydi. Bemorga ilmiy asoslangan holda tashxis qo‘yish zarur. Bunda mutaxassisdan bilim va tajriba talab etiladi. Aniq tashxis esa kasallikka chalingan bemorni erta bosqichlarda tuzatish, umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish imkonini beradi.

Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi 215 ta tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgan har bir shifokorga kasalliklarga moyil bo‘lgan aholi qatlamini erta bosqichlarda aniqlab, davolashning eng maqbul, samarali usullaridan foydalangan holda davolash izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda viloyat aholisining 29 foizi, ya’ni, 245 ming 457 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tashkil etsa, 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar 40 ming 627 nafar yoki 4,8 foiziga to‘g‘ri keladi. Qolgan 66 foizi, ya’ni, 558 ming 627 nafari 18 yosh va undan katta yoshdagi fuqarolardir.

Keyingi paytlarda katta yoshli fuqarolar orasida yurak qon tomir, surunkali xolesterin, gipertoniya, endokrin tizimi va boshqa xavfli kasalliklar bilan kasallanish ko‘rsatkichi keskin oshib bormoqda. O‘lim ko‘rsatkichi ham aynan ana shu kasallikka chalingan fuqarolar orasida kuzatilyapti. Umumiy kasallanish ko‘rsatkichining 37,6 foizini nafas olish a’zolari tizimidagi xastaliklar tashkil etgan bo‘lsa, 10,5 foizini qon va qon yaratish a’zolari kasalliklari, 9,4 foizini ovqat hazm qilish a’zolaridagi muammolar, 8,7 foizini siydik va tanosil a’zolari zararlanishi, 5,2 foizini asab tizimi a’zolari kasalliklariga to‘g‘ri keladi. Bularni bir qancha omillar keltirib chiqaradi. Asosan sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaslik, zararli odatlar, spirtli ichimlik, tamaki mahsulotlari va jismoniy faollikning yo‘qligi sabab bo‘lmoqda.

Shu boisdan ham, o‘tgan yili viloyatning 801 ming nafar aholisi tibbiy xatlovdan to‘liq o‘tkazildi. Salomatlik ko‘rsatkichlari hisoblab chiqildi. Unga binoan uchta xavf guruhiga ajratildi. Natijada 37 183 nafar fuqaroda turli xil kasalliklar aniqlanib, shundan, 18 079 nafari, ya’ni, 41 foizini sog‘lomlashtirishga erishildi. Bunda viloyatdagi 93 ta birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida ishlayotgan tibbiyot xodimlarining hissasi katta bo‘ldi.

Yana bir muhim jihati, profilaktik va chuqurlashtirilgan ko‘riklar o‘rniga maqsadli skrining dasturi hamda total patronaj tizimi o‘rniga universal-progressiv patronaj tizimining yo‘lga qo‘yilgani tizimga qo‘l kelmoqda. Umumiy amaliyot shifokorlarga oilaviy shifokor maqomi berilib, ularning funksiyasi va vazifalari takomillashtirildi. “Mahallabay” ishlash tizimi joriy etildi. Viloyatdagi mavjud 236 ta mahallada istiqomat qilayotgan fuqarolar 421 ta “tibbiy brigada” tomonidan qamrab olindi. Ular tomonidan o‘rta va yuqori xavf guruhiga mansub aholi qatlami muntazam nazoratga olinib, joyi kelganda zarur tavsiyalar berib borilayapti. Qolaversa, sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollikning inson salomatligini asrashdagi o‘rni xususida targ‘ibot, tashviqot tadbirlari ham doimiy o‘tkazilayapti.

Xabarlaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq Respublikamizda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etildi. Tajriba-sinov ishlari aynan Sirdaryoda o‘tkazilayotgani quvonarli holdir. Buning natijasida kafolatlangan bepul tibbiy yordam paketi asosida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Yangi model asosida va muassasalarda shartnomaga binoan tibbiy xizmatlar xaridi joriy qilindi. Guliston tibbiyot klasterining 3 yillik Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tashkil etilib, biznes-rejasi ishlab chiqildi. 

Eng muhimi, birlamchi tibbiy sanitariya muassasalariga biriktirilgan aholi jon boshiga hamda shifoxonalarni davolangan holatlar soni bo‘yicha moliyalashtirish tizimi joriy etildi. Bu esa, tibbiyot muassasalari tomonidan mablag‘larning maqsadli va samarali sarflanishini doimiy nazorat qilib borish, qolaversa, biriktirilgan aholining elektron reyestrini shakllantirish va yuritish imkonini bermoqda.

Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ularni tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, dori vositalari bilan ta’minlash maqsadida oldingi yillarga qaraganda bir necha barobar ko‘p mablag‘ yo‘naltirildi.

Tahlillarga ko‘ra, ajratilgan mablag‘ 2016 yilda 156,2 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2021 yilga kelib, uch barobarga oshdi. Natijada sohaga davlat byudjetidan 475,7 milliard so‘m yo‘naltirildi. Ayniqsa, dori vositalari va tibbiy buyumlar xaridi uchun ajratilgan mablag‘lar 8,3 barobarga ortib, 2021 yilda 27,3 milliard so‘mni tashkil etdi. Bundan tashqari, viloyatdagi oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarga 66 turdagi dori vositalari, antiseptik vositalar va sarflov buyumlari uchun 977,9 million so‘m mablag‘ ajratildi. Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish muassasalarida dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun aholi jon boshiga ajratilgan mablag‘lar miqdori 5 ming so‘mdan 15 ming so‘mga, ya’ni, 2017 yilga nisbatan 3 barobarga oshirildi.

Muhimi, aholi salomatligi. Soha xodimlari Muhtaram Prezidentimiz rahnamoligi va g‘amxo‘rligi bilan yaratilayotgan shart-sharoit, imkoniyatlardan unumli foydalanib, izchil izlanishlar olib borishmoqda. Inson sog‘-salomat bo‘lmas ekan na o‘zida, na ro‘zg‘orida huzur halovat bo‘lmaydi. Baraka ham o‘z o‘zidan ketadi. Shunday ekan, aholi salomatligini asrash, ularga munosib tibbiy xizmat ko‘rsatish masalasi tibbiyot xodimlarining oldida turgan dolzarb va kechiktirib bo‘lmas masala bo‘lib qolaveradi.

Rustam Yuldashev,
Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i, tibbiyot fanlari doktori.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish