Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati :
eye Ko'zi ojizlar uchun
Yangiyerlik 70 nafar xotin-qizga tikuv mashinasi berildi
Aholining kam ta’minlangan, ishsiz, ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib shart-sharoit yaratish, xotin-qizlarni jamiyatdagi roli va mavqeini oshirish maqsadida dasturlar qabul qilingan. Sirdaryo viloyatida ham xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar izchil olib borilmoqda. Natijada ayollar bandligi ta’minlanib, ular ishli, hunarli bo‘lishi barobarida, jamiyatda o‘z o‘rnini topmoqda.

Viloyatning Yangiyer shahrida istiqomat qilayotgan va “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar ham berilgan imkoniyatlardan foydalanmoqda. Ular “Mahalla” xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat boshqaruvi, uning shahar bo‘limi, shahar hokimligi yordami bilan muammolariga yechim topa oldi.

– Asli Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridanman, – deydi Yangiyer shahrining T.Malik mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Lola Ochilova. –Yangiyer shahriga kelin bo‘lib tushganman. Turmush o‘rtog‘im Tojikiston Respublikasida tug‘ilib, oila a’zolari bilan birga Yangiyerda yashab qolgan. Turmush o‘rtog‘imning yurak xastaligi bor. Ishlash imkoniyati yo‘q. Ayni vaqtda men ham ishsizman. 

Yaqinda shahar hokimligi vakillari uyimizga kelib, shart-sharoitimiz, oilaviy ahvolimizni o‘rganib, meni “Ayollar daftari”ga kiritgan edi. Ko‘p o‘tmay “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan tikuv mashinasi olib berildi. Xursand bo‘ldim. Hozir tikuvchilik kursida o‘qib, ko‘rpa, yostiq jildlari, dasturxon, xotin-qizlar uchun kiyim-kechak tikish sirlarini o‘rganyapman. O‘rganganlarimdan kelib chiqib, kiyim-kechaklar tikib, pul topyapman.

Tikuvchilik sirlarini puxta o‘zlashtirib, o‘z ishimni yo‘lga qo‘ymoqchiman. Buning uchun yana ozgina sarmoya zarur. Sarmoya topa olsam, o‘z biznesimni yo‘lga qo‘yardim.
Yaqinda fondning shahar bo‘limi tomonidan, Yangiyer shahrining Bobur, T.Malik, “Shukrona”, “Binokor”, Ma’rifat” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan va Lola Ochilova kabi “Ayollar daftari”ga kiritilgan 70 nafar xotin-qizga tikuv mashinasi olib berildi.

– Xotin-qizlarimiz, ushbu tikuv mashinalari hisobiga ishli va daromadli bo‘ladigan bo‘ldi, – deydi fondning shahar bo‘limi bosh mutaxassisi Komiljon Rahmonqulov. – Fondning shahar bo‘limi xodimlari, ana shu xotin-qizlar xonadonida bo‘lib, monitoring olib bordi. Turmush sharoitlarini o‘rgandi. O‘z bizneslarini yo‘lga quyish va qo‘shimcha daromad topish istagida bo‘lganlarga tikuv mashinasi olib berildi. Qolaversa, ular uchun fondning “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi hisobidan respublikamizning diqqatga arzigulik joylariga, u yerdagi hunarmandchilik maskanlariga sayohat turizmini tashkil etdik. Kimdir tikuvchilik, kimdir bichuvchilik, yana kimdir qaysidir bir yo‘nalishda o‘z ishini tashkil etish harakatida.  

Nafaqat, Yangiyerda, Sirdaryo viloyati bo‘yicha bu kabi xayrli ishlar davom etmoqda. Ishchi guruhlari mahallama-mahalla, xonadonma-xonadon yurib, aholi muammolarini o‘rganib, imkon qadar yordam ko‘rsatmoqda. Buning hisobiga kimdir sog‘ligini tiklayotgan bo‘lsa, yana kimdir uyli, ishli bo‘layapti. Murojaatlar e’tibordan chetda qolib ketmayapti.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish