Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +27.3C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Matbuot anjumani: ichimlik suvi ta’minotida amalga oshirilayotgan islohotlar va kelgusi rejalar
Bugungi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan oqilona siyosat, qolaversa, zamon talabi har bir sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni ochiqlik va shaffoflik tamoyili asosida olib borish, kelgusiga rejalashtirilgan tadbirlarni haqqoniy va xolis tarzda keng jamoatchilikka yetkazishdir. Sirdaryo viloyati aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Sardoba tumani hamda Guliston shahri misolida tashkillashtirilgan press-tur yakuni bilan sohada viloyat miqiyosida olib borilayotgan o‘zgarish va yangiliklar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish choralari yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda viloyat hokimining o‘rinbosari A.Xojimatov, Guliston shahar hokimi T.Dadabayev, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

–Yurtimizda ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirish, aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash ijtimoiy siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, dedi viloyat hokimining o‘rinbosari A.Xojimatov. –Shuni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, iste’molchilarga toza ichimlik suvini yetkazib berish aholiga ko‘rsatilayotgan hayotiy muhim xizmatlardan biridir. Buni e’tiborga olgan holda keyingi yillar davomida ichimlik suvi ta’minoti tizimini rivojlantirish yo‘lida Muhtaram Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan g‘oyat muhim dasturlar va loyihalarni izchillik bilan ro‘yobga chiqarish, shahar va tumanlarda, shu jumladan, qishloq joylarda suv ta’minoti holatini sezilarli darajada yaxshilash yo‘lida bir necha qaror va farmonlarni imzoladilar. Bugungi kunda ushbu qilingan ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Ta’kidlanganidek, Sirdaryo viloyatida markazlashtirilgan suv ta’minoti “Zomin”, “Beshbuloq”, “Baliqchi” yer osti suv manbalaridan hamda tuman va shahar hududlaridagi alohida turgan tik quduqlar orqali iste’molchilarga ichimlik suvini yetkazib beradi. Bugungi kunda viloyatimizdagi 846,7 ming nafar aholidan 695,8 ming nafari yoki 82,2 foiz markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan, qolgan aholi alternativ ichimlik suvi manbaalari va maxsus transport vositalari orqali ichimlik suvidan foydalanadi.

Markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish bo‘yicha Sirdaryo viloyati Respublikada Toshkent shahar (98,9%) va Andijon viloyatlaridan (82,4%) keyingi 3-o‘rinda turibdi. 2016 yil boshida viloyatning markazlashtirilgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 63,1 foizni tashkil etgan. 2016 yildan 2020 yilgacha, ya’ni o‘tgan besh yil mobaynida 1,1 trln.so‘m mablag‘lar hisobidan 2,1 ming km masofada ichimlik suv tarmoqlari qurilib, tumanlarning chekka qishloqlaridagi 150 ming nafarga yaqin aholisi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlandi. E’tiborli jihati, 2010-2015 yillarda 160,0 mlrd.so‘m mablag‘lar hisobidan 0,5 ming km masofada ichimlik suv tarmoqlari yotqizilgan.

Birgina Sardoba tumanida 2016 yildan bugungi kunga qadar 233,2 mlrd.so‘m mablag‘lar hisobidan 263,4 km masofada ichimlik suvi tarmoqlari yotqizilib, ta’minlanish darajasi 66,4 foizga yetgan bo‘lsa, Oqoltin tumanida 142,9 mlrd.so‘m mablag‘lar hisobidan 230,1 km masofada ichimlik suv tarmoqlari yotqizilib, ta’minlanish darajasi 90,0 foizga, Xovos tumanida esa 236,6 mlrd.so‘m mablag‘lar hisobidan 467,0 km masofada ichimlik suv tarmoqlari yotqizilib, ta’minlanish darajasi 74 foizga qamrab olingan. Bunday ko‘rsatgichlarni yana bir necha tuman va shaharlar misolida ko‘rishimiz mumkin.

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar mavzuga oid ichimlik va oqova suv namunalarini taxlil qilish uchun laboratoriya faoliyat, loyihalarni moliyalashtirish manbaalari, istiqbolda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar kabi ko‘plab savollariga to‘liq va batafsil javob oldilar.

–Bu kabi tadbirlar asnosida har qanday sohada biror-bir natijaga erishishda qanchadan-qancha mashaqatlarni bosib o‘tilishini tushunib yetamiz, –deydi O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mas’ul xodimi D.Ismadiyorova. –Bugungi kunda toza ichimlik suvi zaxiralarining ko‘pligi jihatidan dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadigan Germaniyada 1 metr kub ichimlik suvining narxi 1,91 dollarni, Fransiya va Italiyada 1,3 dollarni, Rossiyada 1,41 dollarni tashkil etar ekan. Mamlakatimizda esa 1 metr kub uchun 2000 so‘mdan ortiq mablag‘ sarflansada, aholiga 1250 so‘mda hisob-kitob qilinadi. Bunday qulayliklarga, imtiyozlarga shukr qilib, albatta, qadriga yetishimiz kerak.

Darhaqiqat, mamlakatimizda aholini sifatli ichimlik suvidan oqilona foydalanish, uning qadr-qimmatini anglash har bir fuqaroning burchi va vazifasi bo‘lishi lozim.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish