Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Tomchilatib sug‘orish orqali 20 million 960 ming metr kub suv tejaldi
Butun dunyoda dolzarb muammolardan biri suv tanqisligi bo‘lib turibdi. Mamlakatimizda bu muhim masalani bartaraf etish bo‘yicha izchil islohotlar olib borilmoqda. Ayniqsa, ekin maydonlarini sug‘orishda suv tejovchi usullar – tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish tizimi yo‘lga qo‘yilishi mirishkor dehqonlarning harajatlarini qisqartirish hamda vaqtdan unumli foydalanishlariga sabab bo‘layapti.

Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 11 dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4919-son qarorida ta’kidlanganidek, tobora kuchayib borayotgan suv taqchilligi hamda suv resurslariga bo‘lgan ehtiyoj o‘sib borayotgani qishloq xo‘jaligida suvdan foydalanish samaradorligini keskin oshirishni talab etmoqda. Bu borada Sirdaryo viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2021 yil viloyat bo‘yicha jami 18 087 gektar maydonda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini joriy etilishi rejalashtirilgan. Shundan, 17 937 gektar tomchilatib sug‘orish, 50 gektar yomg‘irlatib sug‘rish va 100 gektar diskret sug‘orish texnologiyalari joriy etiladi. 

–Suv tejovchi uskunalarni xarid qilish uchun tegishli tashkilotlar bilan 142 ta shartnomalar tuzilgan bo‘lib, shundan 125 ta fermer xo‘jaliklari va 17 ta klaster tashkilotlaridir. Buning uchun viloyat bo‘yicha fermer va tadbirkorlarga tijorat banklari tomonidan 254 milliard so‘m mablag‘ moliyalashtirilgan. 302 ta fermer va tadbirkorlar tomonidan 10 703 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatish uchun qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi “Qishloq xo‘jaligiga mo‘jallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish bo‘limi” bosh inspektori Baxodir Mamirov.

Bugungi kunda Sirdaryo viloyatida 8 ming 384 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan. Buning natijasida 20 million 960 ming metr kub suvni iqtisod qilishga erishildi. E’tiborli jihati, an’anaviy usulda sug‘orilganda 41 million 920 ming metr kub suv sarflanar edi.

“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi hamda tuman bo‘limlari inspektorlari tomonidan suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish, shartnomalarni rasmiylashtirish va o‘rnatilgan suv tejovchi texnologiyalaridan samarali foydalanish yuzasidan domiy nazorat-monitoringi olib borilmoqda.
Shubha yo‘qki, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan suvni isrof qilmaslik, tejash, shu bilan birga hosildorlik cho‘g‘i baland bo‘lishi maqsadidagi bu kabi sa’y-harakatlar xalqimiz farovonligi, yurtimiz obodligi yo‘lidagi ildam qadamlardan biridir.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish