Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryo viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Xabaringiz bor, joriy yilning 17 sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi korrupsiyaga qarshi kurashish milliy Kengashining navbatdagi 5 yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari a’zolarining ruyxatini tasdiqlash hamda ularning birinchi majlislarini tashkil etish masalalari muhokama etilgan edi. Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda viloyat Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengash a’zolari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati qo‘mita raisi Narimon Umarov, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari – Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini tahlil va monitoring qilish boshqarmasi boshlig‘i Tal’atjon Xaydarov hamda Sog‘liqni Saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizov ishtirok etdi.

Joriy yilning 9 oyida 225 ta (2020 yilda 176 ta) turli toifadagi mansabdor shaxslar va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mazkur ko‘rsatkich hududlar kesimida tahlil qilinganida, Guliston shahrida 72 ta, Guliston tumanida 21 ta, Mirzaobodda 13 ta, Boyovutda 22 ta, Sirdaryoda 18 ta, Sayxunobodda 16 ta, Oqoltinda 13 ta, Xovosda 17 ta, Sardobada 11 ta, Yangiyerda 15 ta va Shirinda 7 ta korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar sodir qilingan.

Jinoiy javobgarlikka tortilgan mansabdor va boshqa shaxslarning asosiy qismi, ya’ni, 185 nafari o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, 47 nafari firibgarlik, 2 nafari nodavlat tashkilotida o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish, 5 nafari mansabini suiiste’mol qilish va boshqalardan iborat. Korrupsiyaga oid jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 26,6 mlrd.so‘m moddiy zarar yetkazilganligi aniqlangan bo‘lib, mazkur toifadagi jinoyat ishlarining tergovi jarayonida 22,1 mlrd.so‘mi yoki 83 foizi undirilishi ta’minlangan.

Bunday jinoyatlar ko‘proq ijtimoiy sohalarda sodir etilmoqda. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasida 15 ta, maktabgacha ta’lim 4 ta, xalq ta’limi 9 ta, oliy va o‘rta-maxsus ta’lim 4 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, 44 nafar shaxslar javobgarlikka tortilgan, jinoyat oqibatida 6 mlrd. so‘mga yaqin byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ular ijrosida hududiy kengashlarning o‘rni, mazkur kengashlar amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar taqdim etish mexanizmlari hamda ularning oldida turgan dolzarb vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berishdi.

– Endi vaziyat o‘zgardi. Ochiqlik prinsipi e’lon qilindi. Endi aybdorlar nafaqat jinoiy javobgarlikka tortilayapti, balki, butun xalq oldida ismi va kirdikorlari oshkor etilib, tegishli bahosi berilayapti, –dedi Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashining kotibiyati mudiri Gulchehra Djonjigitova. – Bugun bunday jinoyatlarni ochiqdan-ochiq e’lon qilib, korrupsiyani bartaraf etish bo‘yicha amaliy ishlarni yakuniga yetkazish hamda ularning ildizlariga bolta urish uchun Davlatimiz rahbari katta istak va kuchli siyosiy iroda bilan ish olib bormoqda. Biz ham ularga yelkadosh bo‘lib, ushbu illatni yo‘q qilishimiz lozim.

Yig‘ilishda Sirdaryo viloyati Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashining Nizomi va 2021-yil oktabr-dekabr oylari uchun mo‘jallangan ish rejasi tasdiqlandi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish