Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Yiliga 150 million so‘mgacha daromad qiladigan Sirdaryodagi qovunchi dehqonlar mahallasiga fotosayohat
Jizzax viloyatiga otlangan har bir yo‘lovchi Sirdaryo viloyatining Xovos tumani hududidan o‘tar ekan, beixtiyor yo‘l yoqasidagi qovunlarga ko‘zi tushadi. U taraflarga birinchi marta borgan kishi xonadonlar hovlisiga tizib chiqilgan qovun tiliklarini ko‘rib, o‘zini go‘yo “bananlar sayli”ga kelib qolgandek his qiladi. “Daryo” muxbirlari Xovosning “Oqchangal” mahallasida bo‘lib, mazkur poliz mahsuloti ortidan mo‘maygina daromad topayotgan dehqonlar bilan suhbatlashdi.

“Paykal uyimizdan 50 kilometr uzoqda joylashgan”

Hamkasbim bilan Jizzaxdagi ijodiy safarimizni yakunlab, poytaxtga qaytar chog‘imiz Xovos tumani, “Oqchangal” mahallasidan reportaj tayyorlashga qaror qildik. Qovun tiliklarini dur kabi tizilgani va bu manzaraning katta yo‘l chetidagi deyarli har bir xonadon hovlisida uchratganimiz qiziqishimizni yanada oshirdi.

65 yoshli Norqul Jangirovning aytishicha, u har yili oila a’zolari bilan 4-5 gektar yerda qovun yetishtiradi.

“Qovun ekib, dehqonchilik qilish avloddan avlodga o‘tib kelyapti, bu ota-bobolarimizning kasbi. Aqlimni taniganimdan beri paykal ichidaman, chorvachilik qilaman. Qo‘ni-qo‘shnilar ham qovun ortidan daromad topadi. ‘Oqchangal’dagi xonadonlarning 80 foizi dehqonchilik, chorvachilikning hadisini olgan. Bu hududni bejiz ‘qovunchilar mahallasi’ deyishmaydi.

Ushbu poliz mahsulotini har safar turli joylarga ekamiz. Chunki qovun joy tanlaydi, duch kelgan yerga ekilmaydi. Toza va unumdor yerda hosil mo‘l bo‘ladi. Asosan, sholi, g‘alla va paxtaning o‘rniga ekamiz. Unumdor, ‘kuchi bor’ yerlardagi bitta palakdan sakkiztagacha hosil olish mumkin. Qovun ko‘chatlarini ham o‘zimiz yetishtiramiz.

Bu yil 5 gektar maydonga oq va qora navli qovun ko‘chatlarini ekdik. Paykalimiz uyimizdan 50 kilometr uzoqda joylashgan. Farzandlarim, nevaralarim bilan yoz bo‘yi paykal ichidamiz. Ularni dehqonchilik orqali oilali, uyli-joyli qilyapman”, — deydi Norqul aka.

Eksport qilinayotgan qovun qoqilar

Suhbatimiz davomida mirishkor qovun qoqiga oid savollarimizga ham javob berdi.

“10 kilogramm qovundan 1 kg qoqi va 200 gramm urug‘ olamiz. Qoqi tayyorlash mavsumi bir yarim oy: sentabrdan to oktabrning yarmigacha qizg‘in davom etadi. Biz uchun har bir daqiqa, ayniqsa, quyoshli kunlar g‘animat. Qoqilar juda issiq paytda uch, to‘rt kunda pishadi. Hozir kunlar salqin bo‘lgani uchun uzog‘i o‘n sutkada tayyor bo‘lyapti.

Qoqi tayyorlash uchun mahalladagi ishsiz xotin-qizlarni jalb qilamiz. Besh, o‘n nafar ishchi ayollarga kuniga 60 ming so‘mdan mehnat haqi beriladi.

Qoqilarni Toshkent, Samarqand va vodiy viloyatlaridan tadbirkorlar kelib olib ketadi. Ular bu qoqilarni, asosan, Rossiyaga eksport qiladi. Qoqilarni ko‘pincha buyurtma bo‘yicha tayyorlaymiz. Ayni kunlarda ikki tonnalik buyurtmani tezroq tayyorlash harakatidamiz. Bir kilogramm qoqini 10—15 ming so‘mdan sotamiz”, — dedi dehqon.

“Daromadimiz hajmi ob-havo va yer unumdorligiga bog‘liq”

Uning ta’kidlashicha, qishda ham poliz mahsulotlarini so‘rab keluvchi xaridorlar ko‘pchilikni tashkil etadi.

“Uyimiz katta yo‘l yoqasida joylashgani uchun qishda ham kimdir tarvuz, kimdir qovun so‘rab keladi. Fevral, mart oylarigacha qovunlarni asraymiz, bahorda ham sotamiz.

Bilasizmi, qovunning koni foyda, zarari yo‘q. Urug‘ining kilogrammini 20—25 ming so‘mdan sotamiz. Asosan, Hindisonga eksport qilinyapti. U davlatda urug‘larni farmatsevtika sohasida ishlatishadi. Qovun po‘stlog‘ini quritib, qishda mol-qo‘ylarga beramiz.

Dehqonchilik orqali yiliga 150 millon so‘mgacha daromad topamiz. Ba’zi yillarda harajatlarimizni o‘zi qoplanadi, xolos. Bizning qancha pul topishimiz ob-havoga, yer unumdorligiga va, albatta, oilaviy harakatimizga bog‘liq. Yaxshi niyatlar bilan harakat qilyapmiz, Alloh barcha dehqonlarga baraka beraversin”, — dedi Norqul Jangirov.

“Qovun ekib, kam bo‘lganimiz yo‘q”

Gulnora Norjigitova ham qovunchilar mahallasidagi mirishkorlardan. U yaqinlari bilan dehqonchilik qiladi, shu orqali farzandlari voyaga yetyapti, oilali bo‘lyapti.

“Bolaligim paykalda o‘tgan, ota-onam qovun ekib, halol mehnati orqali bizni boqqan. Shu bois bu xonadonga kelin bo‘lib tushganimda, qovunchilik bilan shug‘ullanishga qiynalmaganman. O‘zim oldin qishloq vrachlik punktida hamshira bo‘lib ishlaganman.

Har yili o‘rtacha 5 gektarga qovunning oq navini ekamiz. Bu nav erta pishadi va yaxshi hosil beradi. Paykal va uyimizning orasidagi masofa 35 kilometrni tashkil qiladi. Har kuni mashinada borib kelamiz. Yoz kunlarida chayla qurib, o‘sha yerda yashaymiz.

Bir yilda 2-3 tonna qovun qoqi tayyorlaymiz, eksport qiluvchilar kelib olib ketadi. Qovun urug‘ini ham yuvib, quritamiz va yiliga 700-800 kilogrammgacha sotamiz.

Bu poliz mahsulotidan yiliga keladigan jami daromadimiz 100 million so‘m atrofida. Dehqonchilik orqali kelin tushirib, qiz chiqardik. Turmush o‘rtog‘im boshchiligida farzandlarim bilan qovun ekib, kam bo‘lganimiz yo‘q. Turmushimizdan xursandmiz”, — dedi Gulnora Norjigitova.

Mirolim Isajonov, Madina Nurman
“Daryo”

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish