Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sirdaryo – Saxa: O‘zaro manfaatli hamkorlik yanada kengaymoqda

Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Doniyor Madrimov boshchiligidagi bir qator sirdaryolik ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiyaning Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Saxa Respublikasiga safari haqida dastlabki ma’lumotlarni bergan edik. 

Delegatsiyaning Saxaga amalga oshirgan uch kunlik safari mobaynida ikki tomon ishbilarmon doiralar o‘rtasida ko‘plab iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hujjatlar va kelishuvlar imzolandi.  

Delegatsiya a’zolarining terini qayta ishlashdan tortib, hunarmandchilik buyumlari, ayollar va erkaklar liboslari, turli xildagi poyabzallar ishlab chiqaruvchi “Saxabult” AJ faoliyati bilan tanishuvi davomida Sirdaryo tumanidan o‘tuvchi “Toshkent-Termiz” M39 yo‘li atrofida ushbu korxonaning savdo do‘koni va yarim tayyor mahsulotlarni qayta ishlashga ixtisoslashgan filialini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

“KERE” tikuvchilik fabrikasida bo‘lgan sirdaryoliklar viloyatimizda faoliyat yurituvchi “Rekord tekstil” MCHJ bilan hamkorlikda Yakutsk shahrida savdo uyi ochishga kelishib, mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan yetkazib beriladigan yarim tayyor mahsulotlardan tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.

Shuningdek, “Sayuri” issiqxona kompleksi faoliyati bilan tanishgan delegatsiya a’zolari kompleks mas’ullari bilan o‘zaro tajriba almashib, sohada erishilayotgan yutuqlar va tizimni yanada rivojlantirish yo‘lida qo‘lanilayotgan texnologiyalar bo‘yicha o‘rtoqlashdi.

Safar yakuni bilan viloyat delegatsiyasi Saxa Respublikasi Bosh vaziri hamda turli vazirlik va idoralar rahbarlari bilan uchrashdi, ikki tomonlama olib borilgan muzokaralar va imzolangan shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan yakuniy uchrashuv bayoni imzolandi.

Shu tariqa Saxa Respublikasiga tashrifni yakunlagan viloyat delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasi Novosibirsk o‘lkasiga yo‘l olishdi.

Safar tafsilotlari haqida xabar berib boramiz.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish