Sirdaryo viloyati hokimi O. SH. ASHURMATOVning
“Biz buyuk yurt farzandlarimiz!” yoshlar festivali gala-konsertida so‘zlagan nutqi
2013 yil 22 iyul Guliston sh.
“Alpomish” sport kompleksi.
Assalomu alaykum hurmatli mehmonlar!
Qadrli do‘stlar va aziz yoshlar!
Eng ulug‘, eng aziz bo‘lmish istiqlolimiz yangi tariximiz solnomasida tom ma’noda yorqin sahifa ochmoqda, xalqimizning fidokorona mehnati, bunyodkorlik salohiyati, erkin, ozod va farovon hayotimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli sifatida o‘z aksini topmoqda.
Yurtimizda o‘ziga xos yangilanishlar yuz bermoqda, katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi ertangi kun egalari, kelajagimiz poydevorlari, umid hamda ishonchi bo‘lgan yoshlarimiz uchun ekanligi shubhasizdir.
Zero, yurtimiz ravnaqi zamonaviy intelektual salohiyatga ega bo‘lgan yoshlarimiz qo‘lida, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Muhtaram Prezidentimiz Islom Abdug‘anievich Karimov aytganlaridek, “Har qaysi davlat, har qaysi millat o‘z farzandlari qiyofasida, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlod timsolida shu xalqqa xos eng go‘zal fazilatlarni namoyon etadigan, uning ezgu orzu – niyatlarini amalga oshirishda mardlik va fidoyilik ko‘rsatishga qodir bo‘lgan o‘z tayanchi va suyanchini ko‘rishi tabiiydir.”
Mamlakatimizda mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri qilib belgilandi.
Buning yorqin ifodasini yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, Kadrlar tayyorlash milliy dasturining ishlab chiqilishi, nomlari belgilangan har bir yilda qabul qilingan dasturning asosiy qismi yoshlarga oid ekanligi, bu dasturlarni izchil amalga oshirilishi, yoshlar masalasi bilan shug‘ullanadigan “Kamolot” yoshlar ijtimoiy haraqati faoliyatida ko‘rishimiz mumkin.
Bunga javoban yoshlarimiz zamonaviy intellektual bilimlarga ega bo‘lib, zamon bilan hamnafas, jahon bilan bo‘ylashadigan iqtidor egalari bo‘lib voyaga etmoqdalarki, bu ko‘ksimizni faxr va g‘ururga to‘ldiradi.
Eng muhimi, mustaqilligimizning ilk yillarida dunyoga kelgan yangi yosh avlod bugun voyaga etib, o‘zini turli jabhalarda namoyon qilib kelmoqda.
Bugungi kunda viloyatimiz aholisi 725 162 nafar bo‘lsa, shuning 475 043 nafari yoki 65 foizini yoshlar tashkil etadi. SHu raqamning o‘zi yoshlar masalasi, ularning orzu-umidlari, muammolari bilan shug‘ullanish biz uchun asosiy vazifa ekanligini ko‘rsatib turibdi.
Viloyatimizning oliy ta’lim muassasasida 3 672 nafar talaba, o‘rta – maxsus o‘quv yurtlarida 40 904 nafar, umumta’lim maktablarida 113 746 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Farzandarimiz uchun 1 ta oliy o‘quv yurti, 4 ta akademik litsey, 48 ta kasb-hunar kolleji, 302 ta maktab, 155 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 3 ta maxsus maktab-internat va 1 ta “Bolalar shaharchasi” faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yurtimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning mevasi sifatida bugun yoshlarimiz orasidan davlat mukofoti sovrindorlari, fan olimpiadalari, turli xalqaro tanlovlar, xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari, jaxon chempionlari etishib chiqmoqda.
“Navbahor” qishloq xo‘jalik kasb-hunar kollejining 2-bosqich o‘quvchisi Sarvinoz Qurbonboeva 14 karra O‘zbekiston chempioni va Birlashgan Arab Amirligida qizlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida bronza medalni qo‘lga kiritdi. Guliston pedagogika kolleji 2-bosqich o‘quvchisi Lola SHoimqulova Qozog‘istonning Kustanay shahrida shashka bo‘yicha bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida ishtirok etib 1-o‘rinni egalladi. SHirin energetika va maishiy xizmat kasb-hunar kollejining 3-bosqich o‘quvchisi Sardor Muhiddinov va 2-bosqich o‘quvchisi Abdurahmon Abdukarimovlar Janubiy Koreyaning Seul shahrida bo‘lib o‘tgan baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Osiyo chempionatidan yurtimizga bronza medali bilan qaytib kelishdi.
Mustaqillik g‘oyasi ostida o‘sib – ulg‘aygan yosh avlod vakillari o‘z iqtidor va tashabbuslari bilan viloyatimiz iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdalar. SHu o‘rinda 2012 yildan boshlangan “YOsh fermerlar harakati” qisqa vaqtning ichida o‘zining yaxshi natijalarini berganini alohida ta’kidlamoqchiman. Bugun sirdaryoliklar Feruza Jo‘raeva, Bahodir Rizqulov, Zebiniso Eshon-xonova singari yosh fermerlarning nomlarini juda yaxshi biladilar. YAna quvonchli tomoni shundaki, ularning safi kundan kunga ortib bormoqda.
Aziz yoshlar!
Uch kundan beri jonajon respublikamizning 22 yillik to‘yi arafasida viloyatimizda yuqori ko‘tarinki ruhda “Biz buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostida o‘tkazilayotgan festivalь tom ma’noda viloyat yoshlarining katta shodiyonasiga aylandi, desam xato bo‘lmaydi. U viloyatimizning chekka-chekka hudud-larida yashayotgan yoshlar orasigacha kirib bordi.
Ushbu festivalni tashkil etishdan asosiy maqsad, mamlakatimiz mustaqilligining 22 yilligini joylarda keng nishonlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularga yaratilgan shart-sharoitlarni keng targ‘ib etish hamda iste’dodli, salohiyatli yigit – qizlarni rag‘batlantirishdan iborat edi.
Festival doirasida 11 ta yo‘nalish bo‘yicha tuman va shaharlarda 36 ta ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy hamda sport tadbirlari o‘tkazildi. Ularda viloyatimizning 22 ming nafardan ziyod yigit-qizlari faol ishtirok etdilar. Tadbirlarda respublikamizning taniqli siyosat-chilari, el suygan san’atkorlari, shoir-yozuvchilar, yosh olimlar hamda sportchilar ishtirok etdilar.
Bir so‘z bilan aytganda, mazkur festival yosh avlodning mamlakati-mizdagi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy jarayonlarga munosabatlarini shakllantirish, ularni yot g‘oyalardan asrash, qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash, yoshlarning dunyoqarashi va fikrlash doirasini kengaytirish, ma’naviy barkamol shaxslar bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rinlarinitopishlarigaxizmat qilishiga ishonamiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Aziz yoshlar!
Barchangizni bugungi bayram bilan chin qalbimdan yana bir karra muborakbod etib, sizlarga ona Vatanimiz va halqimiz, muhtaram Yurtboshimiz bildirgan ishonchni oqlashingizda ulkan zafarlar tilayman, osmonimiz musaffo, yurtimiz tinch mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
E’tiboringiz uchun rahmat!