Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +24.2C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Yangiyerda o‘tkir buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan xastalangan bemorlar uchun yangi bo‘lim ochiladi
O‘tkir buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan kasallangan bemorlar salomatligini saqlash va ularga namunali tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga quyish bugungi kunning dolzarb va kechiktirib bo‘lmaydigan masalalaridan biri.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan olib borilayotgan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, so‘ngi yillarda ushbu kasallik sabab “sun’iy buyrak” apparatiga muhtojlar soni yildan yilga ortib bormoqda.

Sirdaryoda ana shu turdagi kasallikka chalingan bemorlarga shu bugungi kungacha bitta muassasada, ya’ni viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida xizmat ko‘rsatib kelingan bo‘lsa, endi esa ushbu xizmat turi viloyatning Yangiyer shahrida ham yo‘lga qo‘yiladi.

Yil boshida mazkur muassasaga 1 million AQSH dollari qiymatidagi “sun’iy buyrak” apparati keltirilgandi. Ushbu apparatlarni o‘rnatish va ishga tushirish maqsadida muassasada alohida xona ajratildi. Ayni vaqtda u yerda qurilish, montaj ishlari amalga oshirilmoqda. 

Qurilish va montaj ishlari nihoyalagach, bir vaqtning o‘zida o‘n nafar, bir yilda 300 ming nafar bemorga xizmat ko‘rsata oladigan yangi Nefrologiya bo‘limi ish faoliyatini boshlaydi.

— Mazkur bo‘limning vazifasi nihoyatda ahamiyatli, — deydi Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Anvar O‘ralov. — Bo‘limga keltirilgan va o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan yangi apparatlarimiz xastalangan buyraklarning chiqaruvini vaqtincha o‘tab qolmay, inson organizmidagi suv-elektrolit va kislota-ishqor balansini, qon tarkibini normal saqlab, moddalar almashinuvini yaxshilanishiga, tanada turli zaharlanishlardan hosil bo‘lgan toksinlarni chiqarib tashlashga, inson umrini uzaytirishga yordam beradi. 

Qolaversa, ushbu apparatga muhtojlar soni kam emas. Ular shu bugungi kungacha Guliston shahrida davo muolajalarini olib kelishayotgan edi. Endi esa u yerga borishga hojat qolmaydi.

Yangi bo‘lim ishga tushgach, unda mahalliy mutaxassislar ishlaydi, ular Xovos, Boyovut, Sardoba tumanlari hamda Yangiyer va Shirin shahri aholisiga xizmat ko‘rsatadi. 

Ayni vaqtda shu yo‘nalishda ishlaydigan 4 nafar shifokor, 5 nafar hamshira Respublika nefrologiya va buyrak transplantasiyasi ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazida, 15 nafar o‘rta tibbiyot xodimi Sirdaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida malaka oshirmoqda.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish