Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +7.7C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Sirdaryo viloyatida "Yangi O‘zbekistonda erkin va faravon yashaylik" shiori ostida "Uch avlod" uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Uch avlod uchrashuvi – yoshlarga xos kuch-g‘ayrat, o‘rta va keksa avlod vakillarining boy hayot maktabi birlashgan nuqta. Sirdaryo viloyati bo‘ylab o‘tkazilayotgan tadbirlarga Guliston shahrida joylashgan “Bilimdonlar maskani”da start berildi. Ko‘tarinki ruhda boshlangan tadbirda viloyatning barcha hududlaridan 2 ming nafardan ortiq iqtidorli, umidli yoshlar, ko‘p yillik mahoratga ega shijoatli o‘rta va keksa avlod vakillari ishtirok etishmoqda.

Bag‘rikeng, mehmondo‘st yurtimizda ko‘plab millat vakillari ahillik, birdamlik bilan bir maqsad – jonajon Vatanimiz yanada ravnaq topishiga munosib hissa qo‘shishmoqda. 

Tadbirni ochib bergan viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev ana shunday yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh faollarga "O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 30 yilligi" esdalik nishonlarini tantanali ravishda topshirdi.

-Mirzacho‘lni o‘zlashtirish, obod qilishda zahmatkash ajdodlarimiz mislsiz qahramonlik ko‘rsatishgan, - dedi viloyat hokimi. –Barcha-barchamiz birdam bo‘lib, ko‘pni ko‘rgan otaxon, onaxonlarning nasihat, o‘gitlarini olib, duolari bilan bunyodkorliklarni, rivojlanishimizni yanada yuqori cho‘qqilarga olib chiqishimiz kerak.

Tadbir doirasida faollar uchun Guliston shahri bo‘ylab sayohat uyushtirildi. Unda ishtirokchilar maxsus sayyohlik avtobusida shaharning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shayotgan bunyodkorlik ishlari, umuman, ko‘pqavatli binolar, muhtasham inshootlar va boshqa o‘zgarish hamda yangilanishlar bilan tanishdilar. 

Hududda ko‘pqavatli binolarni 4-5 qavatdan oshirishning iloji yo‘q, degan qarashlarni qat’iy rad etib, keyingi to‘rt-besh yil ichida zamonaviy tajribalar asosida bunyod etilayotgan 7-9 qavatli turar-joylar barchaning hayratiga sabab bo‘lgani shubhasiz.

Tadbirning navbatdagi manzili bugungi kunda sanoat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish kabi muhim sohalarda peshqadam hududga aylanib ulgurgan Sirdaryo tumani bo‘ldi. Tumanning bunday samarali ko‘rsatkichlar bilan nafaqat Respublikamiz, balki, xorij davlatlarda ham nom qozonishida "Peng Sheng", "Sirdaryo Unersal Oyna", "Sirdaryo Mega lyuks", "Wang Da Group" va boshqa korxonalarning munosib hissasi bor.

Anjuman qatnashchilari “Sirdaryo Universal Oyna” MChJ korxonasi faoliyati bilan tanishtirildi. 2018 yilda ish boshlagan korxonaning loyiha qiymati 50,16 mln dollar bo‘lib, bugungi kunda 1200 nafardan ziyod fuqaroning doimiy bandligi ta’minlangan. Bu yerda yiliga 102 million dona farmasevtika va oziq-ovqat shisha idishlari ishlab chiqariladi. Muhimi, korxonaning yo‘nalishi O‘rta Osiyoda yagona hisoblanadi. Shuningdek, mahsulotlar eksport qilinishi bilan birga ichki bozor ehtiyojini ham qoplamoqda.

Ishtirokchilar “Sirdaryo Mega Luks” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi O‘zbekiston-Rossiya qo‘shma korxonasida zamon talablariga mos, yuqori sifatli propilen qop ishlab chiqarilishiga guvoh bo‘ldilar. Korxona o‘z faoliyatini 4 nafar ishchi bilan boshlagan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib korxonada 2 ming ishchilar mavjud. Korxona iqtisodiy barqarorligi, ishlab chiqarish salohiyati, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini yildan yilga oshirib bormoqda. Qo‘shma korxona o‘z mahsulotlarini chet davlatlarga eksport qilish hajmi 2020 yilda 4,1 mln AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich 2021 yilning bugungi kun holatiga 3,7 mln AQSH dollariga yetdi. Hozirgi kunda korxonada ishlayotgan 2 ming nafar ishchi hodimlarining 60 foizi kasb-hunar kollej bitiruvchilaridir.

Sirdaryo tumanidagi "Peng Sheng" qo‘shma korxonasi qoshida qad roslagan O‘zbekiston-Xitoy do‘stlik bog‘ida viloyatdagi barcha tuman-shaharlarda ahil, inoq yashab kelayotgan turli millalarning betakror madaniyati va san’ati, bugungi hayoti, turli sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritib, ulkan yutuqlarga erishayotgan xalqimizning yuksak marralari aks ettirilgan ko‘rgazma va kompozisiyalar bilan yanada shukuhli manzara paydo bo‘lgan.

O‘zbekistonda hukm surayotgan millatlararo totuvlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik muhiti tadbir mazmun-mohiyatini namoyon etadigan asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘ldi. Sirdaryoda yashayotgan yurtimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan turli millat vakillari tomonidan namoyish etilgan madaniyat va an’analar na’munalari O‘zbekistonda rang-barang qadriyatlar o‘zaro uyg‘un va hamohang yashayotgan bag‘rikeng diyor ekanligi yana bir bor isbotini topdi.

Juda ta’sirchan va bayramona shukuhda o‘tkazilgan uch avlod uchrashuvi O‘zbekiston-Xitoy do‘stlik bog‘ining o‘yingohida tashkillashtirilgan konsert dasturi bilan davom etdi. Bag‘rikeng, ko‘pmillatli yurtimizda emin-erkin, bir oiladek isteqomad qilayotgan millatlarning milliy hamda jonajon Vatanimizni ulug‘lovchi kuy-qo‘shiqlar barchaga birdek manzur bo‘ldi. Ayniqsa, dastur so‘ngida uyushtirilgan mushakbozlik yoshu qarining hotirasida uzoq vaqtgacha saqlanib qoladigan bo‘ldi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish