Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
O‘ttiz yilning hayrat va shukronasi
Jannatmakon yurtimiz O‘zbekiston suveren, mustaqil davlat sifatida dunyo xaritasidan joy olganiga 30 yil to‘ldi. Bu sana Sirdaryoda yashayotgan har bir inson uchun tarixiy kun, unutilmas bayram.

Bag‘rikeng, mehmondo‘st xalqimiz obod Vatanimizda Mustaqilligimizning 30 yilligi bayramini o‘zgacha shukuhda kutib olmoqda.

Sirdaryo viloyatining tumanu shaharlarida, har bir mahallasida, xiyobonu saylgohlarida bayram tantanalari boshlab yuborildi.

Guliston shahrida ham bayramga katta taraddud ko‘rildi. Bugun shahar ko‘chalari, “Yurt bayrog‘i”, “Bilimdonlar maskani”, musiqali drama teatr, Amfiteatr, istirohat bog‘i va boshqa ko‘plab joylarda “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik” shiori ostida o‘tkazilayotgan xalq sayllari bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, shahar ahli, mehmonlar, keng jamoatchilik O‘zbekiston shox ko‘chasida jamuljam bo‘lib, viloyat hokimi Gʻ.Mirzayev va boshqa mutasaddilar boshchiligida bayram tantanalari bo‘layotgan maskanlar tomon yo‘l olishdi.

“Bilimdonlar maskani”da viloyat hokimi Gʻ.Mirzayev bir guruh nuroniylar hamrohligida shodiyona ishtirokchilarini, Sirdaryo ahlini eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqilligimizning 30 yilligi bilan samimiy qutladi.

–Xalqimiz bu yil Mustaqillik bayramini juda katta yutuqlar bilan kutib olmoqdalar, –dedi Gʻofurjon Mirzayev. –Bunday natijalar va yutuqlarni sanab sanog‘iga yetish qiyin. Albatta, har bir muvaffaqiyat zamirida Muhtaram Prezidentimizning uzoqni ko‘zlab olib borayotgan odilona va oqilona siyosatlari, shuningdek, bu siyosatga tayangan siz azizlarning fidokorona mehnatlaringiz yotibdi. 

“Bilimdonlar maskani”da shoir, adiblar, umuman, adabiyot shaydolari o‘rtasida “Fidoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston” shiori ostida she’rxonlik, g‘azalxonliklar o‘tkazildi. Mushoirada yoshu qari o‘z iste’dodini namoyon etish bilan bir qatorda kitoblar ko‘rgazmasini ham tomosha qilishdi. Bir so‘z bilan aytganda “Bilimdonlar maskani” haqiqiy ma’naviyat maskaniga aylandi.

Viloyat musiqali drama teatr atrofida teatrlashtirilgan tomoshalar, ijodiy tanlovlar ishtirokchilarga xush yoqdi. So‘z ustalarning chiqishlari sho‘x-shodon, bardavom kulgularga sabab bo‘ldi. Tashkillashtirilgan hunarmandchilik qo‘rgazmasi esa o‘zida qadimiy qadriyatlarimizni mujassam etgan. Amfiteatrda o‘tkazilayotgan konsert dasturida el sevgan san’atkorlar va iste’dodli xonandalar tomoshabinlarga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab “Biz buyuk davlat, buyuk tarix, buyuk madaniyat yaratgan xalqmiz”, “Yangi O‘zbekistonning yangi chempionlari”, “Sirdaryolik yoshlar III Renessans sari” kabi ko‘rgazmali sayl maydonlari tashkil etildi. Unda nomiga monand turli eksponatlar, badiiy chiqishlar, musobaqalar namoyish etilib, har xil tanlovlar o‘tkazildi. Viloyatimiz o‘g‘il-qizlarining erishgan yutuqlari, qo‘lga kiritgan sovrinlari barchada faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shuningdek, istirohat bog‘ida tashkil etilgan “Xalqlar do‘stligi” maydonida turli millatlarning urf-odatlari, milliy liboslari namoyishini tomosha qilgan kishi yurtdoshlarimizning naqadar mehmondo‘st, bag‘rikeng, ahil ekanligini darxol anglaydi. Saylga kelgan mehmonlar terib qo‘yilgan milliy taomlar ko‘rgazmasini kuzatishar ekan, bezagiga, mazasiga ham baho berishdi. Shu tariqa “Milliy taomlar”, “Milliy liboslar”, “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon” ko‘rik tanlovi ham bo‘lib o‘tdi. Tanlovning har bir yo‘nalishi bo‘yicha g‘oliblar munosib taqdirlandilar.

Bayram tantanalari barcha tuman, shaharlar, mahallalarda qizg‘in davom etmoqda.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish