Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +11.5C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Yil yakuniga qadar Sirdaryoda qiymati qariyb 178 milliard so‘mlik chorvachilik loyihasi amalga oshiriladi
Bugungi kunda mamlakatimizda chorva mollari va parrandalar bosh sonini oshirish, veterinariya nazoratini kuchaytirish va veterinariya xizmatlari sifatini oshirish, hayvonlar sog‘ligini himoya qilish, epizootik osoyishtalik va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Muhtaram Prezidentimizning 2021 yil 3 martdagi “Chorvachilik tarmoqlarini davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori sohani yangi bosqichga olib chiqishda dasturilamal bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Sirdaryo tumanidagi “Sulton” naslchilik, sut va go‘sht fermer xo‘jaligida O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Baxrom Norqobilov, viloyat hokimi o‘rinbosari Avazxon Ergashev, tuman hokimi Botirjon Mirzaqulov, tijorat banklari vakillari, xududlardagi chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklari rahbarlari va fermerlar ishtirokida o‘tkazilgan seminarda mazkur qaror ijrosi muhokama qilindi.

–Oxirgi besh yilda chorvachilik sub’yektlari soni uch barobar oshdi, –deydi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi B.Norqobilov. –Ularning faoliyatini yanada rivojlantirish, sohani sifat jihatidan yaxshilash muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, tadbirda so‘zga chiqqanlar chorva mollari naslini yaxshilash, ozuqa bazasini mustahkamlash, naslchilik yo‘nalishidagi xo‘jaliklar faoliyati va chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishda yirik tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash borasida belgilangan vazifalar haqida batafsil ma’lumot berishdi.

Birgina joriy yilning o‘zida Sirdaryo viloyatida qiymati 177 milliard 760 mln so‘mlik 38 ta loyihalar amalga oshirish rejalashtirilgan. Bugungi kun holatiga ko‘ra 33 loyiha amalga oshirilib, natijada xorijiy davlatlardan 7 ming 900 bosh naslli qoramol, 1 ming 310 boshdan ortiq naslli qo‘y-echki olib kelingan.

Chorvachilik xo‘jaliklaridagi chorva mollari ozuqa bazasini mustaxkamlash maqsadida jami 14,6 ming gektar yer maydoni ajratilib, shundan, 11,3 ming gektariga beda, 3,3 ming gektariga makkajo‘xori, asosiy yer maydonlariga va g‘alladan bo‘shagan 4,8 ming gektariga oraliq ozuqabop ekinlar ekildi.

Bundan tashqari, bu yil viloyatda chorvachilik xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish uchun 2 milliard so‘m subsidiya ajratilib, tirik vaznda 33 ming 196 tonna go‘sht, sut mahsulotlari esa 168 ming 125 tonna sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarilganligi ta’kidlandi.

Seminar davomida chorvachilik, parrandachilik, qo‘ychilik, baliqchilik, naslchilik yo‘nalishlaridagi yangiliklar bilan bir qatorda mavjud muammolarni bartaraf etish borasida ham fikr almashildi.

Hududdagi tadbirkorlarning yangi loyihalarni amalga oshirish uchun kredit mablag‘lar ajratish, ozuqa-yem yetkazib berish uchun yer maydonlarini ajratib berish bo‘yicha tavsiya va takliflar berildi.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish