Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +7.7C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Saylovoldi tashviqotlari va akkreditasiya masalalari ko‘rildi
Toshkent shahridagi Simpoziumlar saroyida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida 8-Sirdaryo okrug saylov komissiyasi a’zolari va bir guruh OAV vakillari ZOOM orqali ishtirok etdilar.

Kun tartibida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish, Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalalari ko‘rildi.

Markaziy saylov komissiyasining kotibi Xudoyor Mamatov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risida batafsil tushunchalar berdi.

Caylov jarayonidagi har qanday faoliyatni, shu jumladan saylovga oid targ‘ibot tadbirlarini, saylovchilarni ovoz berish kuni va joyi haqida xabardor qiluvchi axborotlarni saylovoldi tashviqoti deb qarash mumkin emas. Faqat saylovchilarni nomzodni yoqlab ovoz berishga chorlovchi tadbirlar saylovoldi tashviqoti sanaladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar saylovoldi tashviqotini olib borish borasida teng huquqlarga ega. Nomzod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanishi uchun uning nomidan ishonchli vakillar saylovoldi tashviqotini olib borishlari mumkin.

Saylovoldi tashviqoti - OAV, shu jumladan televideniye, radio, gazeta va jurnallar, umumiy foydalanishdagi axborot-telekommunikasiya tarmoqlari, shu jumladan butunjahon Internet axborot tarmog‘i orqali, bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini (plakatlar, varaqalar va boshqa materiallarni) chop etish hamda tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasining 2021 yil 14 apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risidagi qarori loyihasi tayyorlandi.

Nomzodlarga davlat va nodavlat OAVda efir vaqti yoki chop etish maydoni pulli asosda ham ajratilishi mumkin. Efir vaqti, chop etish maydoni uchun OAV tomonidan belgilanadigan to‘lov shartlari va boshqa talablar (tiraj, efirga beriladigan vaqt, joy, shrift va hokazolar) barcha nomzodlar uchun teng va bir xil bo‘lishi kerak. Pulli efir vaqtini yoki chop etish maydonini ajratish bilan bog‘liq munosabatlar OAV va siyosiy partiyalar o‘rtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Nomzodlar OAVda chop etilgan noto‘g‘ri hamda o‘zining sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazgan ma’lumotlar yuzasidan raddiya berishni tahririyatdan talab qilishga haqli. Chop etish natijasida huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan nomzodlar ushbu OAVda raddiya yoki javob maqola chop etishga haqli. Bosma OAVda raddiya OAVning navbatdagi sonida, javob paydo bo‘lishiga sabab bo‘lgan material joylashtirilgan sahifada e’lon qilinishi kerak. Elektron OAVda raddiya navbatdagi dasturda yoki ko‘rsatuvda efirga uzatilishi kerak. Nomzodlar OAV raddiyani, javob maqolani chop etishdan bo‘yin tovlasa yoki chop etishning belgilangan muddatini buzsa, sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilishga haqli.

Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu qoidaga asosan 23-24 oktyabr kunlari saylovoldi tashviqotiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek yig‘ilishda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari Bahodir Yunusov va  Gulnoza Ismailovalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditasiya qilish; Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish masalalari haqida so‘zladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar vazirligining 2021 yil 13 sentyabrdagi xati orqali YeXXT DIIXBning 28 nafar uzoq muddatli kuzatuvchilarini akkreditasiyadan o‘tkazish bo‘yicha tegishli hujjatlar taqdim etilgan. Keyingi hafta ularning O‘zbekistonga yetib kelishi kutilmoqda.

Saylov kampaniyasiga start berilgan kundan to bugungi kunga qadar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 882 nafar milliy va 48 nafar xorijiy, jami 930 nafar ommaviy axborot vositalarining vakillari akkreditasiyadan o‘tkazildi.

Yig‘ilishda saylovda OAV xodimlari asosiy bo‘g‘in ekanliklari,ularning zimmasida saylov jarayonlarini ommaga tezkor va xolis  yetkazishdek g‘oyatda ma’suliyatli vazifa  borligi ta’kidlandi.

ZOOM orqali yig‘ilishdan so‘ng 8-Sirdaryo okrug saylov komissiyasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligi sayloviga tayyorgarlikning borishi haqida fikrlashdilar.

Unda o‘quv va amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha 2-ishchi guruh a’zosi Faxriddin Niyozov, ijtimoiy tarmoqlar va blogerlar bilan ishlash va hamkorlikni ta’minlash hamda hududiy matbuot markazi faoliyatiga ko‘maklashish 4-ishchi guruh rahbari Aziz Esanov, saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi va saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini takomillashtirish bo‘yicha 3-ishchi guruhi a’zosi Alimdjan Maxarov, saylovda pondemiya talablariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha 8-ishchi guruhi a’zosi Tohir Qurbonboyevlar axborot berdilar.

8-Sirdaryo okrug saylov komissiyasi matbuot markazi

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish