Сешанба, 27 Апрель 2021, 13:07:58
Havo harorati +33.5C°
eye Ko'zi ojizlar uchun
Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
Rag‘bat va qo‘llab-quvvatlov – yuksak muvaffaqiyatlarning mustahkam poydevori
E’tibor va rag‘bat bor joyda inson o‘z oldiga qat’iy maqsadlar qo‘yib, unga erishish yo‘lida astoydil intiladi, izlanadi. Sidqidildan qilingan mehnat esa besamar ketmaydi. Hayotning bu oddiy haqiqati ko‘p bor isbotini topgan. Bunga misollar ham, dalillar ham yetarli. O‘rni kelganda, ulardan birini alohida tilga olib o‘tsak. Chunki u biz so‘z yuritmoqchi bo‘lgan mavzuga bevosita daxldor.

Velosport bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Yanina Kuskova yosh bo‘lishiga qaramasdan, bir qancha respublika va xalqaro turnirlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, velosportning shosse va trek yo‘nalishlari bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionatlari va kuboklari g‘olibi, 2019 yil Xindistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida yakkalik vaqt poygasida kumush, guruh poygasida bronza medal sohibasi, Sanpurda o‘tkazilgan velosportning trekt yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo kubogi, guruh poygasida esa oltin medalga munosib ko‘rilgan.

Kuskovaning jahon sport maydonlarida Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, uning shon-shuhratini oshirishdagi munosib hissasi e’tibor va rag‘bat topib, unga 14 ming AQSH dollari qiymatidagi velosiped sovg‘a qilinganini yaxshi eslaymiz. Ana shu rag‘bat keyinchalik qanchadan-qancha muvaffaqiyatlarga, ko‘plab quvonchli damlarga poydevor bo‘ldiki, ular misolida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash siyosatining ahamiyati, mohiyatini yanada teranroq anglab yetdik. Gʻamxo‘rlikdan ruhlangan Yanina bilim va mahoratini oshirishga harakat qildi. Shunga yarasha sportdagi natijalari ham mustahkamlanib boraverdi. 

– Sportning boshqa yo‘nalishlarida qanchalik bilmadim, lekin, velosportda sportchining mahorati bilan bir qatorda uning ulovi – velosipedi ham muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi, – deydi Yanina. – Har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik qurshovida bo‘lib, e’tirof etilish quvonchli, albatta. Ammo uning mas’uliyati undanda yuksak. Bildirilgan ishonch, berilayotgan imkoniyatlar ko‘nglimda minnatdorlik hissini uyg‘otish barobarida, kelgusida shu yurt, shu xalq uchun bor kuch va imkoniyatimni sarf etishdek maqsadimni yanada qat’iylashtirdi. 

Mamlakatimizdagi barcha izlanuvchan, bilimli va faol o‘g‘il-qizlar singari sirdaryolik Yanina Kuskova ham mustaqilligimizning 30 yilligini yutuq va natijalar bilan qarshi olmoqda.

Yanina kuni kecha Turkiyaning Kahramanmarash shahrid Rossiya, Qozog‘iston, Ukraina va boshqa ko‘plab mamlakatlardan tashrif buyurgan 30 dan ortiq sportchi ishtirokidagi xalqaro velopoygada yuqori ko‘rsatkich qayd etib — musobaqaning "Eng yaxshi yosh poygachisi" sifatida e’tirof etildi.

Bunday muvaffaqiyatlar zamirida tajribali murabbiylar va sportchimizning kechayu kunduz qilayotgan tinimsiz mehnati, xalqimiz va hurmatli ota-ona duolari, muhtaram Prezidentimizning yoshlarga qaratayotgan yuksak e’tibori mujassam, desak, har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi.

Darhaqiqat, bunday yutuqlar Yanina uchun so‘nggisi emas, yosh, izlanuvchan, tirishqoq va umidli sportchimizdan yuksak marralarni zabt etib, yangi zafarlarni qo‘lga kiritishini kutib qolamiz va albatta bunga tilakdoshmiz.

Sirdaryo raqamlarda
Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish